22:50 / 17.02.2018
4 489

Aleksandr Lobanov xonadonidan reportaj

Aleksandr Lobanov xonadonidan reportaj
Ma’lumki, oila jamiyatning birinchi va muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Jamiyat shu kichik bo‘g‘inlardan tashkil topadi. Boshqacha e’tirof etsak, oila - tirik vujudlar ittifoqi.

Har bir tirik vujud esa alohida bir olam. Zero, bu yorug‘ dunyoda bir-birini aynan takrorlaydigan kishilar yo‘q. Shu ma’noda aytsak, oilalarning ham bir-biriga o‘xshamasligi o‘z-o‘zidan ayon. Baxtli oila - ahil-inoq jamiyat garovi. Chunonchi, baxtli ota-onalar shunday farzandlarni ulg‘aytiradilar.

Umuman, oilaviy munosabatlar nisbatan mustaqil holat sanaladi va bunga hech kim sababsiz aralasholmaydi. Oilaning muqaddas va daxlsiz ekanligi ma’nosi ham shu. Ramziy ma’noda ifoda qilsak, oila o‘ziga xos kichik bir muxtor davlatdir.

Xullas, bugun futboldan chetga chiqmagan holda, baxtiyor oilalardan biri haqida hikoya qilishni lozim topdik. Aniqrog‘i, yaqinda ijodiy guruhimiz O‘zbekiston milliy jamoasi hamda «Paxtakor» klubi darvozaboni Aleksandr Lobanov xonadonida mehmon bo‘ldi.

- Mana, bir zumda 2018 yilning ikkinchi oyi ham yarimlab qoldi. Aytingchi, 2017 yil siz va oilangiz uchun qanday keldiyu, yangi mavsumdan nimalar kutyapsiz?
Aleksandr Lobanov:
- Jahon chempionatiga chiqolmaganimizni aytmaganda, 2017 yil samarali bo‘ldi. Deylik, «Paxtakor» bilan bronza medalini yutdik.

Vaholanki, birinchi davrada ahvolimiz juda og‘ir edi va yakunda sovrindorlar qatoriga kirishimizga hech kim ishonmagan bo‘lsa kerak.

Mana, yangi rahbariyat «Paxtakor»ni avvalgi holatiga qaytarishni ko‘zlamoqda, keng ko‘lamli ishlarning dastlabki samaralari ko‘zga tashlandi ham. Demak, 2018 yil davomida katta muvaffaqiyatlarni tantana qilishdan umidvormiz.

Irina Lobanova (rafiqasi): - Oilamiz uncha katta emas - men, Sasha va o‘g‘limiz. Yangi yilni zo‘r kayfiyatda kutib oldik va umid qilamanki, hammasi shunday davom etadi.

- Qiziq, boshidayoq darvozabonlikni tanlaganmisiz yoki...?
Aleksandr Lobanov:
- Futbol to‘garagiga borganimda 9 yoshda edim. Tushunarliki, kimning qaysi pozitsiya­da o‘ynashi keyinroq aniqlanadi. Ya’ni murabbiylar har bir bolaning qobiliyatiga qarab, xulosa chiqarishadi. To‘g‘ri, o‘zim boshidan darvozabonlikka alohida qiziqqanman.

Murabbiyim vaqtida darvozabon sifatida o‘ynagani uchunmi, mendagi qiziqish va intilishga befarq qaramagandi. Aslida darvozabonlar mashg‘ulotlarda boshqa chiziq vakillariga nisbatan ko‘proq ter to‘kishadi. O‘yinda esa boshqacha - biz ko‘proq dam olamiz, futbolchilar esa tinmay yugurishadi (kuladi).

Ammo kiper zimmasidagi mas’uliyat katta, baribir. Ko‘p hollarda natija aynan bizning nechog‘li harakatlanishimizga bog‘liq. Masalan, yarim himoyachi xatosini himoyachi to‘g‘rilashi mumkin. Himoyachi xatoga yo‘l qo‘ysa-chi?

Hujumchi va darvozabon o‘rtasidagi yakkama-yakka vaziyatda raqibingiz 70-80 foiz ustunlikka ega bo‘ladi. Xullas, darvozabonga «yarim jamoa» nisbati bejiz berilmagan. Axir biz gol qo‘yib yubormasak, jamoamiz kamida bir ochko olishi muqarrar.

