20:55 / 24.08.2020
3 376

O‘zbekistonda yaqin kunlarda salqin tushib, yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

O‘zbekistonda yaqin kunlarda salqin tushib, yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
O‘zbekiston hududi bo‘yicha 24 avgust kuni xorijiy janubdan issiq havo oqimi harakatlanishi natijasida ob-havo o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, harorat iqlimiy me’yorlardan 3-5 darajaga yuqori bo‘lib, 34-39 darajani tashkil qiladi, deb xabar bermoqda «O‘zgidromet».

Qayd etilishicha, 25 avgustda respublikada ob-havo sharoitlarining o‘zgarishi kutilmoqda. Ertalab respublikaning shimoli-g‘arbiy tumanlariga, kechga borib markaziy tumanlariga Volgabo‘yi hududidan salqin va nam havo oqimi kiradi.

Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kun davomida, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlarida esa kechga borib qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat kechasi 20-25 daraja iliq atrofida bo‘ladi, kunduzi pasayib, 28-33 daraja issiqni tashkil qiladi. Bu me’yoriy ko‘rsatkichlardan bir oz pastdir.

26 avgust kuni respublika hududiga kirgan salqin atmosfera fronti janubi-sharq tomonga siljiydi, mamlakat hududining katta qismida momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida esa yog‘ingarchilik to‘xtaydi. Antitsiklon ta’sirida 26 avgust eng salqin kun bo‘lishi kutilmoqda, harorat kechasi 15-18 daraja iliq, kunduzi 23-26 daraja iliqni tashkil qiladi. Bunday harorat me’yordan 6-9 darajaga pastdir.

Shuningdek, 25—26 avgust kunlari respublika bo‘yicha shamol tezligi sekundiga 15-20 metrgacha kuchayishi kutilmoqda.

Haftaning ikkinchi yarmi, 27—28 avgust kunlari mamlakatda ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Antitsiklon ta’sirida tungi salqin harorat saqlanib turadi va 15-20 daraja atrofida bo‘ladi, kunduzi esa havo asta-sekin isishni boshlaydi va 28 avgustda 30-35 daraja issiqqacha ko‘tarilib, oyning shu davri uchun xos bo‘lgan me’yoriy qiymatlarga yaqinlashadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)