22:34 / 17.12.2016
7 761

Yaponiyaning birinchi xonimi o‘zbekistonlik talabani mehmonga taklif qildi

Yaponiyaning birinchi xonimi o‘zbekistonlik talabani mehmonga taklif qildi

2 dekabr kuni Tokio shahridagi Yaponiya Bosh vaziri qarorgoxida hamyurtimiz Faxriddin Ergashev mehmon bo‘ldi. Tokio chet tillari universitetida davlat granti asosida tahsil olayotgan Faxriddin oliygohning chet ellik talabalari vakili sifatida Yaponiyaning birinchi xonimi (ya’ni Bosh vazir Shinzo Abening rafikasi) Akie Abe bilan uchrashdi.

O‘zbekistonlik talaba mazkur uchrashuv haqidagi taassurotlari va o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

"Akie xonim bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yaponiyaning turli universitetlari (jumladan men tahsil oladigan Tokio chet tillari universiteti, Tokio , Vaseda , Keio, Xokkaydo, Xitosubashi, Kioto universiteti)dan jami 10 nafarga yakin talaba ishtirok etdi. O‘rta Osiyo mamlakatlaridan faqat O‘zbekiston vakili sifatida ishtirok etdim. Akie Abe xonim bilan birgalikda tushlik kilib, turli mavzularda suhbatlashdik.

Quvontirgan jihati, Akie xonim O‘zbekiston haqida juda iliq fikrlar bildirib o‘tdi. Yaqin bir yil ichida xonim (2015 yilning oktyabr va 2016-yilning avgust oyida) O‘zbekistonga ikki marta tashrif buyurdi. Vatanimiz , mehmondo‘st xalqimiz, odamlarning yuzidagi samimiylik va xursandchilik juda katta taassurot qoldirganini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, 1966 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan zilziladan omon qolgan yapon asirlari tomonidan qurilgan "Navoiy opera va balet teatri"ning mahobati va hukumat qayta ta’mirlashidan so‘ng yanada chiroy ochganidan hayratga tushganini aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, sovet ittifoqi davridagi qiyinchiliklarga qaramasdan shu kunga qadar obodonlashtirilib kelinayotgan Yakkasaroy tumanidagi Yapon asirlari qabristoniga har safar tashrif buyurishi, qabristonning ozodaligini ko‘rib doim o‘zbek xalqidan minnatdor bo‘lishini aytib o‘tdi.

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgani, shaharlarning yanada zamonaviylashib, yanada chiroy ochayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, Mustaqillik yillarida ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari rivojlanib kelayotgani, kunchiqar mamlakat Yaponiya va serquyosh o‘lka O‘zbekistonning turli sohalaridagi aloqalar yanada mustahkamlanib borishidan umidvor ekanligini qayd etdi.

Yaponiyaning birinchi xonimi tomonidan jannatmakon yurtimiz haqida bildirilgan bunday e’tirofdan O‘zbekiston farzandi sifatida judayam boshim osmonga etdi.

Qarorgohning bu zinasi juda mashhur bo‘lib, bosh vazir saylanganidan so‘ng, shu zinada ular bilan rasmga tushish an’ana tusiga kirgan.

Tushlikdan so‘ng deyarli yarim soat mobaynida Abe xonim qarorgohni turli xonalari bilan tanishtirib o‘tdi.

Turli davlat rahbarlari tomonidan taqdim etilgan sovg‘alar muzeyi xam mavjud bo‘lib, bu erda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tomonidan Yaponiya bosh vaziri Shinzo Abega takdim qilingan sovg‘ani xam uchratish mumkin.

Akie Abe xonim bilan uchrashuv menga yanada ilhom bag‘ishlab, mas’uliyat hissini oshirdi. Bunday mas’liyat yurtimga munosib farzand bo‘lish uchun bilim olib, kelajakda O‘zbekiston va Yaponiya aloqalarining yanada mustahkamlanishi uchun bor kuchim bilan mehnat qilishga undaydi".

Ma’lumot o‘rnida, Faxriddin Ergashev 2016 yilning iyul oyida "Yaponiya O‘zbekiston do‘stlik jamiyati"ning ijrochi direktori etib tayinlandi. Akie Abe xonim esa mana shu jamiyatning a’zosi xisoblanadi.

Akie Abe sovg‘asi

Qarorgohning kirish qismi

Bu Abe xonimning asalari qutisi

Yaponiya Bosh vazirining rafiqasi asalari boqishga qiziqadi va qarorgohda buning uchun maxsus xona ajratilgan. U asalari boqish sirlarini AKSh prezidenti Barak Obamaning rafiqasi Mishel Obamadan o‘rganganini ta’kidlab o‘tdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yaponiyaning birinchi xonimi o‘zbekistonlik talabani mehmonga taklif qildi