19:28 / 02.06.2018
2 671

O‘zbekiston Urugvayga sayr uchun ketmadi. Kapadze bilan suhbat

O‘zbekiston Urugvayga sayr uchun ketmadi. Kapadze bilan suhbat
Temur Kapadze boshchilik qilayotgan jamoa 22 nafar futbolchi bilan kechagi mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Faqatgina Shuhrat Muhammadiyev kechroq jamoa lageriga kelib qo‘shildi.

Kapadze dastlab e’lon qilgan tarkibdan o‘rin olgan Ignatiy Nesterov jarohati tufayli tarkibdan tushib qoldi va o‘rniga "Nasaf"ning yosh posboni Umidjon Ergashev jalb etildi. Superligadagi ajoyib o‘yinlari orqali ko‘pchilik mehrini qozonayotgan "Qo‘qon-1912" darvozaboni O‘tkir Yusupov esa vizaga ulgurilmagani bois ham jalb etilmagani oydinlashdi. Chunki Nesterovning jarohatidan keyin qisqa fursatda Yusupovga viza tayyorlashga ulgurish juda qiyin masala.

Shuningdek, Islom To‘xtaxo‘jayev va Javlon Ibrohimov ham terma jamoa lagerida ko‘rinish berishmadi. Ma’lum bo‘lishicha, bu ikkala futbolchilar oilaviy sabablarga ko‘ra Toshkentga qolishgan. Ularni o‘rniga "Bunyodkor"dan Islom Qobilov hamda "Lokomotiv" a’zosi Ikrom Aliboyev chaqirildi.

Ko‘pchilikni qiziqtirgan savol: Sardor Rashidov nega jalb etilmadi? Aslida Kapadze Sardor Rashidovni terma jamoaga taklif etgan. Ammo bu taklifga Rashidov rad javobini bergan. Sababi sifatida Rashidov yangi jamoa qidirayotgani va muzokaralar uchun xorijga yo‘l olishi tushuntirilgan.

Murabbiylar shtabida ham kichik o‘zgarish kuzatilgan. Temur Kapadze jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassis Augustin Chiritaga ko‘makchi sifatida Viktor Karpenkoni shtabga qo‘shgan. Karpenko uchun terma jamoa tanish joy va ko‘pchilik futbolchilarni yaxshi taniydi. Jiddiy va tarixiy uchrashuvdan oldin Karpenkoni terma jamoa lagerida bo‘lishi futbolchilar va shaxsan Kapadzega ko‘shimcha dalda bo‘ladi.

Kapadze futbolchilarga Urugvayga shunchaki sayr qilishga borilmayotganini alohida ta’kidlab, uchrashuv ular uchun ajoyib imkoniyat ekanligini tushuntirdi. Kapadze futbolchilarga Urugvayga cho‘chimaslikni, aksincha, maydonga tushgach, kim nimalarga qodirligini isbotlash kerakligini uqtirdi.

"Kayfiyat a’lo darajada. Muhimi, futbolchilar sog‘-salomat. Bizni juda uzoq yo‘l kutyapti. Qiyin parvoz bo‘ladi. Lekin shunga qaramasdan Urugvayga qarshi o‘yin bizga kerak. Bu bahs nafaqat menga, balki futbolchilarning o‘zi uchun ham kerak. Urugvay bilan har doim ham o‘ynalmaydi. Tarixiy o‘yin ostonasida turibmiz. Bu uchrashuv futbolchilar uchun katta imkoniyat. Biz esa qo‘l ostimizdagi futbolchilarning imkoniyatlarini tekshirib ko‘ramiz. Urugvayga qarshi bellashuv tajriba to‘plash uchun katta maktab vazifasini bajarib beradi. Bundan avvalgi uchrashuvlarda ham futbolchilar o‘zlarini yaxshi tomonlama ko‘rsatishdi. Biz Montevideoga shunchaki sayr uchun bormaymiz. Jiddiy va kuchli raqibga qarshi qo‘limizdan kelgancha harakat qilib, g‘alaba uchun maydonga chiqamiz. Barcha narsa maydonda hal bo‘ladi. Muhimi, biz u yerga borgandan keyin tiklanish uchun vaqtimiz bo‘ladi. Shu boisdan ham ertaroq safarga otlandik. O‘ylaymanki, futbolchilar uzoq parvozdan keyin tezroq o‘zlariga kelib olishadi. Xudo xohlasa yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytamiz", - deya gap boshladi Kapadze.

