13:30 / 30.09.2020
2 593

Mirziyeyovning BMT minbaridagi chiqishi rus va qozoq ekspertlarida qanday taassurot qoldirdi

Mirziyeyovning BMT minbaridagi chiqishi rus va qozoq ekspertlarida qanday taassurot qoldirdi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining yubiley 75-sessiyasidagi so‘zlagan nutqi, undagi taklif va tashabbuslar to‘g‘risida xorijiy ekspertlar ham o‘z fikrlarini bayon etishmoqda. Kun.uz rossiyalik va qozog‘istonlik olim, mutaxassis hamda ekspertlarning bu boradagi qisqacha fikrlarini to‘pladi.
Darya Chijova, Moskva davlat universiteti qoshidagi axborot-tahlil markazi direktori:

Skrinshot Youtube. Qozog‘istonning RFdagi elchixonasi
«Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasidagi ilgari surilgan barcha tashabbuslari o‘z vaqtida aytilgan va muhimdir.

O‘zbekiston prezidenti «bir butun yondashuv»ni namoyish etdi: bir tomondan tashabbuslar mahalliy muammolarni hal qilishga qaratilgan, ikkinchi tomondan — mamlakat xalqaro kooperatsiyani mustahkamlash yo‘lidan bormoqda. Bu vaziyatda respublika xalqaro jarayonlarning shunchaki ishtirokchisi bo‘lish bilan cheklanmoqchi emas, o‘zini tashkilotchilik imkoniyatlari mavjud bo‘lgan faol sub’ekt sifatida namoyon qilmoqda».

Andrey Kazansev, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti xalqaro tadqiqotlar institut bosh ilmiy xodimi, Oliy iqtisodiyot maktabi milliy tadqiqot universiteti professori:

Foto: Sputnik
«Prezidentning diqqat markazida ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘ldi. BMTning yaqin istiqboldagi kun tartibida markaziy mavzu bo‘lishi lozim bo‘lgan qashshoqlikni bartaraf etish yo‘lida global kurash olib borish haqidagi so‘zlari ayniqsa dolzarb bo‘ldi»

Eduard Solovyov, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti postsovet tadqiqotlar markazi rahbari:

Foto: 24.kz
«Prezident Shavkat Mirziyoyevning chiqishidagi asosiy chiziq O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, butun Yevroosiyoni bog‘lab turuvchi transport logistika yo‘laklari kesishmasi mintaqaviy habi sifatida alohida o‘ringa ega ekanligi haqidagi fikr bo‘ldi.

Umuman olganda, Shavkat Mirziyoyevning nutqi ham ichki, ham tashqi auditoriyaga yo‘llangan, muvozanatlashgan xarakterga ega bo‘ldi».

Aleksandr Vorobyov, Rossiya fanlar akademiyasi sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi:

Foto: Report.az
«Bugun Shavkat Mirziyoyev o‘z mamlakati manfaatlaridan kelib chiqib harakat qilmoqda, lekin bu manfaatlar boshqa davlatlarning manfaatlariga raxna solayotgani yo‘q. Bu bilan respublika amalda o‘zining barcha tashabbuslari hayotda amalga oshishini kafolatlaydi.

O‘zbek lideri tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar nafaqat respublikaning o‘ziga, shuningdek, jahon hamjamiyatining keng doiradagi a’zolariga ham foyda keltiradi».

Andrey Xriyenko, «Vector» strategik tadqiqotlar xalqaro institutining bosh direktori:

Foto: UzA
«Bugun biz koronavirus pandemiyasi sharoitlarida yashayotganimizni hisobga olsak, Shavkat Mirziyoyevning pandemiya sharoitida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi Xalqaro kodeksni yaratish to‘g‘risidagi chaqiriqlari juda dolzarb tashabbusdir. Bu juda istiqbolli va muhim taklif bo‘lib, uni amalga oshirish har bir insonning salomatligi va farovonligini ta’minlovchi adolatli global tizim shakllanishiga xizmat qiladi».

Andrey Rusakov, «Yevropa-Osiyo tadqiqotlari markazi» direktori (Yekaterinburg sh.):

Foto: Aleksandr Isakov
«Shimol va janubni, sharq va g‘arbni bog‘lash zaruriyati yangi transport yo‘laklari uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochadi va ularni qo‘shilgan qiymat zanjiriga aylantiradi. Har bir davlatning unikal raqobatbardosh ustunligi barcha uchun zarur tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarilishiga yordam berishi mumkin».

Bekejan Tokkojayev, «Nur-Otan» partiyasi siyosiy kengashi a’zosi, Qozog‘istonning turizm bo‘yicha faxriy xodimi

Foto: facebook/kandidat.dshynybekov21
«Hanuz koronavirusdan keyin dunyo qanday bo‘lishi haqida aniq ishlab chiqilgan strategiya yo‘q. Shu nuqtayi nazardan, Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan takliflari jahon hamjamiyati uchun juda zarur hisoblanadi.

Aynan har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldida majburiyatlarni o‘z zimmasiga olish umumiy mas’uliyatni oshiradi, bunday pandemiyalarning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini minimallashtirish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish, jahon iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoaviy choralarni ishlab chiqish, eng ko‘p jabr chekkan davlatlarga ko‘mak berish imkonini beradi».

Lazzat Axanova, O‘zbekistonning Qozog‘istondagi turizm elchisi, «S.Bayterekov studiyasi» fondi prezidenti

Foto: UzA
«Men o‘ylaymanki, turizm va madaniyatni rivojlantirishga alohida e’tibor berib kelayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoga va Buyuk ipak yo‘li shaharlariga qiziqishning yangi to‘lqinini boshlab berishi mumkin. Bu borada «Markaziy Osiyo jahon tamadduni chorrahasida» xalqaro forumi aynan qadimiy Xivada o‘tkazilishi juda quvonarli. Axir mintaqamizning ko‘p asrlik madaniy va ma’naviy merosi global umumbashariy ahamiyatga ega».

Rustam Burnashev, Qozog‘iston nemis universiteti professori:

Foto: worldandwe.com
«Mirziyoyev tomonidan ko‘tarilgan mavzular, xususan, mintaqaning umumiy suv resurslaridan foydalanish, Orol dengizining qurishi oqibatlari, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash kabi masalalar O‘zbekiston o‘z atrofida qurayotgan «yaxshi qo‘shnichilik mintaqaviy belbog‘i»ning ajralmas qismi sifatida Afg‘onistonni ko‘rmoqda. Bundan tashqari, bu chaqiriq o‘ta aniq-tiniq qilib bayon etildi: O‘zbekiston lideri «Biz Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida ko‘ramiz», deya ta’kidlab o‘tdi».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Mirziyeyovning BMT minbaridagi chiqishi rus va qozoq ekspertlarida qanday taassurot qoldirdi