20:33 / 01.06.2020
2 157

O‘zbekistonda yozning me’yoridan ortiq issiq bo‘lishi prognoz qilindi

O‘zbekistonda yozning me’yoridan ortiq issiq bo‘lishi prognoz qilindi
Bu yil issiq erta boshlangani sababli ko‘pchilikni yozda harorat qanday bo‘ladi degan savol qiziqtirmoqda. «O‘zgidromet»ning yozishicha, yoz fasli uchun aniq ob-havo prognozlarini sizga hech kim bermaydi va bu sinoptiklarning «yomon» ishlashi bilan bog‘liq emas. Shunchaki butun iqlimiy tizim xaotik bo‘lib, uzoq muddatga aniq pronozlar berishning imkoni yo‘q.

Bugungi kunda tayyorlanayotgan mavsumiy prognozlar taxminiy tavsifga ega va umuman olganda mavsumga baho berish uchun foydalaniladi va «bu davrda o‘rtacha harorat me’yordan yuqori yoki past bo‘ladi, yog‘gan yog‘inlar miqdori ham me’yordan ko‘proq yoki kamroq bo‘ladi» degan ko‘rinishda bo‘ladi.

Bu yil mavsumiy prognozlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan Jahon ob-havo markazlari ma’lumotlariga ko‘ra, kirib kelgan yozda sayyoraning katta qismida haroratning musbat anomaliyasi (ya’ni me’yordan yuqori harorat) bilan bog‘liq sirkulyatsiya rejimlarining ustun kelishi kutilmoqda.

«O‘zgidromet» Shimoliy Yevrosiyo iqlimiy markaziga a’zolik doirasida mavsumiy prognozlar tayyorlashda ishtirok etadi. Har yili qish va yoz mavsumlari boshlanishidan oldin ushbu markazda mintaqadagi barcha gidrometxizmatlar mutaxassislarining forumlari o‘tkaziladi. Ushbu forumlarda butun Shimoliy Yevrosiyo hududi bo‘yicha kirib kelayotgan qishki yoki yozgi mavsumlar uchun prognozlar ishlab chiqiladi.

Bunday prognozlar eng zamonaviy iqlimiy ma’lumotlar va prognostik mahsulotlar tahliliga asoslanib, unda barcha ishtirokchi davlatlar vakillarining fikrlari e’tiborga olinadi. Shu bois prognoz konsensus (maslahatlashish jarayonida kelishilgan) prognoz deb yuritiladi.

Bu yil yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat tufayli Shimoliy Yevrosiyo iqlimiy markazining forumi 19—20 may kunlari onlayn rejimda o‘tkazildi.

Konsensus prognozga ko‘ra, 2020 yil yozda O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikistonda, Qozog‘istonning janubiy, g‘arbiy, sharqiy mintaqalarida 40 foiz ehtimol bilan harorat fonning me’yordan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

«Agar umumiy tendensiyalar to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, yozning issiq bo‘lishi to‘g‘risidagi prognoz hozirda biz kuzatayotgan vaziyatni tasdiqlamoqda. Oxirgi yillarda global isish tendensiyasining davom etishi munosabati bilan issiqlik to‘lqinlarining soni va jadalligi ortib bormoqda. O‘tgan 2019 yil tarixda eng issiq yillar ichida 2016 yildan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.

Yaqinda o‘tgan barcha yillar ham butun asbob-uskunalar bilan kuzatuv davri uchun eng issiq top-5 yoki top-10 ga kirgan.

Bu yilgi yoz ushbu qatorga kirmaydi, deb taxmin qilishga hech qanday asos yo‘q. Shuning uchun bu yilgi yoz issiq bo‘lishi ehtimolga yaqin, biroq iqlimiy tizim xususiyatlarini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu 100 foizli prognoz emas», — deb ta’kidlamoqda «O‘zgidromet».

Shuningdek, qayd etilishicha, o‘rtachalashtirilgan umumiy tavsif mavsum davomida qanday muayyan harorat qiymatlari kuzatilishi to‘g‘risida tasavvur bermaydi. Yozning uch oyi davomida issiq haroratning sustlashishi, yoki bir oy juda issiq bo‘lib, qolgan ikki oy davomida harorat me’yorga yaqin bo‘lishi mumkin.

Mavsumiy prognoz iqtisodiyotning turli tarmoqlari, xususan, sog‘liqni saqlash mutaxassislari uchun mo‘ljallangan.

Jahon Meteorologiya tashkiloti va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti COVID-19 pandemiyasi sharoitlarida yozning issig‘ida salomatlikni muhofaza qilishga doir tavsiyalar berilgan axborot materiallari qo‘shma turkumini tayyorladi.

Aholining katta qismi uchun ko‘proq tushunarli bo‘lgan prognozlar har kuni «O‘zgidromet» tomonidan 6 kun barvaqtlik bilan tayyorlanadi. Hozircha yozning birinchi haftasida kutilayotgan ob-havo to‘g‘risida gapirish mumkin.

Ish haftasi davomida harorat ko‘tarilib, 38-40 darajaga, mamlakat janubi va cho‘l zonasida ayrim joylarda 43 darajagacha yetadi. Dam olish kunlari harorat biroz pasayadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)