Kutilmagan qaytish: Luka Modric yana Real Madrid safiga qoʻshilishi mumkin

Futbol olamida shov-shuvli xabar tarqaldi: Luka Modric yana Real Madrid klubiga qaytishi kutilmoqda. Italiyaning Tuttosport nashri xabariga koʻra, Xorvatiya terma jamoasi sardori oʻzining sobiq jamoasida yangi davrni boshlash haqida "bilvosita xabardor qilingan". Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Maʼlumotlarga koʻra, Modric Ispaniya grandida rahbariyatdagi lavozimni egallashi yoki klub sport departamentida Jose Mourinho bilan birga faoliyat yuritishi mumkin. Qizigʻi shundaki, aynan Mourinho davrida Modric "Santyago Bernabeu"dagi ilk qadamlarini tashlagan edi. Endilikda ushbu mutaxassis yarim himoyachining bevosita rahbari yoki hamkoriga aylanishi ehtimoli bor.
Real Madrid rahbariyati bunday variantni birinchi marta koʻrib chiqayotgani yoʻq. Avvalroq Modricning maydondagi uzoq yillik sherigi Toni Kroos ham shunday taklifni rad etgan edi. Nashrning taʼkidlashicha, pleymeykerning futbolchi sifatidagi faoliyati yakuniga yetib bormoqda.
Modricning hozirgi jamoasi bilan shartnomasi iyun oyi oxirida nihoyasiga yetadi. Garchi shartnomani yana bir yilga uzaytirish imkoniyati boʻlsa-da, u bu banddan foydalanmoqchi emas. Soʻnggi voqealar, xususan, jamoaning Chempionlar ligasi yoʻllanmasidan mahrum boʻlishi va klub rahbariyatidagi isteʼfolar uning qarorini qatʼiylashtirgan.
Barcha belgilar uning faoliyati munosib yakun topishiga ishora qilmoqda. Oʻz mamlakati safida 196 ta oʻyin oʻtkazgan afsonaviy futbolchi boʻlajak Jahon chempionatidan soʻng butsalarini mixga ilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!