13:55 / 23.05.2019
3 868

IIV xorijga ketayotganlarga pasport bo‘yicha eslatma bilan chiqdi

IIV xorijga ketayotganlarga pasport bo‘yicha eslatma bilan chiqdi
Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish chog‘ida fuqarolar doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joylardagi ma’lumotlarni yig‘ish punktlariga qator hujjatlarni taqdim etadilar, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi.

Ushbu hujjatlar:

- belgilangan shakldagi ariza-anketa;
- biometrik pasport yoki ID-karta yoxud 16 yoshga to‘lmagan fuqarolar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
- ilgari berilgan xorijga chiqish biometrik pasporti (mavjud bo‘lgan taqdirda);
- vakolatli organning qarori (xorijga chiqish biometrik pasporti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida);
- harbiy guvohnomaning yoki chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi haqidagi guvohnomaning nusxasi yoxud mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limining ma’lumotnomasi harbiy xizmatga majburlar uchun;
- davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya;
- ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning fuqaroning xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi – voyaga yetmaganlar uchun;
- fuqaroga hamrohlik qiluvchi shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyati – voyaga yetmaganlar uchun.

15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ota-onalar, vasiylarning voyaga yetmagan shaxs mustaqil ravishda xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lgan taqdirda xorijga kuzatuvchisiz chiqishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining voyaga yetmagan fuqarosiga xorijga chiqish uchun biometrik pasportni rasmiylashtirish chog‘ida quyidagi holatlarda ota-onalardan birining roziligi talab qilinmaydi:

- ota-onaning biri vafot etganligi (vafot etganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning ko‘chirma nusxasi taqdim etilgan taqdirda);
- fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan berilgan yolg‘iz onaning ma’lumotnomasi mavjud bo‘lganida;
- agar bolaning ota-onasidan biri xorijiy fuqaro bo‘lsa;
- ota-onadan biri sud tomonidan ota-onalik huquqlaridan mahrum qilingan bo‘lsa (sud qarorining ko‘chirma nusxasi taqdim etilgan taqdirda);
- ota-onadan biri sud tomonidan bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa (sud qarorining ko‘chirma nusxasi taqdim etilgan taqdirda);
- agar ota-onaning biri O‘zbekiston Respublikasi hududidan o‘chirilgan va xorijda doimiy yashayotgan bo‘lsa.

Ushbu masala yuzasidan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida chiqqan har qanday nizolar sud tartibida hal qilinadi.

Ota-onaning biri o‘z bolasining xorijga chiqishiga rozi bo‘lmagan taqdirda, uning xorijga chiqish huquqini cheklash uchun sudga murojaat qilish huquqiga ega.

16 yoshga to‘lmagan shaxslar nomidan ularning ota-onalari, vasiylari ushbu shaxslarni xorijga yuborayotgan tashkilotlarning vakillari tegishli iltimosnomalar bilan murojaat qiladilar.

O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijga chiqish uchun biometrik pasport ma’lumotlarni yig‘ish punkti tomonidan hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab o‘n ish kunida rasmiylashtirib beriladi.

Xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun to‘lanadigan davlat bojlari:

- 16 yoshga to‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eng kam oylik ish haqining - 80% miqdorida,
- 16 yoshdan katta O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eng kam oylik ish haqining - 120% miqdorida,
- fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun eng kam oylik ish haqining - 100% miqdorida,
- to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan shaxslar davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF–5156-son Farmoniga muvofiq,

- fuqarolar, 2021 yilning 1 yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlar hududiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qo‘llanilayotgan biometrik pasportidan foydalangan holda O‘zbekiston Respublikasidan chiqishlari;

- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlar hududiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amalda qo‘llanilayotgan biometrik pasportidan foydalangan holda, undagi ruxsat yozuvi stikerining amal qilish muddati tugagunga qadar O‘zbekiston Respublikasidan chiqishlari;

- O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan davlatlarda bo‘lish va ushbu davlatlar o‘rtasida harakatlanishda pasportning amal qilish muddati tugagunicha haqiqiy hisoblanishi;

- O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan davlatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan boshqa davlatlarda bo‘lish va harakatlanish uchun pasportning amal qilish muddati tugagunicha haqiqiy hisoblanishi mumkinligi belgilangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » IIV xorijga ketayotganlarga pasport bo‘yicha eslatma bilan chiqdi