20:30 / 03.04.2020
3 641

Prezident tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi farmonga imzo chekdi

Prezident tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi farmonga imzo chekdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Prezident yana bir bor xalqqa murojaat qildi, shuningdek, tadbirkorlar uchun yengilliklar haqida ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, iqtisodiyot va tadbirkorlarni faol qo‘llab-quvvatlash uchun yana bir muhim farmon imzolangan.
«Pandemiyani to‘xtatish uchun butun dunyo xalqlari qatori biz ham jiddiy izlanishdamiz. Odamlarimiz daromadlari kamayib ketmasligi uchun, korxonalarimiz barqaror ishlashi uchun barcha rejalarni ko‘rayapmiz.

19 mart kuni pandemiyaning iqtisodiyotimizga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida farmon qabul qilgan edim. Hukumat va mahalliy hokimliklar joylarda bu chora-tadbirlarning ijrosini ta’minlamoqda.

Men bugun mana shunday qiyin vaziyatda iqtisodiyotimizni, tadbirkorlarni faol qo‘llab-quvvatlash uchun yana bir muhim farmonga imzo chekdim. Qanchalik murakkab bo‘lmasin, budjetdan katta xarajatlarni talab etmasin, qo‘shimcha choralarni ko‘rishga qaror qildim.

Ushbu farmonga ko‘ra:

Birinchidan, turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etiladi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. Ushbu imtiyozdan sohada xizmat ko‘rsatayotgan mingdan ortiq sub’ektlar foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ikkinchidan, karantin davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatiladi. Ushbu imtiyoz qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorga katta ko‘mak bo‘ladi.

Uchinchidan, tushumi o‘tgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes sub’ektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mulk solig‘i, ijtimoiy soliq va suv solig‘ini to‘lash muddati shu yil 1 oktabrga qadar kechiktiriladi. Tadbirkorlar bu imtiyozlardan soliq idorasini uydan turib xabardor qilishi mumkin.

To‘rtinchidan, joriy yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxslarning tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov majburiyati amaldagi 100 foizdan 30 foizga tushiriladi.

Beshinchidan, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan yordam berish ko‘lami yanada kengaytiriladi.
Hozirgi kunda tadbirkor olgan kredit stavkasi 24 foizgacha bo‘lganda uning 8 foizini jamg‘arma qoplab berar edi. Endi kredit stavkasi 28 foizgacha bo‘lganda ham uning 12 foizini davlat qoplaydi.

Buning uchun tadbirkorlarning 3 trillion so‘mlik kreditlari foizini qoplashga jamg‘armadan qo‘shimcha 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Jamg‘arma bir tadbirkorning faqatgina bitta loyihasiga kafillik berishi bo‘yicha cheklov ham endi bekor qilinadi.

Intizomli va ishonchli tadbirkorlarga kreditning 75 foiziga jamg‘arma kafillik beradi (bugungi kunda 50 foiz). Kafillik summasining yuqori chegarasi ham 8 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mga oshiriladi.

Oltinchidan, qiyin ahvoldagi korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va aholining 12 trillion so‘mlik kredit majburiyati muddati uzaytiriladi.
Shuningdek, bugun qishloqlarda ko‘p ish joylarini tashkil etib, endi oyoqqa turayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham alohida qarorga imzo chekdim. Ularning 2019 yilda paxta yetishtirish uchun olgan kreditlarini qaytarish muddati 1 oktabrgacha uzaytiriladi.

Yettinchidan, aholini, ayniqsa, uning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator choralar belgilanmoqda.
Jumladan, shu yil yakuniga qadar un, o‘simlik yog‘i, go‘sht va sut mahsulotlari, shakar, gigiyena vositalari kabi asosiy iste’mol tovarlarini import qilishda bojxona boji va aksiz solig‘i undirilmaydi.

