13:54 / 25.07.2020
2 481

Ulamolar Kengashi Qurbon hayitini nishonlashga oid bayonot berdi

Ulamolar Kengashi Qurbon hayitini nishonlashga oid bayonot berdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi bayonoti e’lon qilindi.
Bayonotda qayd etilishicha, ba’zi musulmon va qo‘shni davlatlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq holat keskinligi sababli ulamolar tomonidan Qurbon hayiti namozini jamoat bo‘lib o‘qishning iloji yo‘qligi haqida fatvolar e’lon qilindi.

Islom dini manbalarida Qurbon hayiti namozi vojib amal ekani bayon etilgan. Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan juma namozi vojib bo‘lgan kishilarga hayit namozi vojib ekani naql qilingan. Juma namozi Qur’on, sunnat, ijmo kabi qat’iy dalillar bilan sobit bo‘lgan farz amaldir. Modomiki muayyan uzrlar bilan farz bo‘lgan juma namozini vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risida ulamolar fatvosi qabul qilingan ekan, vojib amal bo‘lgan hayit namozini o‘qimaslik ham o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladi.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020 yilgi Qurbon hayiti (Iydul adho) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi, mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.

Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosida qayd etilganidek, epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holdagi xulosalari ayni Qurbon hayiti namoziga ham tegishlidir.

Bunday vaziyatda oyat, hadis va shar’iy qoidalarda ko‘rsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi. Shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal bo‘lgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozini ado etish soqit bo‘ladi.

Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Iydul adha namozi ado qilinmasa ham Qurbon hayiti kunlari savobli amallar bisyor ekanini ma’lum qilamiz. Qurbon hayiti zulhijja oyining 10-kuniga to‘g‘ri kelishi e’tiboridan ushbu oy va uning birinchi o‘n kunligi fazilati juda ulug‘ ekani mo‘’tabar manbalarda bayon etilgan.

Alloh taolo Qur’oni karimning «Fajr» surasida: «Tonga qasam. (Zulhijja oyidagi avvalgi) o‘n kechaga qasam. Juft va toqqa qasam», deb marhamat qilgan.

«Juftga qasam»dagi «juft»dan murod, zulhijja oyining o‘ninchi kuni, «toq»dan murod esa to‘qqizinchi kunidir. Imom Nisoburiy aytadilar: "Alloh taoloning ushbu o‘n kechaga qasam ichishi, bu kunlarning nechog‘lik sharafli va ulug‘ kunlar ekaniga dalolat qiladi va unda dunyoviy va uxroviiy manfaatlar borligini ko‘rsatadi".

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Arafa kunining ro‘zasi undan oldingi bir yil va undan keyingi bir yillik gunohlarga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman», deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Koronavirus pandemiyasi sabab karantin holatida hayit namozi o‘qilmayotgani uchun qurbonlikni tong otgandan boshlab qilish joiz bo‘ladi. Yurtdoshlarimiz hayit kuni bomdod namozini o‘qiganlaridan so‘ng, quyosh chiqqandan keyin 4 rakat Zuho namozini o‘qib, keyin qurbonlik qilsalar, yanayam savobli bo‘ladi. Qurbonlik qilish hayitning 3-kuniga qadar davom etadi.

Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Qurbon hayiti namozi ado qilinmasa ham bayram kayfiyatini saqlab qolish uchun Hanafiy mazhabining mo‘’tabar fiqhiy manbalaridan biri bo‘lmish «Majma’ul anhur» kitobida shunday deyiladi:

«Ma’lum bo‘lsinki, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining o‘rniga qo‘yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzal».

Shunday ekan, Qurbon hayiti kunlarida savob ishlarni ko‘paytirish, takbiri tashriq aytish, nafl ibodat qilish, poklanish, chiroyli kiyimlar kiyish, xushbo‘ylanish, qurbonlik qilish, yaqinlariga hadyalar ulashish ayni savobli ishlardan bo‘ladi.

Bayon etilgan shar’iy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharoitida Qurbon hayitini nishonlash bo‘yicha quyidagi tavsiyalarini e’lon qiladi:

1. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi Islom dini manbalari, Respublika maxsus komissiyasi xulosalari va tibbiyot mutaxassislari tavsiyalariga tayangan holda 2020 yilgi pandemiya sharoitida Qurbon hayiti – Iydul adha namozini o‘qish mo‘min-musulmonlarning zimmasidan soqit bo‘lishini ma’lum qiladi.

2. Qurbon hayiti kuni mo‘min-musulmonlarga o‘z xonadonlarida quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin to‘rt rakatli nafl namozi o‘qishlari tavsiya etiladi.

3. Qurbon hayiti kuni imkoni bor yurtdoshlarimiz bomdod namozini o‘qib, keyin qurbonlik qilishlari tavsiya etiladi. Qurbonlik go‘shti uchga taqsimlanib, bir qismi – yaqin qarindoshlarga, yana bir qismi – kambag‘al va muhtojlarga tarqatish, qolganini – oila ahliga olib qolish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko‘pchilik bo‘lsa, uyda qoldirsa ham bo‘ladi.

4. Bu yilgi Qurbon hayiti karantin sharoitida nishonlanayotgani inobatga olib, odamlar jamlanishiga sabab bo‘ladigan urf-odatlarni tashkil etmaslik, uyma-uy yurib, turli xil azaxonliklar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazmaslik, qabristonlar ziyoratidan saqlanishni so‘raymiz. Xonadonda, oila-a’zolari bilan birga Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, o‘tganlarimiz ruhi poklariga baxshida etishni tavsiya etamiz.

5. Imom-xatiblar tomonidan bugungi pandemiya sharoitidan kelib chiqib, Qurbon hayiti xonadonlarimizga quvonch, yurtimizga fayzu baraka kirishi, bir-birimizga bo‘lgan mehr-oqibatimizni yanada ziyoda bo‘lishiga sabab ekani to‘g‘risidagi targ‘ibot ishlari amalga oshirilsin.
Aziz yurtdoshlar, Allohning rahmati va barakoti yog‘ilib turgan ushbu kunlarda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan O‘zi saqlab, hayotimizni bundan-da farovon qilsin.

Siz aziz yurtdoshlarimizdan belgilangan karantin qoidalariga qat’iy amal qilishingizni, o‘zingiz va yaqinlaringizni ehtiyot qilishingizni so‘rab qolamiz, deyiladi bayonotda.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ulamolar Kengashi Qurbon hayitini nishonlashga oid bayonot berdi