12:37 / 24.01.2020
2 428

Prezident: «Bu jiddiy masalada xalqimizning xohish-irodasiga tayanamiz»

Prezident: «Bu jiddiy masalada xalqimizning xohish-irodasiga tayanamiz»
Prezident parlamentga murojaatnomasida Shavkat Mirziyoyev 2020 yil va keyingi yillarda iqtisodiyot sohasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dasturiy va maqsadli vazifalarga ko‘rsatib o‘tdi. Prezident nutqida yana bir bor Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi haqida gapirib, gap a’zolik emas, hamkorlik haqida ketayotganini ta’kidladi.

«Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Aholi daromadlarini oshirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun bizga yangi-yangi bozorlar kerak.

Buning uchun bozor iqtisodiyoti va davr talablariga mos ko‘plab qonun va qarorlarni qabul qilyapmiz. Lekin, afsuski, ularni ijro qiladigan ko‘pgina amaldorlar hali ham eskicha ish uslubi, rasmiyatchilik va befarqlikdan qutulgani yo‘q.

Ochiq bozor – mahsulot sifatini oshirish, tannarxni pasaytirish, yangi texnologiyalar olib kelishga majbur qiladi, bozor islohotlarini jadal rivojlantiradi. Sodda qilib aytsak, jahon ishlab chiqarish zanjirlariga, dunyo bozori talablariga va iqtisodiy integratsiya jarayonlariga hamohang bo‘lishimiz lozim.

Muloqot va raqobatga tayyor bo‘lish uchun tarmoq rahbarlari o‘z ustida tinimsiz ishlashi shart. Mana, nima uchun bizga iqtisodiy integratsiya kerak!

Bizning tashqi savdoga chiqadigan yuklarimizning 80 foizi Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va Rossiyaning tranzit yo‘laklari orqali o‘tadi.
Shuningdek, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, ayrim tovarlar bo‘yicha esa 80 foizi Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ana shu omillarni inobatga olib hamda Rossiya va Qozog‘istonga ishlash uchun borgan fuqarolarimizga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida, bugungi kunda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish bilan bog‘liq masalalar o‘rganilmoqda.
Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish-irodasiga tayanamiz.

Shuning uchun xalq vakillari bo‘lgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, o‘z zimmalariga mas’uliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak.

Vazirlar Mahkamasi ushbu yo‘nalishdagi tahliliy va kompleks baholash ishlarini yakunlab, tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga taqdim etsin.

Shu bilan birga, biz Jahon savdo tashkiloti bilan boshlangan muloqotimizni, hamda Yevropa Ittifoqi bilan Hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi yangi bitimni tuzish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiramiz. Shuningdek, biz boshqa xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlardagi ishtirokimizni, yanada kuchaytiramiz
», dedi prezident.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident: «Bu jiddiy masalada xalqimizning xohish-irodasiga tayanamiz»