11:11 / 15.03.2019
4 009

RF xalq artisti Yuriy Stoyanov Oʻzbekistonning Rossiyadagi turizm elchisi boʻldi (foto)

RF xalq artisti Yuriy Stoyanov Oʻzbekistonning Rossiyadagi turizm elchisi boʻldi (foto)
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi
Rossiya Federatsiyasi (RF) xalq artisti va jamoat arbobi Yuriy Stoyanov Oʻzbekistonning RFdagi turizm elchisi etib tayinlandi, sertifikatni Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev topshirdi. Kun.uz nashri Qoʻmita vakillaridan olingan maʼlumotlarga asoslanib shu haqida xabar berdi.

14 mart kuni Oʻzbekistonning RFdagi elchixonasida yurtimizning turistik salohiyati taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbir Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan “Sayohatlar va turizm” nomli MITT-2019 koʻrgazmasi doirasida oʻtkazildi. Unda ikki mamlakatning yirik sayyohlik kompaniyalari rahbar va xodimlari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Rossiyadagi oʻzbek diasporasi vakillari qatnashishdi.

Tadbir Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadovning nutqi bilan boshlandi. U Oʻzbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, xizmatlarni yaxshilash va diversifikatsiyalash, turistik infratuzilmani takomillashtirish yoʻlida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida soʻz yuritdi. Shuningdek, elchi mamlakatda olib borilayotgan viza rejimini liberallashtirish, xorij fuqarolarini roʻyxatdan oʻtkazish tartibini soddalashtirish, xususiy sektorga imtiyoz va preferensiyalar berish kabi islohotlarning ahamiyatiga alohida urgʻu berdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev sayyohlik sohasidagi keng imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Uzbekistan Airways AJ marketing va tarmoqlararo rejalashtirish boʻlimi boshligʻi Azimjon Xodjayev ham oʻz yoʻnalishidagi yangiliklar bilan boʻlishdi.

Tadbir doirasida RF xalq artisti Yuriy Stoyanovning Oʻzbekistonning Rossiyadagi turizm elchisi etib tayinlanishi muhim ahamiyat kasb etdi. Yangi turizm elchisi RFda Oʻzbekistonning turistik brendi targʻibotini olib borish bilan shugʻullanadi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi
Yuriy Stoyanov fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston xalqiga chuqur minnatdorchilik bildirdi, zero urush yillari uning oila aʼzolari va koʻplab vatandoshlariga aynan oʻzbek oilalari yordam qoʻlini choʻzishgan.

“Mening onam evakuatsiya yillari aynan Toshkentdan qoʻnim topgan. Uni oʻsha yerda boqib, voyaga yetkazib, keyin ittifoqqa qaytarishgan. Onamning hikoyalari ushbu mehr-muhabbatli va sodda insonlarga nisbatan minnatdorlik hissi va ehtiromga toʻla edi. Mening oʻzim ham bir necha marta Oʻzbekistonda boʻlganman va aytmoqchi boʻlganim - u yerga mehmonga emas, doʻstlarning oldiga borgandek borish kerak. Ularning hatto salomlashgandagi imo-ishoralari ham har bir mehmonga boʻlgan samimiy munosabat namoyishidir”, - deydi Stoyanov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » RF xalq artisti Yuriy Stoyanov Oʻzbekistonning Rossiyadagi turizm elchisi boʻldi (foto)