22:53 / 08.04.2018
3 723

Nivaldo «Qo‘qon-1912» o‘yinidagi irqchilik bo‘lgani bo‘yicha O‘FAga shikoyat yozdi

Nivaldo «Qo‘qon-1912» o‘yinidagi irqchilik bo‘lgani bo‘yicha O‘FAga shikoyat yozdi
Superliga 5-turi doirasida bo‘lib o‘tgan "Lokomotiv" - "Qo‘qon-1912" o‘yinida mezbonlar hujumchisi Nivaldo va qo‘qonliklar darvozaboni O‘tkir Yusupov o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan edi.

Braziliyalik hujumchi uchrashuvning 89-daqiqasida maydondan chetlatildi. Ammo Nivaldo maydondan chiqib ketish oldidan qo‘qonliklar darvozaboni O‘tkir Yusupovga bosh bilan zarba berdi. O‘FA bu borada qaror qabul qildi va hujumchini beshta o‘yinga chetlatgan.

Uff.uz nashri bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan Nivaldo bilan bog‘landi va uning fikrini o‘rgandi.

"Men futbolchilik faoliyatim davomida hali hech qachon bunday irqiy kamsitishga uchramagan edim. Uchrashuv davomida raqib futbolchisi ("Qo‘qon-1912" klubining serbiyalik himoyachisi Marko Milich nazarda tutilmoqda - Uff.uz izohi) meni haqorat qilib bordi. Oxir-oqibat o‘zimni tutib tura olmadim va unga javob qaytarib, qizil kartochka oldim.

Shundan so‘ng raqib darvozaboni ham menga haqoratli munosabatda bo‘ldi. Bu safar ham o‘zimni tutib tura olmadim va unga nisbatan ham kuch ishlatdim. To‘g‘ri, bu mening aybim. O‘zimni bosib olishim kerak edi. Ammo ochig‘ini aytsam, faoliyatimda birinchi marta shunday holatga tushyapman. Bunga qadar hech qachon bunday haqoratlarni eshitmaganman", - deydi Nivaldo.

Uff.uz'ga ma’lum qilinishicha, braziliyalik hujumchi o‘yindan so‘ng O‘FA nomiga shikoyat xati yozgan va unda "Qo‘qon-1912" himoyachisi Marko Milich va darvozabon O‘tkir Yusupov tomonidan irqiy kamsitishlarga yo‘l qo‘yilgani aytilgan. Shu bilan birga Nivaldo O‘FA tomonidan tegishli chora ko‘rilmagan taqdirda FIFAga murojaat qilishini ham bildirib o‘tgan.

Ammo "Lokomotiv" - "Qo‘qon-1912" (1:1) o‘yinini boshqarib borgan hakam Valentin Kovalenko o‘yin hisobotida Nivaldoga nisbatan bo‘lgan haqoratlarni qayd etmagani aytilmoqda. Bu vaziyat yuzasidan O‘FA qanday qaror qabul qilishi hozircha ma’lum emas.

Foto manbasi: lokomotiv.uz

Manba: www.uff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Nivaldo «Qo‘qon-1912» o‘yinidagi irqchilik bo‘lgani bo‘yicha O‘FAga shikoyat yozdi