22:54 / 07.12.2020
3 059

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya qabul qilinganining 28 yilligi bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya qabul qilinganining 28 yilligi bilan tabrikladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya qabul qilinganining 28 yilligi bilan O‘zbekiston xalqini tabrik yo‘lladi. Tabrik Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Tabrikda aytilishicha, 2020 yil davomida 500 mingdan ortiq tadbirkor va 8 milliondan ziyod fuqaro uchun 34 trillion so‘mga yaqin imtiyozlar berildi, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va bandlikni oshirishga 2,6 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi.

Uyma-uy yurib aholi muammolarini o‘rganish natijasida 2,5 milliondan ziyod a’zosi bo‘lgan 590 mingdan ortiq oilani qo‘llab-quvvatlash uchun 840 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Xususan, har bir xonadondagi ayollar va yoshlarning ehtiyoji, hayotiy muammolari aniqlanib, 300 mingga yaqin oilaning mehnatga layoqatli a’zolari ish bilan ta’minlandi.

Qayd etilishicha, biznes hamjamiyati, tadbirkor va fermerlar, fuqarolar ishtirokida tashkil etilgan «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida aholining ijtimoiy yordamga muhtoj toifalariga 204 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

Prezidentning ma’lum qilishicha, o‘tgan 25 yilda 482 nafar shaxsga fuqarolik berilgan bo‘lsa, 2020 yilning o‘zida 8 mingdan ziyod kishi shu huquqqa ega bo‘ldi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sotib olish bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilingani tufayli 40 mingdan ortiq fuqaro poytaxt mintaqasida sotib olgan uy-joylarini o‘z nomiga rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘ldi.

Davlat rahbarining bildirishicha, pandemiya davrida 500 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga olib kelindi. Chet ellarda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqaroga turli yordamlar ko‘rsatildi. Quyida Prezident tabrigining to‘liq matni taqdim etiladi.

Muhtaram vatandoshlar!
Sizlarni ulug‘ ayyom — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

Qadrli do‘stlar!
Dunyo miqyosida avj olgan koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimlarni keng miqyosda o‘tkazishning, afsuski, imkoni bo‘lmayapti. Lekin, shunga qaramasdan, bu bayramning ruhi va shukuhi qalblarimizda, yuraklarimizda davom etmoqda. Bu ayyom yurtimizning mehnat jamoalari, ta’lim maskanlari, mahallalarda shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda.

Konstitutsiyamizning qoida va tamoyillaridan kelib chiqib, biz bundan to‘rt yil oldin Harakatlar strategiyasini qabul qildik hamda keng ko‘lamli va shiddatli demokratik islohotlarni boshladik. Ularning huquqiy asosini Konstitutsiyamizga 7 marta kiritilgan o‘zgartirishlar, qabul qilingan 5 ta kodeks va 250 ga yaqin qonunlar tashkil etmoqda.

O‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi, odamlarimizning dunyoqarashi butunlay o‘zgargani, har bir yurtdoshimiz mamlakatimizning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgani Bosh qomusimizning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.

Ana shu ulkan salohiyatga tayanib, xalqimiz bugungi kunda murakkab sinovlarni mardona yengib, yurtimizda erkin, obod va farovon hayot — yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda.

«Yangi O‘zbekiston» degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.

Konstitutsiyamiz yaratib bergan ulkan huquqiy imkoniyatlarning samarasi bo‘lgan bunday yutuq va natijalar barchamizga albatta yuksak g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Hurmatli yurtdoshlar!
«Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir» degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan, Konstitutsiya va qonun ustun bo‘lgan samarali va barqaror tizim shakllanmoqda.

Ana shunday konstitutsiyaviy poydevorga asoslangan ushbu tizim dunyo shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi murakkab vaziyatda turli tahdid va sinovlar, jumladan, global pandemiyaga qarshi kurashda, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida yuz bergan tabiiy va texnogen ofatlarning oqibatlarini bartaraf etishda o‘zini to‘la oqladi.

Konstitutsiyamiz mohiyatiga chuqur singdirilgan demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat hamda insonparvarlik tamoyillarini ta’minlash bo‘yicha mamlakatimizda tizimli va ortga qaytmaydigan demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda.

Avvalo asosiy qonunimizda kafolatlangan malakali tibbiy xizmatdan foydalanish va kuchli ijtimoiy himoyani ta’minlash bo‘yicha har bir insonning huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirishda barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Pandemiya davrida aholi sog‘lig‘ini saqlash, ishsiz qolgan fuqarolarga yordam berishga, tadbirkorlarga birinchi darajali e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 10 trillion so‘m fondga ega bo‘lgan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilib, uning mablag‘lari sog‘liqni saqlash, ijtimoiy infratuzilmalar, aholi va korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi.

Yil davomida 500 mingdan ortiq tadbirkor va 8 milliondan ziyod fuqaro uchun 34 trillion so‘mga yaqin imtiyozlar berildi, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va bandlikni oshirishga 2,6 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi.

