14:46 / 30.05.2019
2 769

Shavkat Mirziyoyev Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi

Shavkat Mirziyoyev Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri Dmitriy Medvedevni qabul qildi. Bu haqda Rossiya hukumati saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, uchrashuv Dmitriy Medvedevning O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan.


O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda oliy darajadagi muntazam va samarali muloqot, Rossiya prezidentining o‘tgan yil oktyabr oyida mamlakatimizga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning birgalikda amalga oshirilishi ko‘p qirrali O‘zbekiston-Rossiya aloqalarini kengaytirishga, amaliy hamkorlikni aniq dastur va loyihalar bilan boyitishga xizmat qilgani ta’kidlandi.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish hamda turli iqtisodiy tarmoqlardagi ustuvor investitsiya loyihalarini jadallashtirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

“Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha strategik loyihani o‘z vaqtida va sifatli tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Savdo aloqalari va ishlab chiqarish kooperatsiyasini yanada faol rivojlantirish uchun mamlakatlarimiz hududlarining salohiyatini samarali ro‘yobga chiqarish muhim ekani ta’kidlandi. Hududlar ma’muriyati va ishbilarmon doiralar darajasida almashinuvlarni faollashtirishga kelishib olindi.

Shuningdek, ilmiy-texnik va gumanitar hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Bugun Urganch shahrida bo‘lib o‘tadigan Qo‘shma komissiya birinchi majlisi bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rishda muhim bosqich bo‘lishi hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab olishga xizmat qilishi qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi uzoq muddatli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama rivojlantirish, keng ko‘lamli amaliy hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekani va bu boradagi intilish qat’iyligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, O‘zA xabariga ko‘ra, Dmitriy Medvedev boshchiligidagi delegatsiya 30 may kuni Xorazm viloyatiga ham yetib kelgan.

Urganch xalqaro aeroportida yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov kutib olgan.

Rossiya Federatsiyasi hukumati raisi Urganch shahrida hukumat rahbarlari darajasidagi O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma komissiyasining birinchi yig‘ilishida ishtirok etadi.

Mazkur tadbir ikki tomonlama hamkorlikning yangi shakli bo‘lib, unda ikki mamlakat hukumatlari rahbarlari tomonidan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining 24 aprelda bo‘lib o‘tgan yigirmanchi yig‘ilishi yakunlari sarhisob qilinadi va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari va ularning tarkibini amaliy jihatdan boyitish masalalari muhokama qilinadi.

Yig‘ilish yakunida qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Dmitriy Medvedev bilan uchrashdi