Shuningdek, joriy yil mart-iyun oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni to‘lash uchun qo‘shimcha murojaat va hujjatlar talab etilmaydi. Ular avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi. Ushbu davrda boshqa muhtoj oilalarga ham shunday nafaqalar tayinlash davom ettiriladi.

Bu choralar orqali yana 120 mingdan ziyod kam ta’minlangan oilalarni qamrab olamiz (hozirda 600 mingta).
Karantin davrida yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena tovarlari bepul yetkazib beriladi.

Sakkizinchidan, karantin davrida uy sharoitida rivojlantirish mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini yanada qo‘llab-quvvatlaymiz.
Misol uchun, mamlakatimizda 28 mingdan ziyod hunarmand faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularga o‘tgan yili 50 million dollar mablag‘ ajratildi, 12,5 mingta loyiha doirasida hunarmandlar 75 mingdan ortiq yangi shogirdlarni tayyorladi.

Ushbu soha uchun bu yil yana 50 million dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Yaratilayotgan bunday shart-sharoitlar hunarmandlar uchun katta imkoniyatdir», deydi prezident.
Davlat rahbari tadbirkorlarga murojaat qilgan va yuzaga kelgan murakkab davrdan bahamjihat o‘tilishiga ishonch bildirgan.

«Hurmatli hunarmandlar! Sizlarning mehnatingiz, yangi-yangi tashabbuslaringiz hozirgi vaqtda aholi bandligini ta’minlashga, albatta, munosib hissa qo‘shadi.

Tadbirkorlar, hunarmand va fermerlarimiz, korxonalar rahbarlari berilgan bu imtiyozlardan samarali foydalanishlari kerak.
Eng asosiysi, joylarda nostandart yechimlarni izlab, ishlab chiqarish hajmlari va ish joylarini saqlab qolish, korxonalar faoliyatini davom ettirish zarur.

Ushbu mezon asosida viloyat, tuman (shahar) sektor rahbarlari, iqtisodiy kompleks idoralari o‘z ish rejalari va ishlash uslublarini qayta tuzib olishlari darkor.
Ya’ni, har bir rahbar korxonalar, tadbirkorlarning muammosiga alohida yondashib, ularni hal qilishda “bevosita boshqaruv” rejimiga o‘tishi kerak.

Aziz vatandoshlar, nuroniy otaxon va munis onaxonlar, qadrli farzandlarim!
Ko‘pga kelgan va jahon ahli aziyat chekayotgan bu qiyin kunlar, albatta, o‘tadi.

Bizning buyuk va tanti xalqimiz ko‘p asrlik tarixida ne-ne balo-qazolarni, urushlar va ocharchiliklarni mardonavor yengib o‘tgan. Bu sinovdan ham munosib o‘tib olishimizga qat’iy ishonaman.

Hammamiz yanada jipslashib, sabr-matonatli bo‘lsak, shifokorlar tavsiyalariga to‘liq amal qilsak, albatta, bu kasallikni tezroq yengib o‘tamiz!
Bu kurashda tibbiy choralar bilan birga yuksak tafakkur, qat’iy intizom, sabr-toqat va ulkan mas’uliyat ko‘rsatishimiz lozim. Bu sifatlar bizning eng asosiy va eng ta’sirchan qurolimizga aylanishi shart.

Xalqimiz o‘z tarixida qanday og‘ir tabiiy ofatlarni ko‘rgan bo‘lmasin, Qodir Ollohning marhamati bilan, o‘zining kuch-qudrati, vazminligi va donishmandligi orqali ularning barchasini yengib o‘tgan.
Men ana shunday mard va matonatli, mehr-oqibatli xalqimizning aql-zakovatiga, uning metin irodasi va qat’iyatiga to‘la ishonaman.

O‘zbekistonda hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimiz e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmaydi!
Yaratganning o‘zi xalqimizni va butun insoniyatni bu ofatdan tezroq ozod qilsin, barchamizni o‘z panohida asrasin!», deyiladi prezident murojaatida.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi farmonga imzo chekdi