14:16 / 19.05.2020
2 235

O‘zbekistonlik olimlar koronavirusga chalinganlar genidagi DNK ketma-ketligini aniqladi

O‘zbekistonlik olimlar koronavirusga chalinganlar genidagi DNK ketma-ketligini aniqladi
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari O‘zbekistondagi bemorlarda aniqlangan SARS-CoV-2 koronavirusining bir nechta shtammlarining DNK ketma-ketligini aniqladi.

«Genotip tahlili (genotiplash) SARS-CoV-2 genomining asosiy qismidagi mutatsiyalarni aniqlash uchun muhim vositadir. Ma’lumki, koronavirus o‘zining tarkibiy oqsillarini kodlaydigan genlarga ega. Ushbu tarkibiy oqsillar kelajakda vaksinalarning potensial nishoniga aylanadi. Shuning uchun tarkibiy oqsillarning o‘zgarishiga olib keladigan virusli RNK genlarining nukleotidlar ketma-ketligidagi har qanday o‘zgarishlarni vaksina ishlab chiqishdan avval aniqlab olish juda muhimdir», — deydi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktori o‘rinbosari Alisher Abdullayev.

Bundan tashqari, ma’lum bir turdagi mutatsiyaga uchragan shtamm ko‘proq tarqalgan ba’zi mamlakatlarda global vaksinaning samaradorligini bashorat qilish uchun genotiplash ma’lumotlaridan foydalanish mumkin. Shuning uchun ham Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari tomonidan tizimli genlarning tahlil qilinishi o‘ta muhim sanaladi.

«Birinchi bosqichda SARS-CoV-2 koronavirusining muhim tarkibiy geni bo‘lmish – N genning nukleotid ketma-ketligini aniqladik. Dastlabki tahlil shuni ko‘rsatdiki, nukleotidlar pozitsiyalaridagi genlar ketma-ketligi Uxanda aniqlangan koronavirus shtammining referent genomidan farq qiladi. Ma’lumotlarning qiyosiy tahlili esa SARS-CoV-2 koronavirusining ushbu turdagi mutatsiyaga ega shtammlari Yevropada ko‘proq uchrashini ko‘rsatdi», — deydi Abdullayev.

Shifrlangan nukleotidlar ketma-ketligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar xalqaro ma’lumotlar bazasi — Milliy biotexnologik axborot markaziga (NCBI) joylashtirilgan. Unda dunyoning turli mamlakatlaridagi turli organizmlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ilmiy jamoatchilik uchun ochiq tarzda saqlanadi. Kelgusida markaz olimlari virus yuqtirgan bemorlardan to‘plangan katta miqdordagi biologik materiallarni tahlil qilishni rejalashtirmoqda. Mazkur tahlil va uning natijalari O‘zbekistonda koronavirus shtammlarining tarqalishi darajasi, mazkur shtammlarning kasallikka chalinish va o‘lim holatiga olib kelish xususiyatlari va patogenligi to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘plash imkonini beradi.

Mart oyining oxirlarida Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari koronavirusni aniqlash bo‘yicha test tizimi ishlab chiqqani haqida xabar berilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonlik olimlar koronavirusga chalinganlar genidagi DNK ketma-ketligini aniqladi