06:30 / 16.06.2018
3 011

Rayan Giggz: O‘zbekistonda ishlash? Hech qachon «hech qachon» dema!

Rayan Giggz: O‘zbekistonda ishlash? Hech qachon «hech qachon» dema!
Katta futbol musobaqalarida dunyo futbolidagi taniqli shaxslarni uchratish qiyin emas. Ulardan ayrimlari futbolchilik faoliyatini yakunlab, shu sohada ekspertlik qilishni davom ettirishadi. Gapga chechanglari esa, sharhlovchi ham bo‘lib ketadi. Bunaqalar juda ko‘p.

"Lujniki" stadionining Media-markazida Angliyaning "Manchester Yunayted" klubi afsonaviy sobiq yarim himoyachisi Rayan Giggzni uchratib qoldim. Ingliz jurnalistlaridan "ortishi"ni kutib turib, yoniga bordim va o‘zimni tanishtirdim. Uelslik yulduz o‘zini kamtarona tutdi va mening savollarimga tezda javob qaytarishga rozi bo‘ldi. Men ham uning vaqtini olmadim.

- Mister Giggz, Good day, ikki daqiqa vaqtingizni olsam maylimi?
- Salom, bemalol. Ispaniyalikmisiz?

- Yo‘q, men O‘zbekistondanman, Osiyoning issiq o‘lkasidan. Bu yerda jurnalistlik qilyapsizmi?
- Aniqrog‘i ekspertlik borasida o‘z fikrlarimni beryapman. Angliya va Uels matbuotiga u-bu narsa degandek.

- Tushunarli, aytingchi Jahon chempionatini Rossiyada o‘tishiga siz qarshi bo‘lmadingizmi? Chunki ko‘plab yevropalik jurnalistlar bu narsaga baykot sifatida qarashdi.

- Men futbol va siyosatni aralashtirmagan bo‘lardim. Hatto u Eron yoki Shimoliy Koreyada o‘tsa ham. To‘g‘ri, ayrim cheklovlar bo‘lishi mumkin. Lekin buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Rossiyaga kelsak: binoyidek Yevropa davlati. Bemalol katta turnirlarni qila olishini ko‘rsatib bergan.

- Rossiya hamda Saudiya Arabistoni o‘yini haqida nima deya olasiz? Men masalan, arablarning o‘yiniga befarq emasman...
- Qit’adoshingiz bo‘lgani uchunmi? Nima deyishim mumkin? Ikkisi ham hayajon bilan tushadi. Dastlabki 15-20 daqiqadan keyin mo‘’tadil futbol ko‘rishimiz mumkin. Rossiya g‘alaba qozonadi, so‘zsiz. Bunaqa payt ularga 12-o‘yinchi bo‘lib muxlislar qo‘shilib ketadi.

- Gapingiz to‘g‘ri. Uelsning mundialga kela olmaganini qanday izohlardingiz?
- Shu savolingizga javob bermay. Juda ko‘p marotaba shuni so‘rashadi. Men qayerdan ham bilardim? Bu futbolchilarga bog‘liq omil. Qayerdadir nimadir o‘xshamay qolgan.

- Yaxshi. Angliya terma jamoasi qayergacha boradi, deb o‘ylaysiz?
- (biroz o‘ylanib) Men kuchli sakkizlikka ilinishiga aminman. Adashmasam guruhdan chiqsa Kolumbiya, Senegal, Polsha va Yaponiyalardan biriga to‘qnash keladi. Ularning istalganidan o‘ta oladi.

- Bu savolni bermasam bo‘lmaydi. JCh-2018 g‘olibligiga asosiy da’vogar kim va Angliya chempionatida ko‘plab uchratish mumkin bo‘lgan fransuzlar haqida nima deya olasiz?
- JCh-2018 favoriti deb men Argentinani aytgan bo‘lardim. Bu yil Messi g‘olib bo‘lish uchun qo‘lidan kelgancha harakat qiladi va u harakat qilishga axd qilsa - bunga erishib ham qo‘yadi. Fransiya ... ha ularda kuchli futbolchilar bor. Lekin, 98-yilgi futbolni ko‘rsata olishmaydi, baribir.

- Buning uchun Zidan bo‘lishi kerak demoqchisizda?
- (kulib) Maybe.

- Janob Giggz, vaqtingizni olmayman, oxirgi savolim. O‘zbekiston futboli haqida eshitmagan bo‘lsangiz kerak-a? Agar sizbop maosh taklif qilishsa bizning yurtda ishlarmidingiz?
- Bir juda to‘g‘ri aytilgan ibora bor: hech qachon "hech qachon" dema. Mamlakatingiz futboli haqida ko‘p narsa bilmayman. Yurtingizda ishlashga kelsak: siz murabbiy sifatida deyapsizda?

- Ha, milliy termamiz bosh murabbiyi bo‘larmidingiz?
- O‘ylashimcha, O‘zbekistonga borib ishlashimga qo‘yishmasa kerak. Buyuk Britaniyaning o‘zida o‘nlab takliflar olganman va olayapman. Balki, kelajakda Osiyo futbolida ham ishlarman. Jumladan, sizning yurtingizda ham. Faqat buning uchun juda ko‘p narsalar bir-biriga mos kelishi kerak. Demoqchimanki, bu yerda gap pulda emas. Sharoit, munosabat, ishga bilmasdan turib aralashaverish va hokazo ko‘p jihatlar bor.

- Thank you, legend...
- (bosh barmog‘ini ko‘rsatib) Nice!

Manba: www.uff.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)