10:02 / 03.07.2019
3 641

Shavkat Mirziyoyev «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e’lon qilingan.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 16 aprelda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 21 iyunda ma’qullangan.

Qonunning maqsadi shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonunning amal qilishi shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish chog‘ida qo‘llaniladigan ishlov berish vositalaridan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan qat’i nazar yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu Qonunning amal qilishi:
- jismoniy shaxs tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarga shaxsiy, maishiy maqsadlarda va o‘z kasbiy yoki tijorat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan holda ishlov berish;
- Milliy arxiv fondi hujjatlarini va shaxsga doir ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan boshqa arxiv hujjatlarini shakllantirish, saqlash va ulardan foydalanish;
- davlat sirlarini tashkil etadigan ma’lumotlar jumlasiga kiritilgan shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish;
- tezkor-qidiruv, razvedka va kontrrazvedka faoliyati, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquq-tartibotni saqlash jarayonida, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish doirasida olingan shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
- inson va fuqaroning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etish;
- shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish maqsadlari va usullarining qonuniyligi;
- shaxsga doir ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligi;
- shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi va himoya qilinganligi;
- sub’ektlar, mulkdorlar va operatorlar huquqlarining tengligi;
- shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligi.

Shaxsga doir ma’lumotlar sohasini davlat tomonidan tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
- shaxsga doir ma’lumotlar sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
- shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi;
- Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrini yuritish tartibini belgilaydi;
- shaxsga doir ma’lumotlar bazalarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini tasdiqlaydi;
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga asosan:

shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilayotganda ushbu ma’lumotlarning xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlarga qarab, ularning himoya qilinganlik darajasini;

shaxsga doir ma’lumotlar himoyasini ta’minlashga oid bo‘lgan, bajarilishi shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish chog‘ida ularning belgilangan himoya qilinganlik darajasini ta’minlaydigan talablarni;

biometrik va genetik ma’lumotlar mavjud bo‘lgan moddiy jismlarga hamda bunday ma’lumotlarni shaxsga doir ma’lumotlardan tashqarida saqlash texnologiyalariga oid talablarni belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi vakolatli davlat organidir.

Vakolatli davlat organi:
- shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
- shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
- Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning namunaviy tartibini tasdiqlaydi;
- Mulkdorning va (yoki) operatorning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilishini hamda ularning himoya qilinishini ta’minlovchi tuzilmaviy bo‘linmasi yoki vakolatli shaxsi faoliyatini tashkil etishning namunaviy tartibini tasdiqlaydi;
- Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrini yuritadi;
- shaxsga doir ma’lumotlar bazasi Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma beradi;
- shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan o‘z vakolatlari doirasida davlat nazoratini amalga oshiradi;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir ma’lumotlar sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
- davlat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi vakolatli davlat organlariga ularning faoliyati sohasiga nisbatan qo‘llaniladigan belgilangan ma’lumotlarni yuboradi;
- shaxsga doir ma’lumotlarning zarur himoya qilinganlik darajasini belgilaydi;
- ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlarning hajmi va mazmunini, faoliyat turini, shaxsga doir ma’lumotlar xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlarning haqiqiyligini tahlil qiladi;
- shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishlarini bartaraf qilish haqida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritadi;
- chet davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlar bilan shaxsga doir ma’lumotlar sohasida hamkorlikni amalga oshiradi.

Shaxsga doir ma’lumotlar bazasi mulkdor va (yoki) operator, shuningdek uchinchi shaxs tomonidan amalga oshiriladigan vazifalarni bajarish uchun zarur hamda yetarli bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish yo‘li bilan shakllantiriladi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish tartibi va prinsiplari mulkdor va (yoki) operator tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish chog‘ida ilgari bildirilgan maqsadlar talab etadigan darajada sub’ektni identifikatsiya qilish imkonini beradigan shaklda amalga oshiriladi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni saqlash muddati ularni yig‘ish va ularga ishlov berish maqsadiga erishish sanasi bilan belgilanadi.

Shaxsga doir ma’lumotlarni o‘zgartirish va to‘ldirish sub’ektning murojaati asosida, ushbu murojaat berilgan paytdan e’tiboran uch kunlik muddatdan kechiktirmay mulkdor va (yoki) operator tomonidan amalga oshiriladi.

Haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan shaxsga doir ma’lumotlarni o‘zgartirish va to‘ldirish bunday nomuvofiqlik aniqlangan paytdan e’tiboran darhol amalga oshiriladi.

Mulkdorning, operatorning va uchinchi shaxsning faoliyati maqsadlarini amalga oshirishga qaratilgan shaxsga doir ma’lumotlar bilan harakatlar shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishdir.

Mulkdor, operator va uchinchi shaxs tomonidan shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish bu ma’lumotlarning zarur darajada himoya qilinishini ta’minlash sharti bilan faqat ushbu shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish bo‘yicha ilgari bildirilgan maqsadlar uchun amalga oshiriladi.

Mulkdor va (yoki) operatorning, shuningdek uchinchi shaxsning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlari tomonidan shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish faqat ularning o‘z kasbiy, xizmat yoki mehnat majburiyatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

Mulkdor va (yoki) operatorning, shuningdek uchinchi shaxsning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish bilan bog‘liq bo‘lgan xodimlari o‘ziga ishonib topshirilgan yoki kasbiy, xizmat yoxud mehnat majburiyatlarini bajarishi sababli ma’lum bo‘lib qolgan shaxsga doir ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Shaxsga doir ma’lumotlarni muayyan shaxsga oshkor etishga qaratilgan harakatlar shaxsga doir ma’lumotlarni berish hisoblanadi.
Shaxsga doir ma’lumotlarni davlat boshqaruvi organlariga berish bepul asosda amalga oshiriladi.
Sub’ekt o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini berishni rad qilgan taqdirda, o‘zining rad qilishi sabablarini ko‘rsatmaslik huquqiga ega.

Shaxsga doir ma’lumotlarni nomuayyan doiradagi shaxslarga oshkor etishga, shu jumladan shaxsga doir ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalarida hammaga ma’lum qilishga, Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirishga yoki shaxsga doir ma’lumotlardan biror-bir boshqa usul bilan foydalanish imkonini berishga qaratilgan harakatlar shaxsga doir ma’lumotlarni tarqatishdir.

Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ishning ilgari bildirilgan maqsadlaridan chetga chiqilgan hollarda, ushbu ma’lumotlarni tarqatish sub’ektning roziligi bilan amalga oshiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi