12:16 / 30.03.2019
3 114

Aksiyadorlik jamiyatlari toʻgʻrisidagi qonunga qoʻshimchalar kiritildi

Aksiyadorlik jamiyatlari toʻgʻrisidagi qonunga qoʻshimchalar kiritildi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.

Birinchidan, AJda chet ellik investorlarning ulushi (kamida 15%) boʻlishi lozimligi haqidagi talab bekor qilindi.

Ikkinchidan, jamiyat aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan, haqi pul mablagʻlari bilan toʻlanadigan emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni joylashtirganda ovoz beruvchi aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlar ularni imtiyozli ravishda olish huquqiga ega. Ilgari aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi ovoz beruvchi aksiyalar egalarining koʻpchilik ovozi bilan bir yildan ortiq boʻlmagan muddatda ushbu imtiyozli huquqni qoʻllamaslik toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin edi. Ushbu norma ham chiqarib tashlandi.

Uchinchidan, majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazish uchun auditorlik tashkilotini belgilash, uning xizmatlariga toʻlanadigan eng koʻp haq miqdori va u bilan shartnoma tuzish (uni bekor qilish) toʻgʻrisida endi aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tomonidan qaror qabul qilinadi. Kuzatuv kengashi faqat tashabbus tarzida oʻtkaziladigan auditorlik tekshiruvlari qismida ushbu vakolatni saqlab qoldi.

Toʻrtinchidan, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida axborot berish tartibiga tuzatish kiritildi. Endi bu haqdagi xabarni Korporativ axborotning yagona portalida ham eʼlon qilish zarur. Umumiy yigʻilish oʻtkaziladigan sanadan kamida 21 kundan (ilgari – 7 kundan) kechiktirmay xabar berilishi kerak.

Beshinchidan, aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varagʻiga kiritilgan AJga nisbatan qoʻshimcha talablar belgilandi:

a) faqat kuzatuv kengashining aʼzolaridan tarkib topgan audit qoʻmitasi tashkil etilishi shart. Jamiyatning ichki audit xizmati (u mavjud boʻlsa) oʻz faoliyatida ushbu qoʻmitaga hisobdordir;

b) kuzatuv kengashida kamida bir nafar mustaqil, har yili qayta saylanadigan aʼzo boʻlishi kerak;

Maʼlumot uchun: quyidagi shaxs kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi deb eʼtirof etiladi:
  • soʻnggi uch yil mobaynida jamiyatda va (yoki) uning affillangan shaxslarida ishlamagan;
  • jamiyatning aksiyadori va (yoki) uning affillangan shaxsining taʼsischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) boʻlmagan;
  • jamiyatning va (yoki) uning affillangan shaxsining yirik mijozi va (yoki) yirik yetkazib beruvchisi (yaʼni ular bilan EKIHning 2 000 baravaridan koʻp boʻlgan summaga teng amaldagi shartnoma mavjud boʻlgan shaxslar) bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda boʻlmagan;
  • jamiyat va (yoki) uning affillangan shaxslari bilan biror-bir kelishuvga ega boʻlmagan, bundan kuzatuv kengashi aʼzosining vazifalari va funksiyalari bajarilishini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan hollar mustasno;
  • jamiyatning boshqaruv va ichki nazorat organlarining va (yoki) uning affillangan shaxslarining aʼzosi boʻlgan shaxsning yoki soʻnggi uch yil ichida ularga aʼzo boʻlgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi (farzandlikka oluvchisi), farzandi (farzandlikka olingan bolasi), tugʻishgan va oʻgay akasi (ukasi) hamda opasi (singlisi) boʻlmagan;
  • davlat boshqaruvi organining yoki davlat korxonasining xodimi boʻlmagan.

v) Korporativ axborotning yagona portalida va jamiyatning rasmiy veb-saytida boshqa yuridik shaxslarning 5 va undan ortiq foiz aksiyalariga (ulushlariga, paylariga) egalik qilish toʻgʻrisidagi axborotni eʼlon qilish shart. Axborot aksiyalar (ulushlar, paylar) olingan paytdan eʼtiboran 72 soat ichida eʼlon qilinishi kerak.

Oltinchidan, sud jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzosini, direktorini yoki boshqaruvi aʼzosini jamiyatga mulkiy zarar yetkazganlikda aybdor deb topgan taqdirda, uning vakolatlari sudning qaroriga koʻra, ularning xoʻjalik jamiyatlarida rahbarlik lavozimini egallashi taqiqlangan holda, 1 yildan kam boʻlmagan muddatga tugatilishi mumkin.

Koʻrsatilgan shaxslar, shuningdek ishonchli boshqaruvchi jamiyatga chalgʻituvchi axborot yoki bila turib yolgʻon axborot taqdim etganligi yoxud oʻzlari yoki oʻz affillangan shaxslari tomonidan foyda (daromad) olish maqsadida yirik bitim tuzishni va (yoki) yirik bitim tuzish va (yoki) affillangan shaxslar bilan bitimlar tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilishni taklif etganligi natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.

Yettinchidan, aksiyadorlar yirik bitimni yoki affillangan shaxs bilan tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasini sudda koʻrib chiqish chogʻida jamiyatdan va guvohlardan sud tomonidan koʻrib chiqilayotgan ishga taalluqli boʻlishi mumkin boʻlgan barcha hujjatlarni olishga haqli, bundan davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirini tashkil etuvchi hujjatlar mustasno.

Qonunga ustav fondining eng kam miqdorini undan chiqarib tashlash bilan bogʻliq bir qator tuzatishlar ham kiritildi.
Qonun 21.03.2019 yildan kuchga kirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Aksiyadorlik jamiyatlari toʻgʻrisidagi qonunga qoʻshimchalar kiritildi