23:29 / 30.12.2016
9 387

Shavkat Mirziyoyev keksalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim farmonni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev keksalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim farmonni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 24 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida “Nuroniy” jamg‘armasining faoliyatini yanada takomillashtirish haqida gapirgan edi.

29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek keksa yoshdagi fuqarolarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligini yanada oshirish, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘la huquqli ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, katta avlodning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, shuningdek yosh avlodni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash ishidagi rolini oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi ta’sis majlisining Jamg‘arma nomini O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat birlashmasi shaklidagi “Nuroniy” jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda “Nuroniy” jamg‘armasi deb ataladi) etib o‘zgartirish va unga quyidagi asosiy vazifalarni hal etishni yuklash haqidagi tashabbusi ma’qullansin:

faxriylarning O‘zbekistonni yangilash va rivojlantirishning ma’naviy-axloqiy negizlarini mustahkamlashda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, oqsoqollar, keksa yoshdagilar va nogironlarni yoshlarni Vatanga muhabbat, keksa avlod kishilarini hurmat qilish, ezgulik va rahmdillik singari xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan ijtimoiy faoliyatga jalb etish;

keksalarning hayoti darajasini oshirish, pensiyaga chiqqandan keyin ularning yuqori ijtimoiy faolligini, shu jumladan ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini va davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash;

keksalar uchun nazarda tutilgan pensiyalar va imtiyozlar bo‘yicha qonun hujjatlari qoidalari ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash, ushbu masalada davlat boshqaruvi organlariga va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga ko‘maklashish, ehtiyojmand keksalarni va aholining boshqa qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va tibbiy yordam bilan ta’minlash, ushbu maqsadlarda ishlab chiqarish, tijorat, noshirlik, xayriya tadbirlarini va boshqa tadbirlarni amalga oshirish;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda oilalarda tinchlik va xotirjamlikni ta’minlash, yolg‘iz kishilar va ehtiyojmand keksalarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek ularning birinchi navbatdagi ehtiyojlari qondirilishida har tomonlama yordam berish;

keksalar uchun ularning yoshini hisobga olgan holda har xil ijtimoiy-madaniy tadbirlar, telemarafonlar, maxsus sport musobaqalari, keksa yozuvchilar, artistlar, xonandalar, rassomlarni va ijodiy ziyolilarning boshqa vakillarini taklif etgan holda ijodiy kechalar tashkil etish.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining markaziy apparati tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘limlari tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining tumanlar (shaharlar)dagi bo‘limlari tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi zamonaviy talablarni va Jamg‘armaga yuklangan yangi vazifalarni hisobga olgan holda “Nuroniy” jamg‘armasining yangi tahrirdagi ustavini tayyorlash va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasiga ko‘maklashsin.

3. 2017 yil 1 yanvardan boshlab “Nuroniy” jamg‘armasining barcha xodimlari – pensionerlarga pensiyalar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 100 foiz miqdorda to‘langan holda “Nuroniy” jamg‘armasi markaziy apparati va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) bo‘limlarining shtatdagi xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan ta’minlash va moddiy rag‘batlantirish tartibi joriy qilinsin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 2017 yil 1 sentyabrgacha har bir tuman va shaharda, qoidaga ko‘ra madaniyat va dam olish istirohat bog‘lari hududida “Nuroniylar maskani” majmualari faoliyat ko‘rsatishini, ularda “Nuroniy” jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlardagi (shaharlardagi) bo‘limlarini joylashtirish uchun xonalar ajratilishi yoki qurilishini ta’minlasinlar.

Majmualarni qurishda boy kitob fondiga ega bo‘lgan kitobxonlar zallari, shaxmat, shashka o‘ynash uchun dam olish xonalari, keksalar uchun maxsus trenajerlar bilan jihozlangan davolash-jismoniy tarbiya zallari, shuningdek oshxona va tibbiy xona tashkil etilishi, ularni zarur mebel, kompyuter texnikasi va aloqa vositalari bilan jihozlash nazarda tutilsin.

Qonun hujjatlariga muvofiq “Nuroniy” jamg‘armasi va uning bo‘limlari soliqlar va davlatning maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar to‘lovchilar hisoblanmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

5. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashining mehnatkashlarni sog‘lomlashtirishga yo‘naltiradigan mablag‘larining 30 foizgachasini pensionerlarni, birinchi navbatda 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini o‘z tizimidagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirishga (shu jumladan, dori vositalari olish uchun) har yili yo‘naltirish, shuningdek mehnatkashlarga ularga ajratilgan yo‘llanmalarini o‘zlarining ota-onalarini sog‘lomlashtirishga yuborish huquqini berish to‘g‘risidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.