- Futbolchining rafiqasi bo‘lishning oson va qiyin tomonlari bor, albatta. Masalan, turmush o‘rtog‘ingiz o‘ynayotgan payt o‘zingizni qanday his qilasiz?
Irina Lobanova: - Ochig‘i, bunday payt o‘yinni stadionda tomosha qilish juda qiyin. Aytaylik, muxlislar ba’zan nomaqbul luqma tashlashlari mumkin. O‘zi ular gohida oshirib yuborishadi. Aslida hech bir futbolchi maydonga yutqazish uchun tushmaydi.

Lekin futbolda har doim siz o‘ylagan o‘yin va natija kuzatilavermaydi. To‘g‘risi, so‘nggi vaqtlarda Sashaning o‘yinini uyda, televizor orqali ko‘ryapman, xolos. Shunda ham 90 daqiqa bir joyda jim o‘tirolmayman.

Bir zumda boshqa kanalga olaman yoki televizorni o‘chirib qo‘ya qolaman. Lekin tezda ichim qizib, yana futbol tomoshasiga qaytaman. Qisqasi, uzoq masofadan bo‘lsada, turmush o‘rtog‘imni ruhan qo‘llab-quvvatlashga intilaman.

- Umuman, ikkingiz qanday tanishgansizlar?
Irina Lobanova: - Ijtimoiy tarmoq orqali. Sasha o‘sha payt Qozog‘istonda o‘ynardi. Bir necha oy yozishib turdik, keyin Sasha Toshkentga qaytdi. Shu-shu do‘stona munosabatlarimiz iliqlashib, oila qurdik.

Aleksandr Lobanov: - Menga Irinaning avvalo, keng qamrovli fikrlashi, dunyoqarashi ma’qul keldi. Tashqi ko‘rinish ikkinchi masala. Ira aytganidek, ijtimoiy tarmoqda do‘stlashdik, Toshkentga qaytganimning ertasi kuniyoq yuzma-yuz ko‘rishdik. Aniq esimda, ilk marta 20 dekabrda uchrashgandik. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, Yangi yil bayramini doimo o‘zgacha nishonlaymiz.

Irina Lobanova: - Sasha har safar gul ko‘tarib kelardi. Biror marta gulsiz qarshi olganini eslolmayman. Mana, hozir baxtli oila bekasiman, taqdirimdan aslo nolimayman.

Aleksandr Lobanov: - O‘g‘limiz Artyom 3 yoshda, lekin hozirdan futbolga mehri baland. O‘yinchoqlari orasida to‘pni alohida yaxshi ko‘radi. Uyimizda hattoki, futbol darvozasi ham bor. Artyom bilan doim mashg‘ulot o‘tkazaman. To‘g‘ri, bu Irinaga yoqmaydi - jarohatlanishidan qo‘rqadi.

Agar oxirigacha futbolga mehri so‘nmasa, shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratib beraman, albatta. Lekin futbolga majburan yo‘naltirmayman. Zero, bu o‘yin murakkab sport turi ekanligini yaxshi bilaman. Xususan, darvozabonga har tomondan bosim kuchli. Ayniqsa, muxlislar talabi katta.

Yaxshiyamki, og‘ir vaziyatlarda oilam yaqindan yordam beradi, ruhan qo‘llab-quvvatlaydi. Aynan rafiqam va o‘g‘lim yonida maydondagi yoqimsiz holatlarni tezroq unutaman. Bo‘sh vaqt topilgani hamono birga sayrga ham chiqamiz.

Irina Lobanova: - Sashaning gaplariga kichik e’tiroz bor. U uyda ham faqat futbolni o‘ylaydi, baribir. Hattoki, ta’til payti ham. Televizorda nuqul futbolga oid ko‘rsatuvlar, o‘yinlarni tomosha qiladi. Demoqchimanki, gohida uyda biz ham yashashimiz esidan chiqib qoladi (kuladi).

- Xarakter nuqtai nazaridan o‘zingizga qanday ta’rif berasiz?
Aleksandr Lobanov: - Afsuski, bosiq emasman, juda tez yonib ketaman. Men haqimdagi gap-so‘zlarga tezda munosabat bildirishim boisi shu...

Irina Lobanova: - Lekin Sashaning ijobiy xislatlari ham ko‘p. Birinchi galda, o‘ziga nisbatan g‘oyat talabchan. Har qanday holatda ham, mashg‘ulotlardan qolmaydi. Shunday paytlar ham bo‘lgan - isitmasi 40 darajaga chiqqaniga parvo qilmay, sumkasini olib mashg‘ulotga ketgan. Muhimi, juda oilaparvar.

