10:03 / 01.07.2020
1 603

Senat Raisi Tanzila Narbayeva O‘zbekiston yoshlarini tabrikladi

Senat Raisi Tanzila Narbayeva O‘zbekiston yoshlarini tabrikladi
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga tabrik yo‘lladi.

"Bugun sizlar uchun barcha shart-sharoit yaratilgan, imkoniyatlar eshigi keng ochilgan. Zero, yoshlarning bandligi, uy-joy ta’minoti, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, ta’lim olish va kasb o‘rganishga bo‘lgan talabi davlatimizning doimiy diqqat markazidadir.

Prezidentimizning O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, yoshlarimizni jismoniy sog‘lom, ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun besh ijobiy tashabbus doirasida ko‘plab stadionlar, suv havzalari, sport majmualari va saroylari barpo etilmoqda. Eng muhimi, farzandlarimiz o‘rtasida sport bilan muntazam shug‘ullanadigan, sog‘lom turmush tarzini o‘z hayotiy maqsadiga aylantirgan yigit-qizlar safi kengayib bormoqda.

Albatta, bunga javoban o‘g‘il-qizlarimiz jonkuyarlik, vatanparvarlik va hamjihatlik tuyg‘ularni his qilgan holda turli tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida mustahkam tashkiliy va huquqiy baza yaratilgan. Bu borada bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

Albatta, yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qat’iy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning bugungi va ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib boryapti. Shu o‘rinda mahalliy Kengashlarda 262 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan deputatlar faoliyat olib borayotgani bizni behad quvontiradi.

Yana bir jihat, kadrlar siyosatida ham yoshlar omiliga alohida e’tibor qaratilib, bilimli, tashabbuskor yoshlarimizga eng mas’uliyatli vazifalar ishonib topshirilmoqda. Yoshlar parlamenti shular jumlasidandir.

Kuni kecha Senatning “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzurida Yoshlar parlamentini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani ham mamlakatimizda yoshlar siyosatiga alohida ahamiyat qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.

Albatta, bu yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning muammolarini parlament minbariga olib chiqish, qonun ijodkorligida yoshlarning ishtirokini ta’minlash imkonini beradi. Qolaversa, bo‘lg‘usi Senat a’zolari hamda siyosatchilarni tayyorlash, yoshlarni ulkan maqsad va aniq loyihalarga yo‘naltirib borish kabi vazifalarni ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qisqa qilib aytganda, davlat siyosatini amalga oshirishda yoshlarning ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ishonchim komilki, Yoshlar parlamenti o‘g‘il-qizlarimizning o‘z fikrlarini baralla aytishi uchun yuksak minbar bo‘ladi. Sababi, Yoshlar parlamentining har bir a’zosi o‘zi istiqomat qiladigan hudud yoshlariga tegishli muammolarini o‘rganib, sabablarini aniqlab, uni yoshlar o‘rtasida muhokama qiladi, yoshlarni qonun ijodkorligi jarayoni, parlament nazorati bilan yaqindan tanishtirib boradi.

Qadrli yoshlar!

Barchangizni Yoshlar kuni va Yoshlar parlamenti a’zoligiga saylanganingiz bilan yana bir bor samimiy qutlayman. Sizlarga sihat-salomatlik, ulkan muvaffaqiyatlar tilayman! Ilm o‘rganishdan, ko‘zlagan maqsadlaringiz sari dadil qadam tashlashdan charchamang!" - ezgu tilaklar bildirgan Senat raisi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)