08:36 / 17.12.2020
1 769

Deputatlar ayrim jarimalarni kamaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqdi

Deputatlar ayrim jarimalarni kamaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqdi
Yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun belgilangan jarimalarning minimal miqdorini qo‘llash, takroran sodir etganlik uchun jarima miqdorini pasaytirish, ayrim hollarda huquqbuzarlikning oqibatidan kelib chiqib jarima belgilash taklif etilmoqda.

Oliy Majlisning uch nafar deputati yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ayrim javobgarlik choralarini yengillashtirishni taklif etmoqda. Kun.uz nashrining xabar berishicha, deputatlar – E.Salixov, F.Ashmatov va K.Tojiyev ishlab chiqqan qonun loyihasida quyidagi takliflar ilgari surilgan:
  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi ayrim turdagi qoidabuzarliklarga nisbatan bazaviy hisoblashning «eng kam» va «eng ko‘p» miqdorda belgilangan jarimalarning minimal darajasini qo‘llash;
  • takroran sodir etilgan ba’zi huquqbuzarliklarga nisbatan jarimalar miqdorini kamaytirish;
  • ayrim huquqbuzarliklarga nisbatan jarimalar miqdorini oqibatidan kelib chiqqan holda belgilash.

Bundan tashqari, hukumatning ayrim qarorlariga ham quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda:
  • avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’i nazar, respublikaning istalgan hududida texnik ko‘rikdan o‘tkazishga ruxsat berish;
  • haydovchilik guvohnomalarini berish jarayonlarida inson omilini kamaytirishga qaratilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
  • haydovchilik guvohnomalarini yo‘qotgan (o‘g‘irlangan, yong‘in, tabiiy ofat oqibatida va boshqa hollarda) shaxslarga dublikat berish tartibini soddalashtirish.

Ishlab chiqilayotgan qonun loyihalari Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritilib, siyosiy partiyalar fraksiyalari muhokamalaridan so‘ng, Qonunchilik palatasi yalpi majlislarida uch o‘qishda ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, Qonunchilik palatasining Mudofaa-xavfsizlik qo‘mitasi deputatlari to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun jarimalarni kamaytirmoqchi. Bunday qoidabuzarlik necha marta sodir etilishidan qat’i nazar, jarima BHMning 1 baravari etib belgilanishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)