- Tashkiliy ishlar bo‘yicha muammolar yo‘qmi? Eshitishimizga qaraganda, o‘tgan safar biroz muammolar bo‘lgan ekan.
- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, ba’zi muammolar bor. Lekin O‘FA imkoniyat darajasida harakat qilyapti. Chunki bu parvozlarni tashkil etish oson masala emas. Kimnidir viza masalasida muammosi tug‘ilyapti yoki boshqa. Bu kabi muammolar yo‘q emas. Ammo umuman olganda hammasi yaxshi. Muhimi, amallayapmiz. Futbolchilarga esa tashkiliy masalalardagi muammolarga e’tibor bermaslikni ta’kidladim. Ularni o‘y-hayoli bo‘lajak uchrashuv bilan mashg‘ul bo‘lmog‘i lozim. Chunki muxlislarni qandaydir muammolar, uzoq parvozlar yoki boshqa sabablar qiziqtirmaydi. Ishqibozlar futbolchilarning maydondagi harakati va natijadan xulosa chiqarishadi. Qolgani ularni zarracha qiziqtirmaydi. Shu boisdan ham maydonga tushgandan keyin futbolchilar maksimal darajada o‘ynashlari talab etiladi. Jamoani imkon qadar ruhay taraflama o‘yinga tayyorlayapman. Uzoq parvozlar oson narsa emas. Urugvayga 3ta yo‘nalish bilan uchamiz. Deyarli 30 soatga yaqin parvozni amalga oshiramiz. Sayyohlar uchun borib aylanib kelish normal holat bo‘lishi mumkin. Lekin futbolchilar uchun bu oson narsa emas. Biz esa nafaqat u yerga shunchaki o‘ynash uchun, balki natija ham qayd etib kelishga harakat qilamiz. Bu esa juda katta hajmdagi kuchni talab etadi. Jamoa Urugvayga qarshi o‘yinga ruhan tayyor bo‘lishi juda muhim. Shu ustida ishlayapmiz.

- Tarkibga kiritilgan, ammo keyinchalik safdan tushib qolgan Nesterov tushunarli. Lekin qolgan ikki nafar futbolchini yo‘qligi nima bilan bog‘liq?
- Nesterov Bekobodda raqib futbolchisi bilan to‘qnashib ketish natijasida jarohat oldi. Islom To‘xtaxo‘jayev hamda Javlon Ibrohimov oilaviy sabablarga ko‘ra Urugvayga borishmaydi. Ular shaxsan oilaviy muammolari borligini aytib, iltimos qilishdi. Shu boisdan bundan fojia yasamadim. Ularni o‘rniga futbolchilar bor. Islom va Javlon uydagi muammolarini hal etishsin. Tarkibdagi futbolchilar ularni yo‘qligini bildirmaydi. Urugvay bilan o‘yin To‘xtaxo‘jayev va Ibrohimov uchun ham katta imkoniyat edi. Ammo nasib qilgani...

- Ko‘pchilik Rashidov masalasida sizga tanqid toshlarini otishmoqda. Vaholanki siz chaqirgan ro‘yxatda Rashidov bo‘lgan. Shu xususida o‘zingiz tushuntirish bersangiz...
- Rashidov ro‘yxatda bor edi. Ammo hozir unga yangi jamoadan takliflar bor ekan. Muzokaralar o‘tkazish uchun xorijni ketmoqchiligi bildirib, menga iltimos bilan chiqdi. Men unga agarda yangi jamoa bilan muzokara o‘tkazish zarur bo‘lsa, unda o‘zini ixtiyori ekanligini aytdim. Terma jamoa safiga intilayotgan, oshiqayotgan va xohlayotgan futbolchilar ko‘p. Rashidovni vaziyatini tushundim va uning o‘rniga ko‘proq ishtiyoqda yonayotgan futbolchilarni jalb etdim. Barcha futbolchilar bilan gaplashib, kimdir uzoq parvozdan qo‘rqayotgan, raqibdan cho‘chiyotgan yoki borishni istamasa aytishlarini so‘radim. Kimnidir majburlab olib ketishni foydasi yo‘q. Urugvay bilan o‘yin futbolchilar uchun katta maktab, juda zo‘r imkoniyat ekanligini tushuntirdim. Bu tarixda qoladigan o‘yin. Agarda yaxshi natija qayd etish nasib etsa, unda ushbu futbolchilar tarixdan muqim joy egallashadi. Ko‘pchilik hali buni to‘liq tushunib yetmayotgan bo‘lishi mumkin. O‘ylaymanki, futbolchilar hali vaqti kelib qanday uchrashuvda ishtirok etishganini anglashadi.

