09:50 / 01.05.2019
2 897

O‘zbekiston Senatining 19-yalpi majlisida qanday qonunlar ko‘rib chiqiladi?

O‘zbekiston Senatining 19-yalpi majlisida qanday qonunlar ko‘rib chiqiladi?
Foto: «Xalq so‘zi»
Joriy yilning 3 may kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda «Xalq so‘zi» xabar berdi.
Unda mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyotiga oid bir nechta qonunlar ko‘rib chiqilishi bilan birga, jamiyat hayotidagi muhim yo‘nalishlar yuzasidan mas’ullarning hisobotlari eshitilishi ham nazarda tutilmoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish — mamlakat iqlimiga mos

Yolqin Kabulniyazov, Oliy Majlis Senati a’zosi:
«Parlament yuqori palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilishi kutilayotgan ‘Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida’gi qonun O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetikani taraqqiy ettirishga xizmat qilishi barobarida, sohadagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, innovatsiyalar va ilmiy amaliyotning yorqin natijalari, ishlanmalarni jadallik bilan ishlab chiqarishga joriy etishga zamin hozirlaydi. Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energetika chekka, tog‘li va uzoq hududlarning energiya ta’minotida iqtisodiy asoslangan yagona energiya manbai bo‘lib xizmat qiladi. Yurtimizning iqlim sharoitida shamol, quyosh resurslari, kichik gidroenergetika, biomassa va geotermal energiyadan foydalanish va faol o‘zlashtirish kelgusi avlodlar uchun tabiiy boyliklarni saqlab qolish, ekologiyani yaxshilashning muhim sharti sanaladi».

Investorlarga yana bir qulaylik

Mavluda Imomova, Oliy Majlis Senati a’zosi:
«Kun tartibiga ‘Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida’gi qonun ham kiritilgan. Ushbu hujjat xususiy mulkni yanada rivojlantirish, ayni paytda foydalanilmayotgan yer uchastkalarini fuqarolik aylanmasiga jalb qilish orqali xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning investitsiya imkoniyatlarini kengaytirish va uning samarali ishlatilishini ta’minlashga qaratilgan. Hujjat asosida yer uchastkalarini xususiylashtirish prinsiplari o‘rnatiladi va xususiylashtirilmaydigan ob’ektlar ro‘yxati tuziladi. Ya’ni yer uchastkalariga xususiy mulk huquqini tugatish hamda yer uchastkalariga tegishli ko‘chmas mulk ob’ektlarini olib qo‘yishning alohida holatlari nazarda tutilgan. Shuningdek, mulk egasiga yetkazilgan zararlarning bozor qiymatida qoplanishi kafolatlanadi».

Yangi konvensiyaga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga nima beradi?

Tohir Bahronov, Oliy Majlis Senati a’zosi:
«Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqida»gi konvensiya 2001 yil 22 mayda Stokgolmda qabul qilingan va 2004 yildan e’tiboran kuchga kirgan. Hozirgi kunda 182 ta mamlakat konvensiya ishtirokchilari hisoblanadi. Konvensiya majburiy xarakterga ega bo‘lib, aholi salomatligi va atrof-muhitni turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalardan muhofaza qilish maqsadida ularni keskin qisqartirish hamda tashlanmalarini to‘xtatishga qaratilgan. Dastlab hujjatda odam organizmi va ekotizimlarda qaytmas o‘zgarishlar chaqiruvchi 12 ta xavfli birikma belgilangan bo‘lsa, keyingi to‘ldirishlarni hisobga olgan holda 26 ta moddani ishlab chiqish hamda foydalanishni cheklash yoki taqiqlashga yo‘naltirilgan».

«Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasini (2001 yil 22 may, Stokgolm) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi va Konvensiyaga a’zolik O‘zbekistonga tabiat muhofazasi bilan bog‘liq masalalarda bir necha imkoniyatlar hamda imtiyozlar, amaliy yordam olish imkonini beradi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston Senatining 19-yalpi majlisida qanday qonunlar ko‘rib chiqiladi?