10:59 / 04.09.2020
2 268

O‘zbekistonda nikohlanuvchilarga qo‘shfamiliyalikka ruxsat beriladi

O‘zbekistonda nikohlanuvchilarga qo‘shfamiliyalikka ruxsat beriladi
Masalan, kuyov Ahmedov kelin Shuhratova bo‘lsa, shunda kuyov Ahmedov-Shuhratov, kelin esa Ahmedova-Shuhratova bo‘lishi mumkin.

Hukumat tomonidan FHDYO sohasiga oid qaror tasdiqlandi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi xabar bermoqda.

FHDYO organlarida texnik xodim bo‘lib hisoblanuvchi arxivarius lavozimi tugatilib, boshqaruvchi hisoblanmish 1 va 2-toifali inspektor lavozimlari joriy etiladi. Ya’ni, sohaga tegishli ma’lumotga ega, tashabbuskor, malakali kadrlar jalb qilinadi.

FHDYO xodimlari mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari bo‘yicha Agentlikning hududiy boshqarmalari bo‘limlari xodimlariga tenglashtiriladi. Bu bilan FHDYO xodimlari oylik ish haqlari o‘rta hisobda 3 baravarga oshishi, FHDYO organi mudirasi ish haqi 5,0 mln. so‘mga (1,5 mln. so‘m bo‘lgan), 1 va 2-toifali inspektorlar ish haqi 3,2-3,5 mln. so‘mga yetishi (1,2-1,3 mln. so‘m bo‘lgan) ko‘zda tutilmoqda.

FHDYO bo‘limlari va nikoh uylari mudirlari, inspektorlari hokimliklar tizimidagi ishlagan davri ko‘p yil ishlaganligi uchun ustamalar to‘lash hamda martaba darajalari olishga zarur bo‘lgan ish stajiga qo‘shiladi.

Endilikda FHDYO organlarini tug‘ilish, o‘lim, nikoh va ajrim to‘g‘risidagi gerbli guvohnomalari bilan Davlat xizmatlari agentligining buyurtmalariga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’minlash tartibi joriy etilmoqda. Ya’ni, «ZAGS» va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik missiyalariga tegishli gerbli guvohnomalar yanada tezkorroq yetkaziladi.

Ilgari 16 yoshdan oshgan, tug‘ilishi qayd etilmagan shaxslarning tug‘ilganligini qayd etish faqat sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshirilar edi. Endi esa tegishli tibbiy ma’lumotnoma mavjud bo‘lsa, uning tug‘ilishi ota-ona yoki ulardan biri va voyaga yetgan bolaning arizasiga ko‘ra FHDYO organi tomonidan qayd etiladi.

Qaror bilan, shuningdek bir qator hujjatlarni olish tartibi soddalashtirildi. Masalan, fuqarolik holatlari, jumladan, nikoh yoki tug‘ilganlikni qayd etish endilikda gerbli guvohnomalar taqdim etilgandagina emas, balki, FHDYO arxivi ma’lumotnomalari asosida ham amalga oshirilishi imkonini beradi.

Bola tug‘ilganda beriladigan suyunchi puli, dafn marosimi uchun bir marotabalik nafaqa pullarini olish uchun ma’lumotlar endi qo‘lma-qo‘l fuqarolarga berilmasdan, Pensiya jamg‘armasiga maxsus elektron tizim orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuboriladi.

Endilikda nikohlanuvchilarga qo‘shfamiliyalikka ruxsat etiladi. Masalan, kuyov Ahmedov kelin Shuhratova bo‘lsa, shunda kuyov Ahmedov-Shuhratov, kelin esa Ahmedova-Shuhratova bo‘lishi mumkin.

«FHDYOning yagona elektron arxivi» axborot tizimiga kiritilayotgan ma’lumotlarning to‘g‘ri va aktualligi doimiy ravishda tekshirib boriladi. Buning uchun FHDYO organlari xodimlari arxivdagi mavjud hujjatlarni elektron tizimga kiritilgan ma’lumotlar bilan solishtirish orqali nazorat qiladi, deyiladi Davlat xizmatlari agentligi xabarida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda nikohlanuvchilarga qo‘shfamiliyalikka ruxsat beriladi