00:23 / 14.12.2020
4 992

Yangi yil bayramini o‘tkazish bo‘yicha maxsus komissiya qaror qabul qildi

Yangi yil bayramini o‘tkazish bo‘yicha maxsus komissiya qaror qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi bayonoti e’lon qilindi.

«So‘nggi vaqtda jahonda, shu jumladan, qo‘shni davlatlarda karantin cheklovlarining amal qilish muddati uzaytirib borilayotgani, shuningdek yangi 2021 yil kirib kelayotganini inobatga olib, epidemiologik vaziyatning barqarorligini saqlab qolish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qarori qabul qilindi», – deyiladi bayonotda.

Unga ko‘ra:
  • vazirlik, idoralar, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar va boshqa tashkilotlariga turli xil korporativ bayram tadbirlari tashkil etish taqiqlandi;
  • vazirlik, idoralar, davlat ulushi bo‘lgan korxonalar va boshqa tashkilotlariga korporativ bayram tadbirlaridan tejab qolingan mablag‘larni ta’lim, sog‘liqni saqlash, mehribonlik uylari va boshqa ijtimoiy sohalarga yo‘naltirish tavsiya etildi;
  • yuqoridagi cheklov restoran, kafe va boshqa umumiy ovqatlanish ob’ektlarida 30 kishidan oshmagan hamda sanitariya-gigiyena va karantin talablariga qat’iy rioya etgan holda bayram tadbirlarini o‘tkazishga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilandi;
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari hamda oliy ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar, o‘quvchilar va talabalar ishtirokida yopiq binolarda turli bayram tadbirlari va kechalarini tashkil etish va o‘tkazish taqiqlandi;
  • fuqarolarga yangi 2021 yil bayrami tadbirlarini oila davrasida o‘tkazish tavsiya etildi;
  • yangi yil bayrami munosabati bilan bolajonlar uchun mo‘ljallangan «Prezident archasi» bayram tadbirlari faqatgina mehribonlik uylari va bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari uchun o‘tkazilishi belgilandi, bunda tarbiyalanuvchilarning birgalikda bir maskanda istiqomat qilishi inobatga olindi;
  • viloyatlar, tumanlar markazlari va shaharlarda ochiq osmon ostida archalar o‘rnatish tavsiya etildi.

Ta’kidlanishicha, vazirlik, idoralar va boshqa davlat tashkilotlari hamda xo‘jalik birlashmalari yangi 2021 yil bayrami tadbirlarini oila davrasida o‘tkazish uchun xodimlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko‘radi.

Restoran, kafe, choyxona va boshqa umumiy ovqatlanish shoxobchalarida karantin cheklovlariga (mijozlarni joylashtirishda ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobdan foydalanish, 30 kishidan oshmagan holda to‘y va oilaviy marosimlarni o‘tkazish, shuningdek, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish) qat’iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha mas’ul idoralarga tegishli topshiriq berildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini hamda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasidagi xorijiy mamlakatlar ijobiy tajribasini inobatga olgan holda jamoat joylarida niqobdan foydalanish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish nazarda tutildi.

Yangi yil bayram 2021 yil
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » O‘zbekiston » Yangi yil bayramini o‘tkazish bo‘yicha maxsus komissiya qaror qabul qildi