19:32 / 14.08.2020
1 876

Bo‘stonliqda xalqaro kurort tashkil etiladi

Bo‘stonliqda xalqaro kurort tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 avgust kuni turizm salohiyatini kengaytirishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda sohada amalga oshirilgan ishlar va navbatdagi rejalar haqida axborot berildi.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining turizm salohiyati juda yuqori. Lekin uzoq yillar davomida bundan yetarlicha foydalanilmadi. Bahavo tabiat, qulay iqlim va yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati bo‘lsa-da, hududda sayyohlarni jalb etadigan yirik va zamonaviy loyihalar amalga oshirilmadi. Bugun Bo‘stonliq tumanida turistik hududlarni tashkil etish bilan bir vaqtning o‘zida qator muhim masalalarni hal qilish ko‘zda tutilgan.

«Asosiy maqsadimiz, eng avvalo, turizm sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash, odamlarning manfaatini inobatga olib, xalqimiz uchun bahavo, arzon, xavfsiz va 12 oy davomida qulay dam olish sharoitlarini yaratishdir. Bo‘stonliq kabi maskanlarga O‘zbekistonning barcha hududlaridan yurtdoshlarimiz kelib hordiq chiqarishi, bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar boshqa hududlarimiz uchun ham namuna bo‘lishi kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.


Ma’lum qilinishicha, Bo‘stonliqda xalqaro kurort tashkil etiladi.

«Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili yurtdoshlarimiz chet elda dam olish uchun 1 milliard 200 million dollar atrofida mablag‘ sarflamoqda. Buning asosiy sabablaridan biri O‘zbekistonda barcha talablarga javob beradigan zamonaviy turistik majmualar soni kam.

Shu maqsadda oxirgi yillarda respublikamizning barcha hududlarida, jumladan, Bo‘stonliq tumanida ham to‘liq tadbirkorlar mablag‘i hisobiga yirik loyihalar amalga oshirildi. Xususan, dunyo sayyohlari e’tiboriga tushgan «Amirsoy» majmuasi qisqa bir yarim yil ichida qurib foydalanishga topshirildi. Bu esa hududda yirik va jozibador loyihalarni amalga oshirish mumkinligini isbotladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida

Davlat rahbari taqdimot davomida Bo‘stonliq tumanida yaqin yillarda foydalanishga topshiriladigan loyihalar majmuasi bilan tanishib, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflarini berdi.

«Bildirsoy-Chimyon-Nanay» xalqaro kurortini tashkil etish loyihasi ulardan biri. Uning konsepsiyasi va iqtisodiy modeli Fransiya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan FASEP fondining 750 ming yevro miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga ishlab chiqilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 480 million dollar. Shundan 280 million dollarini to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar tashkil etadi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad hududdagi yer maydonlarining qiymatini va investitsion jozibadorligini oshirish orqali tadbirkorlikni rivojlantirishdir.

Loyiha 3 bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda Chimyon hududida umummavsumiy kurort tashkil etish ko‘zda tutilgan. Fransiyaning 48 million yevro miqdoridagi imtiyozli krediti evaziga turistik infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, osma yo‘laklar, chang‘i uchish uskunalari va attraksionlar keltirib o‘rnatish rejalashtirilgan. Buning natijasida tog‘-chang‘i turizmi ommalashadi, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi, tabdirkorlik rivojlanadi.

Loyihaning birinchi bosqichini 2021 yil dekabrda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Bo‘stonliqda xalqaro kurort tashkil etiladi