17:03 / 26.05.2018
3 396

Final oldidan: Bugun kim qanday o‘ynaydi? (foto)

Final oldidan: Bugun kim qanday o‘ynaydi? (foto)
Bugun klublar mavsumining asosiy bahsi o‘tkaziladi.

Zinedin Zidanning «Real»i bugun ketma-ket uchinchi marta Yevropa Chempiolar Ligasi kubogini qo‘lga kiritish uchun Yurgen Klopp boshchiligidagi «Liverpul»ga qarshi maydonga tushadi. Final bahsiga Kiyevdagi «Olimpiyskiy» stadioni mezbonlik qiladi.

Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:45da boshlanadi. O‘yinni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Futbol-TV telekanali tomonidan jonli efirda tomosha qilishlari mumkin. Shuningdek, final o‘yini «Match TV»da jonli efirda uzatiladi.

Kimlar boshlang‘ich tarkibda?
«Liverpul» — kuchli zaxira o‘rindig‘iga ega emas. Bu jamoaning asosiy zaifligi: o‘yin davomida hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun Kloppda faqat Solanke yoki Ingzni, himoya markaziga esa – faqat Klavanni tushirish imkoniyati mavjud. Hujum chizig‘i vakillari hamisha bir xil tarkibda maydonga tushib kelgan va rotatsiya imkoniyatlari cheklangan.

Shu tufayli «Liverpul» har doimgidek 4-3-3 sxemasida o‘yinni boshlaydi, Oksleyd-Chemberlenning jarohatidan keyin yarim himoya markazidagi uchlik Milner, Xenderson va Veynaldumdan iborat, bu uchlikni kuchaytirish imkoniyati ham yo‘q, Lallana va Jan hali sport formasini tiklamagan: biri jarohatidan tuzalib qaytganidan keyin faqat 15 daqiqa maydonda harakat qildi, ikkinchisida shu ham yo‘q. O‘yin davomida vaziyatni o‘zgartirish uchun Kloppdan ijodiy yondashuv talab etiladi.

«Real»da — butunlay aksi. Bu jamoa mavsumning eng turlanuvchan jamoasi bo‘ldi, yaqqol misol: «Yuventus» bilan o‘yinlarda «Real» ikki xil tarkib bilan harakat qildi.

Zidan amaldagi Yevropa chempionlarini kuchli raqibga qarshi xotirjam tayyorlamoqda. U 3 nafar markaziy yarim himoyachilarni maydonga tashlaydi, ularga «o‘nlik» hujumchi Isko yordam berib, to‘p nazoratiga javob beradi. U raqib pressing uyushtira olmay qolganida, asosiy tayanch yarim himoyachisi Kazemirosiz o‘ynashi ham mumkin, raqibga bosim uyushtirish lozim bo‘lganida Anchelotti uslubida qanotlarni kuchaytirishi mumkin. Bitta narsa o‘zgarmaydi: «Real» o‘yin davomida o‘zgarib boradi. Vaskes, Asensio va Beyl zaxira o‘rindig‘ida Zidanning ularga ko‘rsatma berib, maydonga tashlashini kutib turishadi, murabbiy ulardan a’lo darajada foydalana oladi.

Foto: «Real» matbuot xizmati
Final arafasida madridliklarning boshlang‘ich tarkibida Beyl bo‘lishi yoki bo‘lmasligi kun tartibiga chiqqan. Keyingi ikki mavsum finalida Zidan pragmatizm orqali g‘alabalarga erishdi, bu pragmatizm esa Kazemironi Kroos va Modrich, shuningdek «o‘nlik» hujumchi Isko bilan birga maydonga tushirishni talab etardi. Isko bu o‘yinlarda qanotlarda ham harakat qilib, jamoaga katta foyda keltirgan.

Barchasini qanotlar hal qiladi

«Liverpul» mavsum davomida asosiy natijalariga o‘ng qanotdan uyushtirilgan hujumlar orqali erishib kelgan. Bunday hujumlar Saloh orqali boshlanadi. «Real» esa asosiy hujumlarni — Marselo va Ronalduning chap qanotidan uyushtiradi. Bu o‘yinni shu futbolchilarning harakatlari hal qilishi kundek ravshan. Aynan shu yerda kechaning asosiy to‘qnashuvlari bo‘lib o‘tadi.

