08:02 / 23.05.2018
2 944

Golli vaziyatlar gulxani qani? Yoxud terma jamoamiz o‘yiniga yana bir nazar

Golli vaziyatlar gulxani qani? Yoxud terma jamoamiz o‘yiniga yana bir nazar
Milliy terma jamoamizning Temur Kapadze tomonidan maxsus yoshartirilgan tarkibi safarda Karlush Keyrush shogirdlariga yutqazdi.

Ta’kidlash joizki, Eron terma jamoasi ham bu uchrashuvda eng kuchli tarkibiga tayangani yo‘q. Bu endi portugaliyalik murabbiy JCh-2018 arafasida amalga oshirayotgan tizimli ishlarda ko‘zda tutilgan holat bo‘lsa kerak. Forslar ancha murakkab guruhdan o‘rin olishgani sabab, uni tushunish mumkin.

Umuman, eronlik futbolchilar ustozi ayni payt ikki o‘t orasida. Bir tarafdan, u kuchli va to‘laqonli tarkib bilan jamoasi o‘yin uslubini takomillashtirib, yangi taktik sxemalarni bir maromga keltirishni istaydi.

Ikkinchi tarafdan esa, guruhdagi raqiblar kuchi uni bu kabi oshkora tayyorgarlikdan voz kechib, mug‘ombirona ish tutishga undaydi. Keyrushning boshqa chorasi ham yo‘q.

Axir «V» kvartetida Ispaniya va Portugaliya terma jamoalariga qarshi kurashish peshonasiga yozilgan bo‘lsa, nima qilsin bechora murabbiy?

Jamoasi imkoniyatlari doirasida qarshilikning biror ko‘z ilg‘amas yo‘lini topish uchun izlanadi-da, albatta...

Eng achinarlisi, izlanishlari samara berishiga uning o‘zi ham to‘la-to‘kis ishonmaydi, ishonolmaydi. Lekin oldindan taslim bo‘lish - Karlush Keyrush kabi murabbiylar tabiatiga yot xususiyat.

U «Qizil Furiya»ni ham, «Yevropa Braziliyasi»ni ham chuv tushirishga urinib ko‘radi. Marokash termasini yengish esa portugaliyalik va uning drujinasi uchun bosh vazifa hisoblanadi. Bu borada forslarga O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvi ko‘mak bersa, ajabmas.

Zero, Temur Kapadze shogirdlarining Marokash termasiga qarshi o‘yinlari Karlush Keyrushga nimalarnidir so‘zlaydi. Bitta guruhdagi ikki terma jamoa bilan kuch sinashgan futbolchilarning xatti-harakatlari murabbiyga qiyosiy tahlillarda qo‘l kelib qolishi aniq. Har holda, katta turnir nafasi ufurib turgan bir payt kichik detallarga ham jiddiy e’tibor qaratiladi odatda.

Xullas, bosh jamoamizga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv Karlush Keyrushga mulohazalarini singdirish va umumlashtirish imkonini berdi, nazarimizda. Boshqacha aytganda, mazkur o‘rtoqlik uchrashuvida Eron futboli ko‘zlangan maqsadga erishdi, ya’ni Karlush Keyrush shogirdlari uchun zarur repetitsiya tashkillandi.

Repetitsiya saboqlari mundial chog‘i qay darajada ish berishi bizga noma’lum. Hammasi «mashg‘ulot» saboqlarining o‘zlashtirilishi va ularni maydonda raqiblarga qarshi mohirona qo‘llash bilan bog‘liq. Eron termasi o‘rtoqlik uchrashuvidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishni ko‘zlabdi. Mayli, omadini bersin.

Tabiiy savol tug‘iladi: terma jamoamizchi, u ham mazkur bahsdan arzirli foyda topadimi? Biz Samvel Babayan tashabbusi bilan terma jamoamizga nomzod ikkinchi tarkib futbolchilari uchun tashkillangan Avstriya yig‘ini chog‘i ham shunday savolni o‘rtaga tashlagandik.

Sir emaski, asosiy tarkib futbolchilari ishtirok etmagan o‘sha yig‘in muhim uchrashuvlarda bosh jamoamizga hech qanday naf keltirmadi. Muxlislarni chalg‘itish uchun niqob vazifasini o‘tagan o‘sha mashg‘ulotlar jarayoni samarasiz ekanligini hamma bilardi. Matbuot jamoatchiligi bu xususda avvaldan ogohlantirib, bong urdi.