O‘tkir ijtimoiy muammo bo‘lib kelayotgan aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha davlat dasturi doirasida faqat joriy yilning o‘zida 13 mingdan ziyod yurtdoshlarimizga yangi uylarning kaliti topshirildi.

Shu bilan birga, Sardoba tumanida ofatdan zarar ko‘rgan xonadonlar uchun ko‘p qavatli yangi uylar, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini o‘z ichiga olgan go‘zal va zamonaviy shaharcha bunyod etildi.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan mingdan ortiq xotin-qizlarga uy-joy bo‘yicha boshlang‘ich badallar to‘lab berilgani ham ana shunday ezgu ishlarimiz qatoriga kiradi.

Faol gender siyosati doirasida xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy mavqeyini mustahkamlash bo‘yicha jadal ishlar davom ettirilmoqda.

Bularning barchasi pandemiya va uning oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy va ijtimoiy inqirozning salbiy ta’sirini yumshatish imkonini bermoqda va xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Qadrli yurtdoshlar!
Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topgan adolat prinsipini amalda ta’minlash bo‘yicha ham katta ishlar olib borilmoqda. Jumladan, kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy yordamning yangi va samarali mexanizmlari joriy etilmoqda.

Uyma-uy yurib aholi muammolarini o‘rganish natijasida 2,5 milliondan ziyod a’zosi bo‘lgan 590 mingdan ortiq oilani qo‘llab-quvvatlash uchun 840 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Xususan, har bir xonadondagi ayollar va yoshlarning ehtiyoji, hayotiy muammolari aniqlanib, 300 mingga yaqin oilaning mehnatga layoqatli a’zolari ish bilan ta’minlandi.

Eng muhimi, odamlarda erkin mehnat qilish, ishbilarmonlik va tadbirkorlik hisobidan kambag‘allikdan chiqish tajribasi va ko‘nikmasi shakllanmoqda.

Yurt boshiga ish tushgan og‘ir kunlarda biznes hamjamiyati, tadbirkor va fermerlarimiz, mehr-oqibatli fuqarolarimiz ishtirokida tashkil etilgan «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati insonparvarlikning yana bir yuksak namoyoni bo‘ldi. Umumxalq harakati doirasida aholining ijtimoiy yordamga muhtoj toifalariga 204 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

«Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi», degan g‘oya asosida umummilliy ta’lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli ko‘rilmagan e’tibor qaratilmoqda. Ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot, sport sohalarini rivojlantirish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning, ayniqsa, qizlarimizning iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarish borasida ham ko‘p ishlar qilinmoqda.

Bularning barchasi yurtimizda Uchinchi Renessans — milliy taraqqiyotimizning yangi davri poydevorini yaratishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim konstitutsiyaviy tamoyil — inson huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha barcha sohalarda, ayniqsa, sud-huquq tizimida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning tasdig‘ini keyingi to‘rt yilda 2600 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilib, 2400 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingani, 7 ta sud bosqichi 3 bosqichga keltirilib, sud tizimi «bir sud — bir instansiya» tamoyili asosida qayta tashkil etilayotganida ko‘rish mumkin.

Mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya izchil amalga oshirilmoqda.

Afv institutini qo‘llash borasidagi ishlarimiz izchil davom ettirilmoqda. Shu yilning o‘zida bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan va o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lgan 300 dan ortiq shaxs afv etilib, jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi, 200 nafar mahkumning jazo muddatlari qisqartirildi.

Uzoq vaqt fuqarolikka ega bo‘lmay kelgan insonlar bugungi kunda o‘zlarini to‘laqonli O‘zbekiston fuqarolari deb his etmoqda. O‘tgan yigirma besh yilda 482 nafar shaxsga fuqarolik berilgan bo‘lsa, bugungi kunda 50 mingdan ziyod kishi shu huquqqa ega bo‘lmoqda. Bu esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig‘iga munosib javob bo‘ladi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulk sotib olish bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilingani tufayli 40 mingdan ortiq fuqaro poytaxt mintaqasida sotib olgan uy-joylarini o‘z nomiga rasmiylashtirish imkoniga ega bo‘ldi.

Muhtaram vatandoshlar!
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalq farovonligini oshirish borasida olib borilayotgan izchil siyosat jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Bu haqda so‘z yuritganda, shu yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan bir qator global va mintaqaviy tashabbuslar, aniq amaliy takliflar xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Oktyabr oyida esa mamlakatimiz milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy organlaridan biri bo‘lgan Inson huquqlari kengashiga a’zo etib saylandi.

Bu — biz olib borayotgan ochiq va faol tashqi siyosatning yana bir katta yutug‘i, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.

Mamlakatimizda investitsiya va biznes muhiti yaxshilanayotgani, turizm va eksport salohiyati yuksalib borayotgani, Xalqaro mehnat tashkilotining standart va qoidalari hayotga faol tatbiq etilayotgani tufayli O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni yil sayin yuksalmoqda.