Marselo – Saloh. Marseloning «Real» o‘yiniga ta’sirini Salaohning «Liverpul»dagi ahamiyati bilan tenglashtirish — mubolag‘a emas. Axir braziliyalik futbolchi – Zidanning zaxira rejasi, qachonki raqib Modrich va Kroosni pressing qilib, havodan to‘p uzatishlarni to‘sib qo‘yganida hujumlarni uyushtirish uchun Marselo yordamga keladi. Uning jamoa hujumlaridagi ulushini uning o‘yin davomida beradigan paslaridan ham bilish mumkin: 57ta, bu maydon markazida to‘pni nazorat qiladigan Modrichning natijasidan faqat ikkita kam. Marselo – «Real»da zarba berishdan oldingi pas berishda ham ikkinchi.

Foto: «Real» matbuot xizmati
Hujumkorlikda bunday hissa qo‘yish uchun himoyani unutishga to‘g‘ri keladi. Marselo ham orqada qolmaydi. U Ronaldu va Isko qatorida eng ko‘p marta to‘p yo‘qodigan futbolchilardandir. U o‘z ortidagi hududni bo‘sh qoldirib, oldinga chopib ketaveradi va hamisha ham vaqtida qayta olmaydi – bu hujumkor brazilcha uslubning o‘zginasi. Uning joyini yopib turish uchun hamisha zarurat bor – shu tufayli Zidan 4-4-2 sxemasidan foydalanadi.

Mavsum davomida Marselo «Real» uchun himoyada qancha muammolar tug‘dirgan bo‘lsa, «Real» ularning deyarli barchasini yopib kelganiga guvoh bo‘ldik.

Chempionlar ligasi finalida Marseloning bu mavsumda butun dunyoni o‘ziga qaratgan futbolchi bilan to‘qnashadi. Saloh o‘ng qanot vingeri sifatida o‘ynaydi, unga Marselodan yaxshiroq pressing qiluvchi futbolchini biriktirish lozim.

Bu qanotga ikkinchi bo‘limda Asensio tushirilishini kutish mumkin. Aynan uning chiqishi «PSJ»ni Madridda sindirgandi. Umuman olganda, «Liverpul» Aleksander-Arnoldga ishonilgan qanotida 60-daqiqadan keyingi vaqtni xatolarsiz o‘tkamasa, – hayron bo‘lmang.

Zidan va Kloppdan shou. O‘yinoldi matbuot anjumani

«Real» bosh murabbiyi Zinedin Zidan

Foto AFP
«Aytishim mumkinki, bu bizning eng qiyin finalimiz bo‘ladi. Bu ingliz jamoasi, ular hech qachon taslim bo‘lishmaydi. «Liverpul» jismoniy jihatdan yaxshi holatda, ammo ularning ustunligi faqat jismoniy tomonda emas, ular texnik jihatdan ham a’lo harakat qilishadi. Bizning qarshimizda juda kuchli futbolchilar.

Finalga chiqish – murakkab vazifa. Qatorasiga uchinchi marta finalga chiqishning siri - mehnat va iqtidor. Ammo, biz bu o‘yinda favorit emasmiz, futbolchilar orasida bunday fikr yo‘q. Imkoniyatlar - 50/50. Ronalduning ahvoli yaxshi. U o‘yinga 140% tayyor.

Klopp bilan farqimiz? Murabbiy sifatidami yoki futbolchi? A, murrabbiy deng! Chunki, futbolchi sifatida undan chandon kuchli edim. Jiddiy aytadigan bo‘lsam, Kloppni juda hurmat qilaman. U tajribali mutaxassis va katta hajmdagi ishni bajardi. Ammo, biz bir xil emasmiz, bir-birimizdan juda ham farq qilamiz. Biroq, uni hurmat qilaman».

«Liverpul» ustozi Yurgen Klopp:

Foto AFP
«Biz hamkorlikda ish boshlaganimizda, har qanday mag‘lubiyat uchun barcha javobgarlikni yolg‘iz men zimmamga olishimga kelishgandik. Yigitlar esa barcha fikrini o‘yinga qaratishiga. Tajriba, albatta, muhim, ammo men «Real»ga qarshi o‘yin arafasida o‘zimizga ishonchimiz yuqoriligini his qilmoqdaman. Bu futbolchilarga qarshi avval o‘ynamaganmiz, lekin biz shunchaki yaxshi jamoa emas, katta maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan «Liverpul»miz. Qonimizda g‘alaba uchun kurash bor.

