12:00 / 26.07.2020
4 307

1 avgustdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?

1 avgustdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?
Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali 2020 yil 1 avgustdan boshlab o‘zgaradigan muhim voqea va qarorlarning sharhini e’lon qildi.

1. Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilishga ruxsat beruvchi guvohnomalar cheklanmagan muddatga beriladi
Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish, shuningdek umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini sotish huquqiga ruxsat beruvchi guvohnoma cheklanmagan muddatga beriladi.

Ishlab chiqaruvchilar tomonidan turistik yo‘nalishlarda tashkil etilgan degustatsiya hududlarida realizatsiya qilingan tabiiy vino (qadoqlangandan tashqari) mahsulotlariga nol darajali stavka bo‘yicha aksiz solig‘i solinadi.

Shuningdek, ishlab chiqaruvchilar iste’mol etil spirtining 50 foiz haqini oldindan to‘lash shartlarida realizatsiya qilish huquqiga ega bo‘ladi.

2. Majburiy ijro byurosining qator vakolatlari tegishli tashkilotlarga o‘tkaziladi.
Majburiy ijro byurosining qo‘yidagi vakolatlari tegishli tashkilotlarga o‘tkaziladi:
  • elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari, shuningdek, muqobil energiya manbalarini joriy etilishini tashkil etish va ushbu jarayonlar ustidan monitoring o‘tkazishga doir vazifa va vakolatlar – Energetika vazirligiga;
  • elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini ta’minlash, iste’molchilarning qarzdorligini kamaytirish, shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz sotuvi va iste’molini hisobga olish bo‘yicha vazifa va vakolatlari – «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «Hududgazta’minoti» AJning hududiy tashkilotlariga;
  • elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-taroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olishga doir vakolatlar – «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «Hududgazta’minoti» AJning hududiy tashkilotlariga hamda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga;
  • elektr energiyasi va tabiiy gazni ehtiyot qilish va ulardan foydalanish yuzasidan iste’molchilarning huquqiy madaniyatini va mas’uliyatini oshirishga doir vazifa va vakolatlar – Energetika vazirligi, Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «Hududgazta’minoti» AJga;
  • energiya resurslari uchun hisob-kitob qilinishini ta’minlash tizimini kompleks tahlil qilish, tizimli muammolarni aniqlash, takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga doir vazifalar – Energetika vazirligiga.

3. «Andijon», «Buxoro» va «Urganch» xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq «Ochiq osmon» rejimi joriy etiladi

Joriy yil 1 avgustdan boshlab:

  • reyslar soni va yo‘nalishlari bo‘yicha cheklovlarni bekor qilishni nazarda tutuvchi «Ochiq osmon» rejimi «Andijon», «Buxoro» va «Urganch» xalqaro aeroportlarida xalqaro huquq normalariga muvofiq joriy etiladi;
  • xorijiy aviakompaniyalar havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning mavjudligidan qat’i nazar «Ochiq osmon» rejimi joriy etilgan xalqaro aeroportlarga doimiy qatnovlarni amalga oshira oladi (bunda, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining uchish va aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha standartlariga muvofiq bo‘lish talab etiladi);
  • investorlarning yo‘lovchi tashuvchi yangi dor yo‘llarini («Chorvoq» erkin turistik zonasi hududida tashkil etilayotganlardan tashqari) qurish va jihozlash uchun yo‘naltirilgan xarajatlarining bir qismi har bir 500 metr yo‘l uchun Davlat budjetidan Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 1 milliard so‘m miqdorida qoplanadi.

4. Nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashlari tashkil etiladi.
Eksperiment tariqasida Davlat bojxona qo‘mitasi, Davergeodezkadastr, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzurida Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashlari tashkil etiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) yoxud harakatsizligi natijasida o‘z huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari Apellyatsiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

5. Ayrim transport vositalariga utilizatsiya yig‘imi joriy etiladi
Transport vositasining turi, toifasi, ishlab chiqarish muddatidan kelib chiqib, bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 30 baravaridan 1500 baravarigacha utilizatsiya yig‘imi undiriladi.

6. Temir yo‘l transporti tashkilotlari o‘zlarining axborot tizimlarini bojxona organlarining axborot tizimlariga integratsiyalash orqali bojxona nazorati ostidagi vagon va konteynerlarning mamlakat ichidagi harakatlari haqidagi ma’lumotlarni bojxona organlariga real vaqt rejimida beg‘araz tarzda taqdim etadi.

7. Ayrim transport vositalarini olib kirish uchun aksiz solig‘i stavkalari bekor qilinadi
8701 (traktorlar), 8702 (10 yoki undan ortiq kishini tashishga mo‘ljallangan motorli transport vositalari), 8703 (yengil avtomobillar) va 8704 (yuk tashishga mo‘ljallangan motorli transport vositalari) TIF TN kodlar bo‘yicha transport vositalarini olib kirishda amalda bo‘lgan aksiz solig‘i stavkalari bekor qilinadi.

8 .Senatda O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

9. Davlat tilida markirovkalanmagan tovarga muvofiqlik sertifikati berilmaydi
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan iste’mol tovarlarining ayrim turlari ishlab chiqaruvchi tomonidan O‘zbekistonning davlat tilida (lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida) markirovka qilinmagan taqdirda, mazkur tovarlarga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish taqiqlanadi (qonun hujjatlaridagi istisnolardan tashqari).

10. Nukus shahri va viloyat markazlarida umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashish uchun yo‘lkira haqini to‘lash avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshiriladi.

11. Ayrim teatr va muzey-qo‘riqxonalar chiptalarini sotish BOYATO orqali amalga oshiriladi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri, O‘zbekiston milliy akademik drama teatri, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri va «Buxoro» davlat muzey-qo‘riqxonasida chiptalarni sotish Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimi (BOYAET) orqali amalga oshiriladi.

12. O‘zbekiston Respublikasining «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi Qonuni kuchga kiradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)