20:47 / 18.07.2020
2 914

Bu yil test sinovlari onlayn o‘tkaziladimi?

Bu yil test sinovlari onlayn o‘tkaziladimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini pandemiya sharoitida o‘tkazish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida ma’lumotlar tarqalmoqda. DTM mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.

"Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan test sinovlari tashkiliy masalalariga to‘xtalib o‘tsak.
Hammaga ma’lumki, test sinovlarining katta sig‘imli binolarda o‘tkazilishi bilan test sinovlari adolatli va shaffof bo‘lishiga erishildi.

Ma’lumki, test sinovlari 2017 yilgacha 1000 dan ortiq binolarda, xususan, oliy ta’lim muassasalari, maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari binolarida kichik auditoriyalarda o‘tkazilar edi. Bunda test sinovlarini Davlat test markazi tomonidan to‘liq nazorat qilish imkoniyati yo‘q edi va bu har xil korrupsion holatlarga olib kelardi.

2018 yildan esa yangi tizimga o‘tilib, test sinovlari katta sig‘imli binolarda videokuzatuv ostida onlayn translyatsiya qilingan holda o‘tkazila boshlandi.

Oldingi tizimdan farqli o‘laroq hozirgi tizimda test sinovlari bo‘lib o‘tadigan binoga faqatgina guruh nazoratchisi, bino rahbari va DTM vakili kirishi mumkinligi belgilangan bo‘lib, binolar soni oldingidek ko‘p bo‘lmagani uchun har bir binoda Davlat test markazi xodimi test sinovlariga umumiy rahbarlik qilmoqda va bu test sinovlarining sifatli va adolatli o‘tishida eng muhim omillardan biri bo‘lmoqda.

Binoga kirishda shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalaridan foydalanilayotgani esa jarayonning yanada shaffof va adolatli o‘tkazilishiga sabab bo‘lmoqda.

2020 yilda ham test sinovlarini katta sig‘imli binolarda videokuzatuv ostida onlayn translyatsiya qilingan holda o‘tkazish rejalashtirilgan va hozirgi kunda jarayonni sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Jumladan:
  • test sinovi o‘tkaziladigan hududlarga kirish qismida antiseptik vositalar bilan jihozlangan stollar va bino ichkarisida birinchi tibbiy muolaja punkti tashkil etiladi;
  • har bir hudud navbatchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta’minlanadi;
  • test sinovlari o‘tkaziladigan binolar har bir smenadan oldin va keyin shamollatiladi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari tomonidan dezinfeksiya qilinadi;
  • binoga kirishdan oldin abituriyentlar dezinfeksiya yo‘lagidan o‘tkaziladi;
  • ularning tana harorati o‘lchanib, har bir abituriyent alohida yangi tibbiy qo‘lqop va niqob bilan ta’minlanadi;
  • test sinovi o‘tkaziladigan hududga kiritishda tana harorati 370 C dan yuqoriligi aniqlangan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmasdan dalolatnoma tuzilib, tibbiy tekshiruv o‘tkazish uchun hududga biriktirilgan tibbiyot xodimiga topshiriladi;
  • Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tibbiy tekshiruvidan o‘tkazilgan va koronavirus kasalligi aniqlanmagan abituriyentlar uchun respublika bo‘yicha test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng to‘rtinchi kuni test sinovlari o‘tkaziladi.

Hozirda kunda test sinovlari o‘tkaziladigan binolar sovutish va ventilatsiya tizimlari bilan ta’minlangan bo‘lib, binolarda abituriyentlarning ijtimoiy masofa saqlashlari uchun har bir abituriyentga 3 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan joy ajratilmoqda va binolarning holati bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligidan tegishli xulosalar olinmoqda.

Umuman olganda, test sinovlarini sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda o‘tkazish bo‘yicha barcha ishlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va Respublika maxsus komissiyasi bilan kelishilgan holda, ularning tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda.

Endi ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim fikrlarga e’tibor qaratsak.

Test sinovlarining boshlanish kuni Davlat test markazi tomonidan belgilanmaydi, balki O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan belgilanadi.

Qo‘shni davlatlarda test sinovlari o‘tkazilayotganida xavf kamroq, bizda esa ko‘proq deyishga esa hech qanday dalil mavjud emas.

Test sinovlarini maktablarda tashkillashtirish tizimiga qaytish noto‘g‘ri bo‘lishini barchamiz bilib turibmiz. Ba’zi bir shu yo‘l bilan abituriyentlarga «yordam» bermoqchi bo‘lgan «ustoz»larga, albatta, orqaga qaytish juda ham qo‘l keladi va shu fikrni dunyodagi pandemiya holatini niqob qilib olish orqali yoshlarning miyasiga quyish bilan ovora.

Onlayn test sinovlariga keladigan bo‘lsak, dunyoda hech bir davlat bunday katta miqdordagi abituriyentlar uchun onlayn test o‘tkazmaydi, buning iloji ham yo‘q. Bu bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan barcha xalqaro hamkorlarimiz bilan aloqa qilingan va hech birida onlayn test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilmagani aytilgan.

Hattoki «Onlayn proktoring» (test sinovlarini uyda topshirish va onlayn ularni nazorat qilish) tizimidan foydalanayotgan tashkilotlar ham uning xavfsizligi, qanday yo‘llar bilan aldash mumkinligi hali to‘liq o‘rganilmaganligini ta’kidlab o‘tishgan. Pandemiya o‘tib ketgandan keyin bu tizimdan voz kechish rejasi yo‘q emasligini ham aytib o‘tishgan.

Hozirgi kunda hech kim to‘liq bu infeksiyadan o‘zimni asray olaman deya olmasligini yaxshi bilamiz.

Shuning uchun Davlat test markazi tomonidan rejalashtirilgan test sinovlari nafaqat adolatli va shaffof o‘tishini, balki abituriyentlarning sog‘lig‘i ham birinchi o‘rinda turishini ma’lum qilamiz va buni imkoni boricha ta’minlashga harakat qilamiz", deyiladi axborotda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bu yil test sinovlari onlayn o‘tkaziladimi?