16:38 / 19.05.2017
10 985

Yupqaga o‘ralgan brilliantlar baribir fosh bo‘lib qoldi-ya!...

Yupqaga o‘ralgan brilliantlar baribir fosh bo‘lib qoldi-ya!...
Yupqa va konfet orasidagi brilliant ko‘zli zargarlik buyumlari, choy qutisiga joylashtirilgan tilla taqinchoqlar. Ularni noqonuniy olib o‘tish uchun qo‘llanilgan bu usullar O‘zbekiston bojxonachilarini chalg‘ita olmadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabar bermoqda.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida bojxonachilar mazkur tartiblarni buzishga uringan xorijiy fuqaro A.Zakaryanning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yishdi.
“Moskva-Toshkent” reysi bo‘yicha respublikamizga kirib kelgan ushbu shaxs bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida 87 gr og‘irlikdagi qimmatbaxo brilliant toshlari bilan bezatilgan tilla taqinchoqlarni turli konfetlar va yupqa, ya’ni lavashlar orasiga yashirishga uringan.

Uning qiymati 9 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan ushbu zargarlik buyumlarini olib o‘tishga oid qing‘ir rejasi chippakka chiqdi.
Samarqand xalqaro aeroportida ham salkam 300 gr og‘irlikdagi tilla taqinchoqlarni yashirin ravishda O‘zbekiston hududiga olib kirishga bo‘lgan navbatdagi urinish ham fosh qilindi.

Qozondan uchib kelgan fuqaro A.Burhonov bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida hamda yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida ma’lum qilmasdan turib, qiymati 38 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan 45 dona zargarlik buyumlarini choy qutisiga yashirgancha, olib kirishga uringan ekan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.
Mazkur holatlarda bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tovarlarni deklarasiyada ko‘rsatmaganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 22722 — moddasi 1-qismiga binoan tovarlar musodara qilinib, qoidabuzarlar endilikda eng kam oylik ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladilar.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig‘i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me’yorlariga muvofiq umumiy og‘irligi 30 grammdan ortiq bo‘lmagan 5 donagacha zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan 4 oyi davomida respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 50 dan ortiq qonunbuzarlik holatlarida qiymati salkam 3,5 mlrd so‘mlik 23 kgdan ortiq og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yupqaga o‘ralgan brilliantlar baribir fosh bo‘lib qoldi-ya!...