23:46 / 07.06.2018
3 752

Umid Ahmadjonov Yaponiya Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti bilan uchrashdi

Umid Ahmadjonov Yaponiya Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti bilan uchrashdi
Xabar berib o‘tganimizdek, bir necha kun oldin O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse Prezidenti Umid Ahmadjonov Yaponiyaga jo‘nab ketgandi. Umid Ahmadjonov u yerda uchrashuvlar o‘tkazib, bir qator kelishuvlarga erishgani haqida xam ma’lum qilgandik. Ana shunday uchrashuvlarning navbatdagisi bugun, 7 iyun kuni Yaponiya Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Sunekazu Takeda bilan tashkil qilindi. Uchrashuv davomida Yaponiya MOQ rahbariga vitse-prezident Yasuo Saito xamrohlik qildi.

Uchrashuvda tomonlar hamkorlik rishtalarini yanada rivojlantirish, ularni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha muzokaralar olib borishdi. Sir emaski, dzyudo hamda karate kabi Olimpiya sport turlarida Yaponiya terma jamoalari jahonda yetakchilardan hisoblanishadi. Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbari o‘zbekistonlik sportchilarning Yaponiyada malaka oshirishlarini so‘rab, Sunekazu Takedaga murojaat qildi.

"Dzyudo va karate bo‘yicha Yaponiya jahonda yetakchi mamlakatlar sirasiga kiradi. Shuningdek, Tokioda jahonga mashhur «Kodokan» dzyudo markazi ham joylashgan. Biz o‘zbekistonlik sportchilarni aynan shu yerda o‘z malakalarini oshirib, mahoratlarini yanada toblab olishlarida amaliy yordam ko‘rsatishingizni so‘rardik. O‘ylaymanki bu hamkorlik har ikki tomon uchun foydali bo‘ladi", – dedi uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov.

O‘z navbatida Yaponiya MOQ Prezidenti Sunekazu Takeda bunga javoban O‘zbekistondan ham sportning boks, dzyudo, sport kurashlari va og‘ir atletika bo‘yicha o‘rganadigan jihatlar yetarli ekanligi, hamkorlik qilishdan Yaponiya tomoni ham manfaatdor ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Muzokaralar davomida Yaponiya Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan jamoaviy sport turlari hamda stol tennisi bo‘yicha hamkorlik qilishga ham kelishib olindi. Kelishuvga ko‘ra, yaponiyalik mutaxassislar mamlakatimizda ushbu sport turlarini rivojlantirish loyihasida faol ishtirok etadilar. Shuningdek, hamkorlik murabbiylar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, hamkorlikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish kabi masalalarni ham qamrab oladi.

Ma’lumot uchun, Umid Ahmadjonov 9 iyun kuni Tokiodan to‘g‘ri Moskva shahriga uchadi. Rossiya poytaxtida FIFA Kongressida ishtirok etib, futbol bo‘yicha jahon chempionatining ochilish o‘yini – Rossiya-Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni “Lujniki” stadionining martabali mehmonlar lojasidan kuzatib boradi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov Yaponiya Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti bilan uchrashdi