- Eronga qarshi bo‘lgan o‘rtoqlik o‘yini va bo‘lajak Urugvay bilan bo‘ladigan uchrashuvga rahbariyat asosan yoshartirilgan va Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadigan futbolchilarni olib ketishni tavsiya qilganidan ko‘pchilik bexabar. shu boisdan ham ba’zi futbolchilarni terma jamoadan tushib qolgani yoki kimlar uchun esa terma eshiklari yopilgani aytilmoqda. Aslida esa bunday emas, to‘g‘rimi?
- Haqiqatdan ham Eron bilan o‘yindan oldin rahbariyat tarafdan mana shu ikkala uchrashuvlarga yoshartirilgan tarkibni olib ketib, Osiyo o‘yinlariga ishtirok etadigan tarkibni tayyorlash vazifasi qo‘yilgandi. Garchi Eronga yoshartirilgan tarkib bilan borgan bo‘lsakda, yomon o‘ynamadik. Uchrashuvdan oldin ham men xotirjam edim. Chunki futbolchilarni potensiali va imkoniyatlarini yaxshi bilardim. Senegal va Marokashga qarshi o‘yinda ham Eronga borgan tarkibdan aksariyat futbolchilar joy olishgandi. O‘shandayoq ularning nimalarga qodirligini ko‘rganim bois ortiqcha havotir yo‘q edi. Ayni paytda kelajak porloq yoshlar va iqtidorli futbolchilar terma jamoada jam bo‘lishgan. Mehnatdan qochmay, o‘sishga erishishsa, unda bu jamoa biz erishmagan yutuqlarni qo‘lga kiritadi. Bunga ishonchim komil.

Futbolchilarga milliy terma jamoa futbolimiz yuzi, imijini belgilab berishini yanada yaxshi tushuntirdim. Shu boisdan ham mas’uliyatni his etib o‘ynash kerakligini ta’kidladim. To‘g‘ri, terma jamoa libosini kiyish yaxshi, ammo bunga loyiq va munosib bo‘lish kerak. Agar jamoa yutsa, unda bu ular uchun obro‘ va e’tibor. Qanchalik yaxshi o‘ynab, g‘alaba qozonishsa, ishqibozlar ularni qo‘llarida ko‘tarib yurishadi. Aksincha bo‘lsa, xalqaro maydonda shunga qarab futbolimizga baho berishadi. Masalan "Nasaf" futbolchisi zo‘r o‘ynab faqat qarshilik muxlislar yoqimtoyiga aylanishi mumkin. Lekin terma jamoa safida buni uddalasa, unda butun O‘zbekiston uni e’tirof etadi.
Erondan farqli ularoq Urugvayga qarshi tarkibni nisbatan tajribali futbolchilar bilan to‘ldirdik. To‘g‘ri, kutilganidek kuchli tarkib bilan Urugvayga yo‘l olmayapmiz. Ammo bu yoshlar uchun ajoyib imkoniyat ekanini anglatadi. Bundan esa ular samarali foydalanib qolishlari kerak.

- Bo‘lajak bahsda terma jamoa sardori kim bo‘ladi?
- Hozircha bu borada yakuniy qaror qilganimiz yo‘q. Ko‘ramiz, balki sardorlik bog‘ichi Masharipovda qolishi mumkin. Chunki Jalol o‘zini yaxshi his etyapti va chiroyli o‘ynamoqda. Aslida terma jamoamiz kelajagi mana shu yoshlar. Ayni paytdagi tarkibda Muhammadiyev va Shixov boshqalarga nisbatan yoshi kattaroq. Qolganlari o‘rtasidagi farq deyarli teng.
Shahboz Beg‘amov

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston Urugvayga sayr uchun ketmadi. Kapadze bilan suhbat