23:49 / 29.04.2018
3 251

Shota Arveladze: "Bugun ko‘proq shaxmat o‘ynadik"

Шота Арвеладзе: "Бугун кўпроқ шахмат ўйнадик"
"Lokomotiv" - "Paxtakor" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining dastlabki qismida mehmonlar bosh murabbiyi Shota Arveladze va o‘yinda "sherlar" safida eng yaxshi futbolchi deb e’tirof etilgan Dilshod Rahmatullayev ishtirok etdi.
- Birinchi navbatda stadionda ajoyib muhit bo‘lganini ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. Aynan shunday muhitda futbol o‘ynash o‘zgacha rohat bag‘ishlaydi. O‘yin har ikkala murabbiylarning taktik kurashlari bilan kechdi. Murabbiylar asosan shaxmat donalarini yurish bilan mashg‘ul bo‘lishdi. Biz ham, "Loko" ham ma’lum muddat to‘pni raqibga nazorat qilish uchun topshirdi. Tezkor, harakatlarga boy o‘yindan ko‘ra taktik kurashli futbol guvohiga aylandik.

- O‘zgarishlar xususida, Griffitsni maydonga tushirib adashdingizmi?
- Azim Ahmedov charchagandi va o‘zgartirishni so‘radi. Ko‘p narsa murabbiy o‘sha vaziyatdan nima xohlashiga bog‘liq. Uchrashuv davomida murabbiy o‘yinni yaxshilash yoki nazoratni yanada kuchaytirish maqsadida o‘zgartirish qilishi mumkin. Men esa o‘yin nazoratini saqlab qolish maqsadida Griffitsni maydonga tushirgandim. Ammo biz maydon markazida 2-3 bor to‘p yo‘qotish natijasida qarshi hujumlarni qabul qilib oldik. Jamshid Iskanderovni tushirib hujumni kuchaytirishim mumkin edi. Ammo tavakkal qilmadim. Azim Ahmedovning o‘rniga o‘sha uslubga mos futbolchini, ya’ni Griffitsni tushirganimga asosiy sabab, maydon markazidagi nazoratni qo‘ldan chiqarmaslik edi. Bugungi bahsda bizda oxirgi zarbani berish o‘xshamadi. Shuningdek, Griffitsni tushirganimda yana bir sabab, bu standart vaziyatlaridan foydalanish rejasi. Ya’ni Rostin ikkinchi qavatda yaxshi harakat qilishini inobatga olgandik. Masalan ikkinchi o‘zgarishni qilishda to‘g‘ri qaror qabul qildim. Chunki Yaxshiboyev o‘yinga tezda kirishib ketdi. Demak o‘zgarishlar bo‘yicha ko‘rsatkichim 1:1.

- "Paxtakor" hozircha "kuchli-oltilik"ka kirgan jamoalar bilan o‘yinda g‘alaba qozonmadi. Vaholanki uchinchi davradan e’tiboran "oltin ochko" qoidasi ishlaydi. "Paxtakor" esa "oltitalik"dagi jamoalar "Buxoro" va "Bunyodkor"dan mag‘lubiyatga uchradi va "Loko" bilan durang. Buni qanday izohlaysiz?
- 8-turdan keyinoq bu haqda gapirishga erta. Meni har gal keyingi o‘yin qiziqtiradi. Hozir bu haqda o‘ylashga erta. Men bunga izoh bermayman. Chunki hali mavsum uzun. Bu haqda ikkinchi davradan keyin gaplashamiz. Ayni paytda meni faqat jamoam o‘yini va holati qiziqtiradi. Mantiqan to‘g‘ri savol. Jurnalistlar, muxlislar hozirdanoq ochkolarni hisoblab borishmoqda. Ammo men buni ikkinchi davradan keyin tahlil qilaman.

Dilshod Rahmatullayev: "Birinchi navbatda bizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga katta rahmat aytaman. Ular bugun ilk daqiqadan toki hakam xushtagi yangraguncha bizni faol tarzda qo‘llab-quvvatlashdi. O‘yinga kelsak, bizning jamoada ko‘proq gol urish uchun vaziyatlar bo‘ldi. Raqibda ham biz yo‘l qo‘ygan xatolardan keyin bir-ikkita vaziyatlar vujudga keldi. "Loko" asosan ikkinchi bo‘limda darvozamizga ko‘proq xavf soldi. Umuman olganda esa "Loko" bugun qarshi hujumda o‘ynadi. Raqib bizni o‘z hududida kutib olib, qarshi hujumga tayanib o‘ynadi".

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shota Arveladze: "Bugun ko‘proq shaxmat o‘ynadik"