16:43 / 28.12.2020
2 312

O‘zbekiston aholisi Yangi yilni qorsiz kutib oladi

O‘zbekiston aholisi Yangi yilni qorsiz kutib oladi
«O‘zgidromet»ning xabar berishicha, bu hafta O‘zbekistonning barcha hududlari sibir antitsikloni periferiyasi ta’siri ostida bo‘ladi, u Rossiyaning Uraldan Oxota dengizigacha bo‘lgan keng hududini o‘z ichiga qamrab oladi. Ushbu antisiklonning periferiyasi Qozog‘iston orqali O‘zbekiston hududiga kirib keladi.

Shu munosabat bilan dekabr oyining oxirgi kunlari va yanvar oyining birinchi kunlari respublika bo‘yicha sovuq va quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Hafta davomida me’yordan 4—7 darajaga past bo‘lgan harorat saqlanib turadi.

Qayd etilishicha, 27 dekabrda yog‘ib o‘tgan qor bu yilgi so‘nggi qor edi, O‘zbekiston aholisi Yangi yilni qorsiz kutib oladi.

So‘nggi yillardagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda ushbu kunlarda yog‘ingarchilik 3—4 yilda o‘rtacha bir marta bo‘ladi. Biroq bu yog‘ingarchiliklar har doim ham qor ko‘rinishida bo‘lmaydi. Yangi yil kechasida qor yog‘ishi yanada kam bo‘ladi.

So‘nggi yillarda eng qorli kun 2007 yilning birinchi kuni bo‘lgan. Qor Yangi yil arafasida boshlanib, 1 yanvarda butun kun davomida yog‘ishda davom etgan.

Toshkentda meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng past harorat 1889 yilning Yangi yil kechasida kuzatilgan bo‘lib, 28 daraja sovuq bo‘lgan.

Oxirgi 50 yil ichida Toshkentda bunday past harorat kuzatilmagan va bu davrda eng sovuq 1991 yil 1 yanvarga o‘tar kechasi bo‘lib, Toshkentda harorat 13 daraja sovuqqacha pasaygan.

Eng issiq Yangi yil bayramlari 2009 yildan 2010 yilga va 2015 yildan 2016 yilga o‘tishda kuzatilgan bo‘lib, kunduzgi harorat 31 dekabrda va 1 yanvarda 18—19 daraja issiq bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston aholisi Yangi yilni qorsiz kutib oladi