23:20 / 10.01.2018
4 957

Dilshod Nuraliyev umrbod futboldan chetlatilgan shogirdlari haqida...

Dilshod Nuraliyev umrbod futboldan chetlatilgan shogirdlari haqida...
Taniqli futbol mutaxassisi, 2012 yili O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasini Osiyo chempioniga aylantirgan murabbiy Dilshod Nuraliyev O‘FF qarori haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 5 yanvar kuni O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov yoshi kichraytirilgan futbolchilarni umrbod futboldan chetlashtirishga qaror qilgan edi. Ular orasida ikki nafar 2012 yilgi Osiyo chempionatida o‘ynagan futbolchi borligi e’lon qilingan, ammo Nuraliyevning aytishicha, qit’a chempioni bo‘lgan futbolchilar orasida Zokir Ahmadaliyev yo‘q.

«O‘FF qarorini eshitib, g‘alati ahvolga tushdim. Chunki umrbod futboldan chetlatilgan futbolchilarning ko‘pchiligini taniyman va inson sifatida qattiq hurmat qilaman. Ammo bu — ularning xatosi. Balki shaxsan ularning emas, ehtimol ota-onasi, murabbiyi yoki yon-atrofdagi boshqa odamlarning noto‘g‘ri maslahati mahsuli bu. Chunki yosh kichraytirish bir kunmas-bir kun albatta fosh bo‘lishi aniq.

Ulug‘bek Davlyatov va Zokir Ahmadaliyev (aslida ularning asl ismlari Nuriddin Hasanov va Dilshod Ahmadaliyev bo‘lib chiqdi. Izoh — tahririyatniki) «Bunyodkor» tarbiyalanuvchilari hisoblanadi. Ammo menimcha, ularning yoshi kichraytirilganini hatto murabbiyi Lushchan ham bilmagan. Chunki buni tekshirish va aniqlash oson emas.

Osiyo chempioni bo‘lgan yigitlar ichida Ulug‘bek Davlyatov bor edi, ammo Ahmadaliyev tarkibga kira olmagan.

Internetda o‘qidim — Davlyatov jahon chempionatida qatnashgan deb yozishibdi. Ammo uning yoshi kichraytirilgani chempionatga ketish oldidan, hujjatlar topshirish vaqtida oshkor bo‘lgan va u jahon birinchiligiga olib ketilmagan edi.

Umrbod futboldan chetlashtirish — og‘ir jazo. Chunki bu yerda nafaqat futbolchi, balki murabbiylarning ham bir necha yillik mashaqqatli mehnati bor. Bir bolaning futbolchi bo‘lib yetishishi, terma jamoa tarkibidan o‘rin olishi oson emas. Yillar davomida qilingan mehnat bir pul bo‘lishi albatta, achinarli. Ammo federatsiyaning yosh kichraytirish muammosi bilan bog‘liq islohotlarini qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Chunki bu futbolimizda yillar davomida juda chuqur ildiz otgan eng og‘riqli muammolardan biri. Unga qarshi kurashda esa qurbonliklar bo‘lishi tabiiy», — dedi Dilshod Nuraliyev «Xabar.uz» axborot-tahliliy portaliga bergan intervyusida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Dilshod Nuraliyev umrbod futboldan chetlatilgan shogirdlari haqida...