Pandemiya va global iqtisodiy inqiroz sababli yuzaga kelgan turli to‘siq va muammolarga qaramasdan, tashqi aloqalarimiz to‘xtab qolmadi. Qo‘shni va hamkor davlatlar bilan siyosiy va savdo-iqtisodiy, gumanitar sohalardagi aloqalar uzluksiz davom etmoqda.

Xorijiy mamlakatlardagi fuqarolarimizning mavjud muammolarini tezkor va ijobiy hal etish, ularga amaliy huquqiy yordam ko‘rsatish hamda Vatanimizga qaytarish borasida bu yil aniq chora-tadbirlar amalga oshirilgani xalqimizga yaxshi ma’lum. Xususan, pandemiya davrida 500 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarosi yurtimizga olib kelindi. Chet ellarda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin yurtdoshimizga turli yordamlar ko‘rsatildi.

Yolg‘on va’dalarga aldanib, mamlakatimizdan chiqib ketgan va qurolli mojarolar bo‘layotgan Yaqin Sharq mintaqasida og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazayotgan fuqarolarimiz, asosan ayollar va bolalarni mamlakatimizga qaytarib olib kelish bo‘yicha insonparvarlik tadbirlari davom ettirilmoqda.

Shu munosabat bilan yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: O‘zbekiston fuqarolari hamisha o‘z davlati va Konstitutsiyasi himoyasida bo‘ladi va biz bu tamoyilni bundan buyon ham qat’iy amalga oshiramiz.

Hurmatli do‘stlar!
Keyingi yillarda erishgan ijobiy natijalarimiz biz ko‘zlayotgan ulug‘vor maqsadlar yo‘lidagi dastlabki qadamlar ekanini yaxshi tushunamiz. Bu borada hali oldimizda ulkan vazifalar turibdi.

Birinchidan, Konstitutsiya va qonunlarimizni yanada takomillashtirishni bugun hayotning o‘zi talab etmoqda. Jumladan, xalqimiz manfaatlariga, hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirishga xizmat qiladigan qonunlarni qabul qilish, davr talablariga javob bermaydigan qonun hujjatlarini bekor qilib, qonunchilik bazasini ixchamlashtirish, biznes faoliyatini tartibga solish borasidagi ortiqcha normalarni kamaytirish zarur.

Ushbu vazifalarni bajarishda siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol bo‘ladilar, deb o‘ylayman.
Ikkinchidan, taraqqiyot kushandasi bo‘lgan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini ishlab chiqish va amalga oshirish lozim.

So‘nggi ikki yilda noqonuniy xatti-harakati bilan davlatga 2 trillion so‘m zarar yetkazgan 1986 nafar mansabdor shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgani bu masala naqadar dolzarb ekanini ko‘rsatadi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarimizni tizimli va kompleks davom ettirish uchun 2021—2025 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi ustida ish olib bormoqdamiz.

Shu o‘rinda yana bir bor ta’kidlab aytaman: bu masala biz uchun o‘ta muhim va ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Chunki korrupsiya — bu davlatimizni ich-ichidan yemirib, milliy xavfsizligimizga raxna soladigan g‘oyat xatarli tahdid va unga qarshi murosasiz kurash olib borish — barchamizning burchimizdir.

Uchinchidan, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash masalalariga yanada kuchli e’tibor qaratishimiz zarur. «Qonun — ustuvor, jinoyatga — jazo muqarrar» degan konstitutsiyaviy tamoyilni amalda ta’minlash uchun huquq-tartibot idoralarining bor kuch va imkoniyatlari safarbar etiladi.

To‘rtinchidan, muhtaram nuroniylarimiz, hurmatli xotin-qizlarimiz, aziz yoshlarimizning hayotiy manfaatlarini ta’minlash, xonadon va mahallalarimizda, yagona va ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli yurtimizda tinchlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash biz uchun bundan buyon ham ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.

Beshinchidan, so‘z va matbuot erkinligi, ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qaratilgan ishlarimizning ta’sirchanligini yanada oshiramiz.

Bir haqiqat hammamizga ayon bo‘lishi kerak: barcha sohalarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz qatori jamiyatimizda ochiqlik va oshkoralik, o‘zini o‘zi tanqid va demokratik yangilanish jarayonlari endi hech qachon ortga qaytmaydi va biz bu yo‘lni qat’iy davom ettiramiz.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Xalqimiz hayotini yanada obod va farovon qilish, yurtimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir insonga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish — davlatimiz va jamiyatimizning bosh vazifasidir.

Mana shunday ezgu va sharafli maqsad yo‘lida keksayu yosh barcha vatandoshlarimiz bir tanu bir jon bo‘lib harakat qiladilar, yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘lib maydonga chiqadilar, deb ishonaman.

Sizlarni Konstitutsiya kuni bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, shaxsiy va ijtimoiy hayotda katta muvaffaqiyatlar tilayman.

Xonadonlarimizni, go‘zal yurtimizni tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka aslo tark etmasin!

Barcha ezgu orzu-niyatlarimiz ro‘yobga chiqsin!
Yaratganning o‘zi hammamizni panohida asrasin!

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya qabul qilinganining 28 yilligi bilan tabrikladi