07:53 / 05.08.2021
3 127

O‘zbekistonda ko‘chma savdo va mavsumiy kafelarning ishlash tartibiga oid nizom tasdiqlandi


«Ko‘chma savdo faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish hamda savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Telegram’dagi «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Qaror bilan ko‘chma savdoni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, «K-Savdo» avtomatlashtirilgan axborot tizimida ko‘chma savdo ob’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazgan tadbirkorlar O‘zbekiston hududida ko‘chma savdo bilan shug‘ullanishi mumkin.

Nizom bilan ko‘chma savdoni amalga oshirishning majburiy talablari va shartlari, savdo ob’ektining ixtisoslashuv turlari, ko‘chma savdosi taqiqlangan tovar turlari belgilangan.

Ro‘yxatdan o‘tkazilgan ko‘chma savdo joyini yoki uning bir qismini boshqa shaxsga foydalanishga yoki ijaraga berish taqiqlanadi.
Transport vositasi orqali ko‘chma savdo faoliyati «K-Savdo» AAT orqali savdo qilinadigan joy haqida xabarnoma yuborish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Ko‘chma savdo joyi elektron auksionda sotiladi. Bunda tadbirkorga ko‘chma savdo joyidan ko‘pi bilan 36 oy muddatga foydalanish huquqi beriladi.

Ko‘chma savdo maydonidan foydalanish huquqini olgan tadbirkorlar faqat bayram va ommaviy tadbirlar o‘tkazish davrida vaqtinchalik asosda joylashtirish sxemasidan tashqarida faoliyat yuritishi mumkin.

«K-Savdo» AATda ko‘chma savdo ob’ektni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi. Joylashish sxemalari har uch yilda bir marta qayta ko‘rib chiqiladi. Qaror bilan, shuningdek, Umumiy ovqatlanish korxonalari mavsumiy kafelarining ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, 2021 yil 1 oktabrgacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida umumiy ovqatlanish korxonalarining mavsumiy kafelarini joylashtirish bo‘yicha elektron ariza berish xizmati joriy etiladi.

2021 yil 1 noyabrgacha har bir tuman (shahar) kesimida ko‘chma savdo joylari tanlanib, ko‘chma savdo ob’ektlarining joylashish sxemalari tuziladi hamda ular «K-Savdo» AATga joylashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilda O‘zbekistonda tadbirkorlarning ruxsat olishda shaffof mexanizmning yo‘qligi sabab yozgi terrasalar noqonuniy deb topilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Masalan, «qog‘ozda» munitsipal hududga fudtrak (kafe-furgon) joylashtirish uchun hududga javobgar hokimlik bilan shartnoma imzolash kifoya, biroq reglament yo‘qligi sabab buni amaliyotda qo‘llash imkonsiz edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda ko‘chma savdo va mavsumiy kafelarning ishlash tartibiga oid nizom tasdiqlandi