Aleksandr Lobanov: - Ortga nazar tashlasam, bittagina o‘yinda asosiy jamoa bilan birga bo‘lmabman. O‘shanda hattoki, oyoq bosolmagandim. Tumov yoki boshqa kichik sabablar men uchun bahona emas.

Bunday holatda albatta, jamoa shifokorlari yoniga boraman va maydonga tushmasamda, yigitlar bilan birga bo‘laman. Loaqal ularni ruhan qo‘llab-quvvatlab turaman-ku.

- Futboldan tashqari, nimalarga alohida qiziqasiz?
Aleksandr Lobanov:
- Texnikaga. Qaysidir jihoz buzilsa, uni mustaqil tuzatishga urinaman. Avtomobillarga ham befarq emasman. Shuningdek, futbolkalar kolleksiyasiga alohida bitta xona ajratganman. Futbolkalar orasida nihoyatda qadrlilari ham bor.

Misol uchun, 2012 yili «Paxtakor»da foydalangan formamni alohida saqlayman. Zero, unda birinchi marta O‘zbekiston chempioni bo‘lganman. Kolleksiyamda ispaniyalik Yesta futbolkasi ham bor. U bilan OChL doirasidagi o‘yinda forma almashgandik. Yana afrikalik hujumchi Ekokoning futbolkasi ham alohida o‘rin tutadi.

Uni BAAning «Al-Ayn» jamoasiga qarshi kechgan safar uchrashuvidan so‘ng olganman. O‘shanda Ekoko ming urinmasin, darvozamga gol urolmagan va yakunda forma almashtirishni so‘ragandi. Rossiya terma jamoasi darvozaboni, yaqin do‘stim - Vladimir Gabulov futbolkasiga ham egaman.

U «Anji»da o‘ynagan vaqt BAA yig‘inidagi o‘rtoqlik uchrashuvida forma almashgandik. «Anji» tarkibida Roberto Karlos ham o‘ynardi. Adashmasam, uchrashuvda g‘alaba qozongandik yoki durang natija qayd etilgandi. Aziz Haydarovning futbolkasi ham juda qadrli. Aziz bilan bolalikdan do‘stmiz, bir murabbiy qo‘l ostida shug‘ullanganmiz.

Aziz Ibragimov ham biz bilan birga tahsil olgan. Xullas, «Al-Shabab»ga qarshi kechgan o‘rtoqlik o‘yinidan keyin Azizning o‘zi futbolkasini bergandi. Qizig‘i, o‘shanda «Al-Shabab» mag‘lubiyatga uchragandi.

Shuningdek, Moskvaning «Lokomotiv» klubi futbolkasini Vitaliy Denisovdan olganman. Eng asosiysi - O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchilari dastxati tushirilgan futbolka. U xonaning qoq markazidan joy olgan.

Irina Lobanova: - Sasha maktabda a’lo baholarga o‘qigan. Ayniqsa, aniq fanlarni yaxshi o‘zlashtirgan. Har holda, magistrlik diplomini yozayotganimda, ximiya bo‘yicha katta yordam bergandi.

- Faoliyatingiz davomidagi eng esda qolarli o‘yin...?
Aleksandr Lobanov: - Milliy jamoadagi debyutimni hech qachon unutmasam kerak. «Paxtakor» stadionida nisbatan kuchsiz raqibga qarshi maydonga tushgan bo‘lsakda, vujudimni hayajon qamrab olgandi. Eng murakkabi sifatida esa o‘tgan yili «Lokomotiv» maydonida bo‘lgan uchrashuvni tilga olaman. Raqib kuchli bosim o‘tkazganiga qaramay, g‘alaba qozongandik.

- Futbolimizda boshlangan islohotlarga munosabatingiz qanday?
Aleksandr Lobanov: - Katta o‘sish kuzatilsa kerak. Yangi rahbariyat yeng shimarib ishga kirishdi va islohotlar samara keltirishiga ishonaman. Superliga o‘yinlari ancha shiddatli kechishini hozirdan taxmin qilish mumkin.

Xususan, chempionlik uchun kurash keskinlashadi. Biz ham shunga yarasha tayyorgarlik olib bordik. O‘ylaymanki, xorijda o‘tkazilgan yig‘inlar o‘z samarasini beradi. Qolaversa, tarkibimiz ham yanada kuchaytirildi.

Ichki chempionatimizda to‘p suradigan mahoratli futbolchilar bilan birga, saviyali legionerlar safimizni to‘ldirishdi. Bir so‘z bilan aytganda, mavsumdan umidimiz katta.

Kamoliddin ALIMOV yozib oldi

Manba: www.interfutbol.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aleksandr Lobanov xonadonidan reportaj