12:44 / 27.09.2020
2 680

Huquqshunos: Imtiyozlar noto‘g‘ri qo‘llangan, abituriyentlar bilan qayta hisob-kitob qilinishi kerak

Huquqshunos: Imtiyozlar noto‘g‘ri qo‘llangan, abituriyentlar bilan qayta hisob-kitob qilinishi kerak
Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev turli xalqaro va respublika miqyosidagi tanlovlarda g‘olib bo‘lgan sportchilar imtiyozli ravishda berilgan kvota doirasida grantga qabul qilingani, natijada ko‘plab yo‘nalishlarda 189 ball olganlar kontraktga tushib qolganiga e’tibor qaratdi.

DTM bergan rasmiy bayonotga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan sportchilar mavjud kvota ichida qabul qilinishi kerak. Ha, haqiqatan o‘sha 12 yil oldingi hujjatda shunday yozilgan.

Ammo 2020 yil 24 yanvar kuni prezidentning 5924-sonli farmoni qabul qilingan.

Farmonning 12-bandiga ko‘ra, «O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligining 2020 yil 1 fevraldan boshlab sport sohasidagi yutuqlarni munosib ravishda rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi quyidagi takliflariga rozilik berilgan:

a) olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi uch yilda g‘olib va sovrindor (1-3 o‘rin) bo‘lgan sportchi-o‘quvchilarni O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan oliy ta’lim muassasalariga (tibbiyot yo‘nalishidan tashqari) qo‘shimcha davlat granti asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilish.

«Ko‘rib turganingizdek, prezident farmonida sportchilarga qo‘shimcha davlat granti ajratilishi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni ular boshqa bilimlilarga xalaqit bermasligi kerak edi.

«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, prezident farmoni Vazirlar Mahkamasi qaroridan ustun turadi va 2 xil qoida keltirilgan bo‘lsa, farmonda belgilangani kuchga ega bo‘ladi.

Shunga ko‘ra, kvota ichida qabul qilingan barcha sportchilarga qo‘shimcha grant ajratilishi kerak va natijada qolganlarning o‘rni qayta hisoblanishi lozim, deb hisoblayman
», deya yozadi huquqshunos.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Jismoniy tarbiya va sport vaziri 18 sentabr kuni imzolagan xat nusxasi tarqalganiga e’tibor qaratilgan.

Haqiqiyligi hozircha rasman tasdiqlanmagan ushbu xatga vazirlik imtiyoz berilishi kerak bo‘lgan sportchilar ro‘yxatini ilova qilgan hamda ular umumiy qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinishi haqida yozilgan.

Huquqshunos mazkur holat bo‘yicha mas’ul tashkilotlardan rasmiy izoh so‘ragan.

«Lekin yana bir narsa, agar barcha sportchilar qo‘shimcha kvotaga o‘tkazilgani bilan, 189 ball olganlar grantga kirishiga to‘sqinlik qiladigan yana bir toifa imtiyozchilar baribir saqlanib qolishi mumkin. Bular «Temurbeklar maktabi» bitiruvchilari bo‘lib, ularga qo‘shimcha ball beriladi va ularning ko‘pchiligining ballari 189 balldan oshib ketgan. Ha, shunaqa, O‘zbekiston ana shunday mantiqsiz imtiyozlar mamlakati. Bu mavzuga yana qaytamiz», deya postini yakunlaydi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Eslatib o‘tamiz, 25 sentabr kuni 2020-2021 yilgi o‘quv yili uchun OTMlarga kirish imtihonlarining natijalari e’lon qilindi. Qator oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlar testlarni 100 foiz to‘g‘ri yechgan bo‘lsa ham imtiyozli abituriyentlar tufayli davlat budjeti asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar qatoriga kira olmadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Huquqshunos: Imtiyozlar noto‘g‘ri qo‘llangan, abituriyentlar bilan qayta hisob-kitob qilinishi kerak