09:34 / 15.05.2019
4 060

Shavkat Mirziyoyev aholini tadbirkorlikka jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni ma’lum qildi

Shavkat Mirziyoyev aholini tadbirkorlikka jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni ma’lum qildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Qayd etilishicha, keyingi yillarda respublikada tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, soliq tizimi tubdan isloh qilindi, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshirishlar bekor qilindi.

2019 yilning I choragi yakunlari bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga 16,4 trillion so‘m hajmda kreditlar ajratildi, iqtisodiyotda investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmlari 1,3 baravarga, yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 2,3 baravarga o‘sdi.

Shu bilan birga, tahlil hozirgi vaqtda aholini tadbirkorlik faoliyatiga kengroq va faol jalb etishga to‘sqinlik qiluvchi, birinchi navbatda davlat organlarining tadbirkorlar bilan muloqot qilishning amaliy va shaffof tizimi mavjud emasligi bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha salbiy omillar saqlanayotganligini ko‘rsatadi. Xususan:

birinchidan, tadbirkorlarni qabul qilish va murojaatlarini ko‘rib chiqishning yagona tizimi mavjud emas, bu esa yuzaga kelayotgan masalalarni to‘liq qamrab olish va tezkorlik bilan hal etish imkonini bermayapti, tadbirkorlarning muammolari va murojaatlarini hal etishga yuzaki munosabatda bo‘lish holatlari mavjud;

ikkinchidan, mavjud tizimli muammolarni tahlil qilish bo‘yicha ishlarning samarali amalga oshirilmasligi aholining tadbirkorlik faolligini oshirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash masalalarini sifatli hal qilish imkonini bermayapti;

uchinchidan, tadbirkorlikni rivojlantirishga va qulay investitsiya muhitini shakllantirishga to‘sqinlik qiluvchi muhim muammolarni aniqlash va hal etish bo‘yicha vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning ta’sirchan mexanizmi mavjud emas;

to‘rtinchidan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari tomonidan tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilishga, shuningdek, ularning qonuniy talablarini aniqlash va tezkorlik bilan hal qilishga hamda muammolarni bartaraf etishga yetarlicha e’tibor berilmayapti;

beshinchidan, tadbirkorlarning murojaatlari bilan ishlashda,ayniqsa, joylarda byurokratik to‘siqlar va g‘ovlar uchrab turibdi, “Har bir oila – tadbirkor”dasturi va tadbirkorlarning kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashabbuslarini o‘z vaqtida amalga oshirish,ushbu jarayonga yoshlar va xotin-qizlarni jalb qilish, barqaror yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turli toifalarining moddiy farovonligini oshirish barcha darajadagi hokimliklar va ularning rahbarlari tomonidan zarur darajada qo‘llab-quvvatlanmayapti.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev aholini tadbirkorlikka jalb etishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni ma’lum qildi