Afsuski, futbolimizning sobiq mutasaddilari barchaga ma’lum maynavozchiliklarga beparvo qarashdi va oxir-oqibat, bundan muxlislar aziyat chekishdi. Fikrimizcha, bosh jamoamiz bu mavsum o‘tkazayotgan o‘rtoqlik uchrashuvlari yagona tizim va maqsadga bo‘ysundirilmagani bilan ko‘pchilikning hafsalasini pir qilgan o‘sha samarasiz yig‘inlarni eslatib yubormoqda.

Asosiy bahslarda maydonga tushmaydigan yigitlar uchun tashkillangan Avstriya yig‘inini sobiq murabbiylar shtabi «Futbolimiz kelajagi uchun!» deya izohlagandi. Oradan bir yil vaqt o‘tib, o‘rtoqlik uchrashuvlarida bosh jamoamiz qayd etgan natijalar yuzasidan yana shunday izohlar yangramoqda.

Bir yil avval o‘zini oqlamagan izoh bu safar muxlislar ko‘nglini tinchlantiradimi? Ochig‘i, bu savolga dangal ijobiy javob qaytarish mushkul. Qo‘mondonsiz va avangard guruhsiz qo‘shin har qancha jangovar bo‘lmasin, raqibdan yengilishi isbotsiz aksiomadir.

Shuning uchun Yoaxim Lyov «bundesmashina»ni hech qachon liderlarsiz maydonga tushirmaydi. Germaniya terma jamoasi tarkibi bir qarashda, butkul yangilanib ketgandek taassurot uyg‘otadi. Ammo sinchiklab nazar solsangiz, yetakchilar guruhi jamoani boshqarayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Aslida Zayniddin Zidanning «Real»dagi muvaffaqiyatlari siri ham shunda. «Real» butun mavsum murabbiy rejasiga bo‘ysungan «rotatsiya» asosida o‘ynadi.

Hattoki, eng murakkab uchrashuvlarda ham u «rotatsiya»dan voz kechmadi. Natijada «Real» muxlislari Garet Beyl va Karim Benzema, Toni Kroos va Luka Modrich kabi asosiy tarkib futbolchilarining muntazam maydonga tushmasliklariga ko‘nikishdi.

Nomdor futbolchilar o‘rnida mavridi bilan Marko Asensio, Lukas Vaskes, Mateo Kovachich kabi zaxira vakillari xizmatidan foydalangani uchun Zidanni ortiqcha ayblashmadi. Nima uchun ayblashsin?!

Axir fransiyalik mutaxassis tanlagan yo‘l «Real»ni yana YeChL finali sari yetakladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, murabbiylikda ish staji kam Zidan yo‘li o‘zini oqladi. Holbuki, tajribali Joze Mourino ham «Real»da bu ishni uddalay olmagandi.

Xo‘sh, nima demoqchimiz? Ochig‘i, Temur Kapadze endi Urugvay terma jamoasiga qarshi o‘yinda asl jangovar tarkibni maydonga tushirishini istardik. Ishtiyoqning o‘zi mavjud muammoga yechim bo‘lolmaydi.

Terma jamoamiz so‘nggi bahsdagi tarkibi bilan ulg‘aysa, futbolimiz ildizidan ayrilgan ulkan chinor kabi o‘zini shikasta sezadi. Ulkan chinorlarni baquvvat ildizlar ushlab turishini esdan chiqarmaylik. Liderlar guruhi jamoa kayfiyatini va shunga muvofiq, o‘yin uslubini belgilaydi.

Kuchli raqiblar darvozasiga gol urolmayotgani - terma jamoamizning bosh muammosi. Bu borada Odil Ahmedov hozircha yoshlarga ibrat. Hozircha shunga majburmiz. Futbolimiz avval Kenja To‘rayev, Ivan Nagayev, keyinchalik Abbos Maxstaliyev, Temur Hakimov kabi hujumkor futbolchilar avlodini yo‘qotdi.

Temurxo‘ja Abduxoliqov, Zabihillo O‘rinboyev kabi hujumchilarda esa raqib jarima maydonchasida golli vaziyatlar gulxanini yoqish fazilati ko‘zga tashlanmayapti.

Agar terma jamoamiz o‘rtoqlik uchrashuvlari vositasida yagona «mexanizm»ga aylanolmasa, izlanishlar jarayonida marom sezilmasa, ulardagi mavjud intilishlar ham asta-sekin so‘nib boradi. Faqat asosiy tarkibdagi muvofiqlikkina terma jamoamiz yorqin kelajagini ta’minlaydi...
Muhammad Vali

Manba: www.interfutbol.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Golli vaziyatlar gulxani qani? Yoxud terma jamoamiz o‘yiniga yana bir nazar