16:23 / 03.04.2020
3 048

O‘zbekiston AQSHdan u bilan savdoni cheklovchi taqiqini olib tashlashni so‘radi

O‘zbekiston AQSHdan u bilan savdoni cheklovchi taqiqini olib tashlashni so‘radi
O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 27 mart kuni AQSH rasmiy doiralari va biznes-uyushmalari O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi va global inqirozning iqtisodiy sohalarga ta’sirini yumshatish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan choralar muhokamasiga bag‘ishlangan videokonferensiya o‘tkazildi, deb xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.

Shuningdek, respublikaning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi, shu jumladan, Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishi, mamlakatda iqtisodiy shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyani bartaraf etish masalalari ham muhokama qilingan.

Xususan, O‘zbekiston hukumati JSTga a’zo davlatlar bilan muzokaralarda imtiyozlarga ega bo‘lish uchun O‘zbekistonga rivojlanayotgan iqtisodiyot maqomini berishni, shuningdek, mamlakatni «Jekson-Venik» tuzatishlarining ta’sirchan choralari ro‘yxatidan chiqarishni so‘ragan.

Qayd etilishicha, «Jekson-Venik» tuzatishlari JSTning savdoda mumkin qadar qulaylik berish rejimini ta’minlash borasidagi fundamental qoidalariga ziddir.

Videokonferensiyada bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov, shuningdek, ITSV rahbariyati, TIV va unga qarashli vazirlik va idoralar ishtirok etgan. AQSH tomonidan esa Savdo vazirligi vakillari, Savdo vakillik idorasi (USTR), AQSH davlat departamenti, Amerika—O‘zbekiston savdo palatasi va uning a’zolari bo‘lgan Valmont, Procter&Gamble, CNH Industrial, ExxonMobil, Coca-Cola, General Motors kompaniyalari va boshqalar ishtirok etgan.

Ma’lumot uchun, «Jekson-Venik» tuzatishlari AQSHning 1974 yili qabul qilingan «Savdo to‘g‘risida»gi qonuniga kiritilgan o‘zgarishlardir. Qonunga tuzatish kiritgan mualliflar — kongressmenlar Genri Jekson va Charlz Venik fuqarolarning emigratsiyasiga to‘sqinlik qilayotgan, inson huquqlarini poymol etuvchi davlatlarga nisbatan iqtisodiy bosimni taklif qilgan. Ularning fikricha, AQSH shunday davlatlar bilan munosabatlarda savdo imtiyozlari, davlat va uning kafilligidagi kreditlarni ajratishni taqiqlashi lozim.

Ayni paytda bu qonunning ta’sirchan choralari ro‘yxatiga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tojikiston va Belarus kiritilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston AQSHdan u bilan savdoni cheklovchi taqiqini olib tashlashni so‘radi