07:02 / 03.06.2018
3 378

Adliya vaziri O‘zbekiston basketbol federatsiyasi prezidenti etib saylandi

Adliya vaziri O‘zbekiston basketbol federatsiyasi prezidenti etib saylandi
2 iyun kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston basketbol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferenatsiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda MOQ Prezidenti Umid Ahmadjonov, Bosh kotib Jasur Matchanov, Prezident maslahatchisi Komiljon Xudoyberganov, O‘zbekiston basketbol federatsiyasi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabir tarqatmoqda.

Konferensiya avvalida yig‘ilganlarga kun tartibi tanishtirildi. Unga ko‘ra, federatsiya rahbarining vakolat muddati yakunlangani sabab tashkilotga yangi rahbar saylab olish kunning asosiy masalasi sifatida qayd etildi.

Shundan so‘ng federatsiya mutasaddilari tomonidan tashkilot faoliyatiga oid taqdimot namoyish etib berildi. Unda basketbol federatsiyasi faoliyati, rivojlanish tarixi, bugungi kundagi holati tanishtirildi, so‘nggi vaqtlarda yuzaga kelgan muammolar, kamchiliklar qayd etib o‘tildi.

Bungacha O‘zbekiston basketbol federatsiyasi prezidenti sifatida faoliyat olib borgan Dusanov Zohid Abduqayumovich sog‘lig‘i yomonlashgani sababli o‘z lavozimini tark etgani ma’lum qilindi.

So‘ngra, kun tartibiga binoan delegatlar tomonidan federatsiyaning yangi nizomi tasdiqlandi.

Keyin esa federatsiya rahbarligi lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Davletov Ruslanbek Quroltoyevich nomzodi taklif etildi. Konferensiya ishtirokchilari ushbu nomzodni bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar. Shu tariqa R.Davletov O‘zbekiston basketbol federatsiyasining prezidenti etib saylandi.

«Bildirilgan ishonch uchun minnatdorchilik bildiraman. Ishonchni oqlayman. Birinchi vazifamiz, federatsiya tizimidagi ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olishdir. Tashkilot tizimini qayta ko‘rib, kimning qanday imkoniyatlarga ega ekanligini o‘rganib chiqamiz. Basketbolni rivojlantirish uchun bizga malakali mutaxasisslar kerak bo‘ladi. Bu borada qo‘llab-quvvatlashingizga umid qilaman va kelajakda albatta yaxshi natijalarni qo‘lga kiritamiz», – dedi R.Davletov.

Shuningdek, yangi rahbar viloyatlarda ham basketbolni rivojlantirishga e’tibor qaratishini, terma jamoa uchun xorijdan malakali murabbiylar jalb qilinishini, bugungi kunda eng asosiy muammolardan biri bo‘lib turgan baza masalasi hal qilinishiga ham alohida urg‘u berib o‘tdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)