Saloh Messi bilan Ronaldu bahsiga aralasha oladimi? Nima farqi bor? Murabbiy sifatida bu narsa meni xavotirga solmayapti. Ularning ikkalasi ham yuksak e’tirofga loyiq, jismoniy holati ham zo‘r. Agar Saloh ularning saviyasiga yetib olsa, juda zo‘r bo‘ladi. U mavsumni yaxshi o‘tkazdi, ammo oldimizda bitta muhim o‘yin qoldi. Keyingi yillar esa Salohning yuqori darajadagi raqobatga qanchalik tayyor ekanini ko‘rsatib beradi»

Yana nimalarga e’tibor qaratish lozim
Salohni personal qo‘riqlash. Buni ko‘zdan qochirib bo‘lmaydi: Zidan bu mavsumda kuchli raqiblarning asosiy futbolchilariga alohida futbolchini biriktirish bilan band bo‘lgan (Messiga qarshi bu yondashuv o‘zini oqlamadi), Salohni esa Mourino shunday yo‘l bilan ishdan chiqargandi (Uni Eshli Yang to‘liq yopib qo‘ygandi). «Real» uni qo‘riqlashni yarim himoya vakillaridan biriga topshiradi, u Kovachich Salohga o‘yin bermasligi uchun Iskoni qurbon qilishini kutish ham mumkin – ha, bu xato yurish bo‘lmas ham. Yoki yarim himoya chizig‘i vakillari to‘p «Liverpul»da bo‘lganida almashib Salohni qarshilashi mumkin.

«Liverpul»ning uzluksiz pressingi oqibatida charchamasdan iloj yo‘q. Chempionlar ligasida urilgan 40 goldan 18tasini mersisaydliklar birinchi bo‘limning 30 daqiqaligida urishgan. «Portu»ga qarshi 180 daqiqalik o‘yinda amalda barchasi ilk 30 daqiqalikda hal bo‘lgandi (safarda 2:0). «Manchester Siti»ga qarshi 180 daqiqalik o‘yinda amalda barchasi ilk 30 daqiqalikda hal bo‘lgandi (uyda 3:0). «Roma» bilan ilk yarim soatlikda «Liverpul» 2 gol urgan – ammo keyin rimliklar bunday ustunlik yetarli emasligini ham ko‘rsatishgandi.

«Liverpul»ning yana bir zaif tomoni erta xotirjamlikka berilish yoki erta toliqib qolish. Jamoa 90 daqiqa davomida kuchli o‘yin namoyish eta olmaydi, tezlikka asoslangan «Liverpul»ga pauzalar kerak. O‘yinning oxirgi daqiqalarida hisobni ushlab qolishga o‘ynash – bu jamoaning ustun jihati emasligi aniq. Ayni vaqtda bu «Real»ning ustunligi, Primeradagi o‘yinlarda 80-daqiqadan keyin urilgan gollar jamoaga 20 ochko keltirgan.

Asensio — Vaskes bog‘lami. «Liverpul» o‘yinning oxirgi qismida charchab qolishi haqida Klopp «Roma»ga qarshi ikkinchi o‘yindan keyin ham aytgandi, bundan esa Zidan oqillik bilan foydalanishi, ushbu futbolchilarni maydonga tushirish orqali qanotlardan hujumkorlikni kuchaytirishi mumkin. Bu ulardan biri gol urishi yoki golli pas berishi kerakligini anglatmaydi: undan ko‘ra muhim ishlarni amalga oshirish ham mumkin. Masalan, Asensioning maydonga tushishi Marseloning yanada erkin harakat qilishiga yo‘l ochadi va u qanotlarda yanada xavfliroq hujumlar uyushtira boshlaydi. Himoyaga bosim o‘yinning oxirgi daqiqalarida Ronalduga ko‘proq kenglik beradi.

Foto: Getty Images
O‘yin sifati hech narsani anglatmaydi. «Bavariya» ustidan g‘alaba shuni ko‘rsatdi: madridliklar chiroyli va sifatli o‘yinsiz ham natijaga erishishdi.

Va oxirgisi. «Oltin to‘p» uchun favorit va anderdog poygasida ko‘p narsa YeChL finalida hal bo‘lishi mumkin. Boshqalar buni esdan chiqargan bo‘lishi mumkin, ammo, Ronaldu va Saloh emas.

Foto: twitter.com/@ChampionsLeague
Bu esa finalni yanada tomoshabop qiladi.

Foto: twitter.com/@ChampionsLeague

Manba: kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Final oldidan: Bugun kim qanday o‘ynaydi? (foto)