13:45 / 15.10.2020
4 702

«Toshkent shahar IIBB bayonoti noto‘g‘ri». IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan erkakning advokati voqea aslida qanday bo‘lganini ma’lum qildi

«Toshkent shahar IIBB bayonoti noto‘g‘ri». IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan erkakning advokati voqea aslida qanday bo‘lganini ma’lum qildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda bir fuqaroning huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olinishi tasvirlangan video tarqalgan edi. Poytaxt IIBB mazkur holatga izoh berib, qo‘lga olingan fuqaro MCHJlardan birining rahbari ekani va u majburiy soliq to‘lovlaridan bo‘yin tovlaganini bildirgan. «Xabar.uz» nashrining Corporate Lawyer advokatlik byurosi advokati Azamat Egamberdiyevga tayanib ma’lum qilishicha, voqea aslida Toshkent IIBB e’lon qilganidan farq qiladi.

Unga ko‘ra, video yuzasidan berilgan izoh aniq faktlarga asoslanmagan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Jumladan: «2 oktabr kuni Mirobod tumani IIO FMB tezkor xodimlari tomonidan prokuratura organlarining qaroriga ko‘ra mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining rahbari bo‘lmish Sayidali M.ning turar joyi aniqlangan. Ilgariroq tergovoldi tekshiruvlari davomida prokuratura xodimlari tomonidan mazkur MCHJ rahbariyati majburiy soliq to‘lovlaridan bo‘yin tovlagani aniqlangan», – deyiladi Toshkent shahar IIBB matbuot markazining rasmiy xabarida. Biroq 2 oktabr kuni MCHJga nisbatan to‘plangan materiallar bilan tanishilganida departament organlari tomonidan Sayidali M.ni majburiy keltirish to‘g‘risida qaror, unga yuborilgan chaqiruv qog‘ozlari, telegramma yoki biror bir telefonogramma mavjud emasligi aniqlangan. «Shunday ekan, uni ko‘chada hech qanday izohsiz, qo‘liga kishan taqqan holda mashinaga ‘bosib’ ketish o‘zboshimchalikdan boshqa narsa emas», — deydi advokat.

Bundan tashqari, Sayidali M. MCHJda 2019 yil fevral oyiga qadar direktor lavozimida ishlagan bo‘lib, ayni paytda umuman boshqa mas’uliyati cheklangan jamiyatiga rahbarlik qilib kelmoqda. «Sayidali M. ishdan ketgandan keyin o‘sha MCHJda majburiy soliq to‘lovlaridan bo‘yin tovlaganligi aniqlangan bo‘lsa, bunga uning nima daxli bor? Demak,Toshkent shahar IIBB matbuot markazi tomonidan berilgan rasmiy xabarning ushbu qismi haqiqatdan umuman yiroq», — deya ta’kidlaydi advokat.

Shuningdek, advokat Saydali M.ga nisbatan boshqa bir MCHJ rahbaridan dori vositalarining oldi-sotdisi kelishuvi bo‘yicha qolgan mablag‘ni to‘lamagani borasida ariza kelib tushgani to‘g‘risidagi ma’lumotga ham e’tiroz bildirgan.

Ta’kidlanishicha, Sayidali M. 2019 yil fevral oyidan buyon tipografiya va qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish va mahsulot ishlab chiqaruvchilarga yetkazib berish faoliyati bilan shug‘ullanib keladi. «Agar unga nisbatan rostan ham ariza kelib tushgan bo‘lsa, nega uni chaqiruv qog‘ozi yoki telefon orqali ham chaqirilmay kuppa-kunduzi, xuddi jinoyatchini ushlaganday qo‘liga kishan urilishi kerak? Vaholanki, unga nisbatan ariza tushganligining o‘zi shubhali», — deydi advokat.


«Rasmiy izohdagi go‘yoki tezkor xodimlar o‘zlarini tanishtirib va xizmat guvohnomalarini ko‘rsatib, Sayidali M.ga tuman prokuraturasiga unga nisbatan kelib tushgan ariza bo‘yicha holatni aniqlash uchun borish kerakligini aytishgani, biroq fuqaro qochishga urinib, faol qarshilik ko‘rsatgani, shuning uchun xodimlar qonunchilikka muvofiq uning qo‘llariga kishan solib prokuraturaga olib borishga majbur bo‘lishganiga oid gaplar ham yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Videotasvirda tasvirga oluvchi shaxs ‘nima uchun?’ degan savolni kamida 6-7 marotaba takrorlagan bo‘lib, tezkor xodimlar ‘borganda bilasiz’ degan javobdan narigi o‘tmaganini yaqqol ko‘rinadi. Yaqqol ko‘rinib turgan holatni inkor etish — tezkor xodimlarning aybini ochidan ochiq yashirishdan boshqa narsa emas. Qolaversa, o‘sha paytda fuqaroning yonida bo‘lgan guvohlar tezkor xodimlar o‘zlarini tanishtirib, guvohnomalarini ko‘rsatib emas, balki orqadan kelib, ‘tappa bosishganini’ tasdiqlashi mumkin», — deya qayd etadi advokat.

Advokatning alohida ta’kidlashicha, qo‘liga kishan urilgan holda majburan Mirobod tumani prokuraturasiga olib kelingan Sayidali M. u yerda taxminan 40 daqiqa o‘sha holatda ushlab turilgan. Tuman prokurori o‘rinbosari qabuliga olib kirilganidan keyingina holatga aniqlik kiritilgan va qo‘llaridan kishan yechilgan.

Nashr voqelik bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot to‘plash maqsadida Bosh prokuratura bilan bog‘langan. Idora matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, hozirgi kunda holat yuzasidan Mirobod tumani departamenti va tuman IIB tezkor xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlab yuborilgan. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » «Toshkent shahar IIBB bayonoti noto‘g‘ri». IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan erkakning advokati voqea aslida qanday bo‘lganini ma’lum qildi