6. Iqtisodiyot va ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalardagi uzoq yillik halol mehnatlari uchun mehnatkashlarga, shuningdek ishlamaydigan, jamiyatda mustahkam oilani saqlab qolgan, farzandlarini kattalarga va kichik avlodga hurmat, jamiyat oldidagi mas’uliyat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalab hurmat qozongan onalarga taqdim etiladigan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni (I, II, III darajali) ta’sis etilsin.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash va uni topshirish davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ularning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, taklifi bilan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilsin.

“Nuroniy” jamg‘armasi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda har bir tumanda “Mehnat faxriysi” nishoni bilan taqdirlangan shaxslar to‘g‘risidagi qisqacha biografik ma’lumotnomalar aks ettiriladigan “Bizning faxriylarimiz” kitob-fotoalbomini yuritish va uning har yili yangilab borilishini ta’minlasin.

Tumanlar va shaharlar hokimliklari “Mehnat faxriysi” nishoni bilan taqdirlangan shaxslar yashaydigan xonadonlar va uy-joylar eshiklarida “Bu erda I, II, III darajali “Mehnat faxriysi” nishoni bilan taqdirlangan fuqaro (F.I.O.) istiqomat qiladi” yozuvi bo‘lgan belgi o‘rnatilishini ta’minlasinlar.

7. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bir oy muddatda “Mahalla” telekanalida yoshi kattalarga bag‘ishlangan va har kuni namoyish qilinadigan “Keksalar davrasida” doimiy rubrikasini tashkil etsin, shuningdek “Mahalla” telekanalida har oyda “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” teleko‘rsatuvining bittadan yangi seriyasini tayyorlasin va namoyish etsin.

8. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi:

“Nuroniy” jamg‘armasining nashriyot bo‘limi faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashsin hamda har haftalik “Nuroniy” gazetasi va har oyda bir chiqadigan “Keksalik gashti” jurnalining imtiyozli asosda nashr etilishini ta’minlasin;

“Nuroniy” jamg‘armasining buyurtmanomasiga binoan “Nuroniy” jamg‘armasining har bir bo‘limini respublikada nashr etiladigan kamida 10 nomdagi gazeta va jurnallar bilan, shuningdek “Nuroniylar maskani” komplekslari o‘quv zallarining kitoblar bilan muntazam ravishda to‘ldirib borilishini ta’minlasin.

9. Jamg‘armani qo‘llab-quvvatlash va uning faoliyatini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’ektlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning keksa avlod oldidagi fuqarolik burchi hisoblansin.

10. Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar va boshqa xo‘jalik birlashmalari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, korxona va tashkilotlar rahbarlari zimmasiga pensiyaga chiqadigan xodimlarga doimiy g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatishni, ularga zarur moddiy va ijtimoiy ko‘mak berish, mehnat jamoasining jamiyat hayotida faol qatnashishini, shuningdek har yili pensionerlardan, ayniqsa, yakka-yolg‘izlardan xabar olish, tug‘ilgan kunlarida va bayramlarda ularga esdalik sovg‘alar berishni, ularning uy-joy, maishiy muammolarini hal etishda ko‘maklashishni, sanatoriya-kurortda sog‘lomlashtirish va davolashni tashkil etishni, shuningdek muqaddas joylarga va ziyoratgohlarga ekskursiyalar tashkillashtirishni va boshqa ijtimoiy ahamiyatli tadbirlarni amalga oshirishni ta’minlash yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.

Pensionerlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning hayotiy muhim muammolarini muhokama qilish va hal etishga yordam berish maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, korxona va tashkilotlar rahbarlariga pensiyaga chiqqan xodimlarini rahbariyat tomonidan qabul qilish jadvallarini har oyda tasdiqlash yuklansin.

11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan har yil ikki marta “Mahalla” xayriya fondi, boshqa davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini jalb etgan holda “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘limlari rahbarlari, ularning faollari ishtirokida keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni tarbiyalash, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, shuningdek “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘limlari faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha kelgusidagi qo‘shma chora-tadbirlarni muhokama qilishni o‘tkazish amaliyotga kiritilsin.

12. Respublika “Mahalla” xayriya fondi rahbariyatining:

jamoatchilik asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida (ovullar, qishloqlar, mahallalar) fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari – keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchi lavozimini joriy qilish;

“Mahalla” xayriya fondiga Navro‘z va Mustaqillik umumxalq bayramlariga bag‘ishlab o‘tkaziladigan hasharlardan tushadigan mablag‘larning 10 foizini har yili “Nuroniy” jamg‘armasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

2017 yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira fondidan “Nuroniy” jamg‘armasi markaziy apparati, uning bo‘linmalari va nashriyot bo‘limi moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 1,5 milliard so‘m ajratsin;

2017 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni nazarda tutsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish va “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash bo‘yicha bir oy muddatda chora-tadbirlar ko‘rsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa manfaatdor vazirliklar va tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg‘armasi to‘g‘risida” 1996 yil 4 dekabrdagi PF-1655-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

17. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti
Sh.Mirziyoyev


Toshkent shahri,
2016 yil 28 dekabr

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev keksalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim farmonni imzoladi