22:38 / 16.05.2018
3 519

Yevropa Ligasini kim yutadi: «Marsel» yoki «Atletiko»?

Yevropa Ligasini kim yutadi: «Marsel» yoki «Atletiko»?
Bugun, 16 may kuni Yevropa Ligasida final o‘yini o‘tkaziladi. Fransiyaning Lion shahrida «Marsel» va «Atletiko» klublari bellashadi.

Qizig‘i shundaki, «Marsel» bu o‘yinda zafar quchsa, UYeFA Kubogi/Yevropa Ligasida g‘alaba qozongan Fransiyaning ilk klubi bo‘lishi mumkin. «Atletiko» esa o‘z tarixida uchinchi marta nufuzli sovrinni qo‘lga kiritishi mumkin.

Taxminiy tarkiblar:

Marsel: Mandanda — Sakai, Rami, Luis Gustavo, Amavi — Zambo-Angissa, Sanson — Toven, Paye, Okampos — Jermen
Atletiko: Oblak — Vrsalko, Ximenes, Godin, Lukas Ernandes — Koke, Saul, Gabi, Korrea — Grizmann, Diyego Kosta

Avvalroq, jamoalar yevrokuboklarda bir-biri bilan ikki marta to‘qnash kelgan: Chempionlar Ligasi 2008/09 mavsumi guruh bosqichida «Atletiko» o‘z uyida 2:1 hisobida g‘alaba qozongan. Marselda esa 0:0 hisobi qayd etilgan.

Qiziqarli faktlar:

- «Marsel» o‘z tarixida ikki marta UYeFA Kubogi finalida o‘ynagan: 1999 yilda «Parma» (0:3) bilan, 2004 yilda «Valensiya» (0:2) bilan;

- «Atletiko» o‘z tarixida ikki marta Yevropa Ligasi finalida o‘ynagan: 2010 yilda «Fulhem» bilan (2:1), 2012 yilda «Atletik» (3:0) bilan;

- Fransiya klublari hech qachon UYeFA Kubogi/Yevropa Ligasida g‘alaba qozonmagan. «Marsel»dan tashqari, unda «Bastiya» (1977/78) va «Bordo» (1995/96) klublari ham o‘ynagan;

- «Atletiko» futbolchilari Vitolo va Kevin Gameyro «Sevilya» bilan qatorasiga uch marta Yevropa Ligasi g‘olibi bo‘lishgan (2013/14, 2014/15, 2015/16).

Murabbiylar fikri.

«Marsel» bosh murabbiyi Rudi Garsiya:
«Bizda g‘alaba uchun imkoniyat ko‘p emas, ammo bor kuchimizni sarflaymiz. «Atletiko»ga qarshi o‘yin - biz uchun katta voqea. Bu klub so‘nggi 4 yilda 2 marta Chempionlar Ligasi finalida o‘ynagan. Avvalroq Yevropa Ligasida ham g‘alaba qozongan. Ammo Fransiyada o‘tkazilayotgan final biz uchun ajoyib imkoniyat. Fransiya klublari bu turnirda biror marta g‘alaba qozonmagan. Agar g‘alaba qozonsak, juda zo‘r bo‘lardi».

«Atletiko» bosh murabbiyi Diyego Simeone:

«Final juda zo‘r bo‘ladi. «Marsel» turnirni ajoyib o‘tkazmoqda. Ularning murabbiyi o‘yinni juda yaxshi tushunadi, tarkib ham maromida. «Marsel» yarimhimoya va hujumda xavfli. O‘yin juda og‘ir bo‘ladi, bu aniq. Chempionlar Ligasini tark etgach, bu turnirda g‘alaba qozonish ishtiyoqida edik. Mana finalga ham yetib keldik. Afsuski, zaxira o‘rindig‘ida bo‘lmayman, ammo Xerman Burgosga ishonaman. Biz bir xil fikrlaymiz, chunki ko‘p yillardan buyon birga ishlayapmiz».

Eslatib o‘tamiz, «Marsel» — «Atletiko» o‘yini 16 may kuni soat 23:45da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yevropa Ligasini kim yutadi: «Marsel» yoki «Atletiko»?