13:50 / 29.05.2019
3 092

Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlarga jazo kuchaytirildi

Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlarga jazo kuchaytirildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi. Hujjat matni “Xalq so‘zi online” tomonidan e’lon qilindi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2012–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar kiritildi:

202-moddaning matni (Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«Ov qilish va baliq ovlash yoki hayvonot dunyosining boshqa turlarini tutish qoidalarini buzish, kamyob va yo‘qolib borayotgan hayvon turlarini tutishning yoxud yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning dorivor, ozuqaviy va manzarali (dekorativ) turlarini yig‘ish yoki tayyorlashning belgilangan tartibini yoki shartlarini, xuddi shuningdek muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish ancha miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa, –

eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

O‘sha qilmishlar:

a) ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, –
eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan to‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmishlar:

a) xavfli retsidivist tomonidan;
b) shaxsning o‘z xizmat mavqeidan foydalanib;
v) yerda, suvda yoki havoda ishlatiladigan mexanizatsiyalashtirilgan vositalardan foydalanib;
g) taqiqlangan qurollarni yoki vositalarni qo‘llagan holda;
d) uyushgan guruh tomonidan;
ye) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;
j) O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan hayvonot yoki o‘simlik dunyosi turlarini nobud qilgan holda sodir etilgan bo‘lsa, –
eng kam oylik ish haqining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni uch karra miqdorda, O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib borayotgan hayvonot hamda o‘simlik dunyosi turlariga nisbatan yetkazilgan zararning o‘rni esa besh karra miqdorda qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi».

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzganlarga jazo kuchaytirildi