10:27 / 18.06.2018
2 999

Timur Kapadzening Urugvayga qarshi o‘yindan keyingi fikrlari (eksklyuziv)

Timur Kapadzening Urugvayga qarshi o‘yindan keyingi fikrlari (eksklyuziv)
Mundial boshlagnishidan avval milliy terma jamoamiz Montevideoda Urugvayga qarshi bahs olib bordi. Ko‘pchilik esa mazkur o‘yinni tarixiy deb atadi. Har holda Luis Suyeras, Edinson Kavani, Diyego Godin kabi jahon yulduzlariga qarshi vakillarimizning qanday to‘p surishi biz uchun juda qiziq edi. To‘g‘ri, O‘zbekiston kuchli raqibga yirik hisobda yutqazdi. Urugvay esa jahon chempionatida yetakchilardan biri sifatida tilga olinmoqda. Futbolchilarimiz esa ularga qarshi uchrashuvda yomon taassurot qoldirishmadi. Vakillarimiz olis safardan qaytib kelishganidan keyin terma jamoamizni boshqarib kelayotgan Timur Kapadze o‘yin atrofidagi tafsilotlar va o‘yin haqidagi fikrlari bilan umumiy ravishda o‘rtoqlashdi.

“Bunday o‘yin har doim ham bo‘lavermasdi”

- Urugvayga ketishimizdan oldin u yerga asosan yoshlar bilan boramizmi yoki tajribaliroq o‘yinchilarni ham olib ketamizmi, degan savol oldimizda turgandi. Biz esa iloji boricha tajribali futbolchilarni ham o‘zimiz bilan birga olib ketib, turli gap-so‘zlar bo‘lmasligini ham reja qilgandik. Lekin harakat qilishizga qaramay, barcha o‘zimiz istagan tajribali futbolchilarni olib keta olmadik. Kimdir jarohat olgandi, yana kimdir boshqa sabab tufayli bora olmadi. Lekin men bu jamoa bilan birinchi marta ishlayotganim yo‘q. Shu bois yigitlardan havotirim yo‘q edi. Muhimi, futbolchi terma jamoaga o‘z xohishi bilan borishi kerak. Safarga ketishdan oldin Toshkentda yigitlarga yaxshilab tushuntirdim. Bunday o‘yin har doim ham bo‘lavermasligi ta’kidladim. To‘g‘ri, Urugvayga yetib olguncha yo‘lda qiynalamiz, ammo o‘yinga tayyorlanish uchun to‘rt kuncha vaqtimiz bo‘lishini ularga aytdim. Bungacha, Senegal, Marokash kabi termalarga qarshi o‘ynaganimizni eslatib, hech qanday raqibdan qo‘rqmasliklarini ularga uqtirdim. Eng asosiysi, o‘yinchilarda ishonch bor edi. Anchadan beri bu tushuncha futbolchilarimizda yo‘qolib qolgandi. Terma jamoada ish boshlaganimdan beri birinchi qilgan ishim yigitlarimizga o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytarishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, futbolchilarimizga Urugvayga qarshi o‘yinda to‘pni ko‘proq o‘zimizda nazorat qilishni, shunda ular qiynalishini aytdim. Agar to‘pni raqibga berib qo‘ysak, bizga muammolar tug‘dirardi. Kuchli tomonimizni ko‘rsatishimiz zarurligini tushuntirdim.

“Uzoq yo‘ldan so‘ng futbolchilar ikki kun tiklanishdi”

- To‘g‘ri, yo‘l bizni ancha qiynadi. Uzoq mamlakatga safar uyushtirish, 30 soatdan ortiq vaqt davomida yo‘lda bo‘lish oson emas. Samolyotda uch yoki to‘rt soat uxlarsiz, ammo umuman olganda, faqat o‘tirib ketiladi. Bir amallab Urugvayga yetib bordik. Dastlab yigitlarning uzoq yo‘ldan kelishganini hisobga olib, tiklanishi uchun trenajyor zalida shug‘ullandik va basseynda cho‘milishdi. Ikki kun davomida ularni tikladim. To‘g‘ri, ularning oyoqlari ishlashi mumkin, ammo miyalari baribir charchagan hisoblanardi. Odatda safarga chiqsak, shug‘ullanishga vaqt kam qolardi. Masalan, Eronga borganimizda ham bir kun shug‘ullanib keyin o‘yinga tushgandik. Biz esa Montevideoga ertaroq bordik va shug‘ullanishimiz uchun vaqtimiz bo‘ldi. Raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini ko‘rsatdik. Futbolchilarga shunday dedim: “maydonda raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishimiz kerak”.

“Tan olish kerak, raqib futbolchilari jismoniy jihatdan kuchli edi”


- Bu biz uchun oson bo‘lmadi. Birinchidan uzoq yo‘lni bosib o‘tdik. Ikkinchidan O‘zbekiston va Urugvay o‘rtasida vaqt tafovuti sakkiz soatlik farqni tashkil qiladi. Aslida har bir soat farqi bo‘yicha bir kun adabtatsiya bo‘ladi. Uchinchidan, boshqa davlat, to‘rtinchidan boshqa stadion. Qolaversa, stadion to‘la muxlislar ham bizga qarshi edi. Stadionning maydoni ham unchalik qoniqarli emasdi. Hattoki, mashg‘ulot o‘tkazadigan maydonlari ham yaxshi emasdi. Bularga qaramasdan yigitlarimiz o‘z o‘yinini ko‘rsatishga harakat qilishdi. Bunday sharoitda ko‘proq jismoniy tayyorgarlik muhim rol o‘ynardi. Tan olish kerak, Urugvay futbolchilarining jismoniy holati biznikilardan kuchli edi. Bugungi zamonaviy futbolda o‘yinchi birinchi navbatda kuchli atlet bo‘lishi kerak. Bu ham yetmaganidek, o‘yinni boshqargan hakam bellashuvni adolatli boshqardi deb aytmagan bo‘lardim. Ha, mayli, demoqchimanki, futbolchilarimiz yuqorida aytib o‘tgan omillarga ham qarshi o‘ynashiga to‘g‘ri keldi.

“Dastlabki yarim soat davomida ularni to‘psiz qoldirib asabiylashtirdik”


- Uchrashuvning dastlabki besh daqiqasida futbolchilarimizda hayajon bo‘lgandi. Keyinchalik esa jamoamiz o‘zini qo‘lga olib, to‘pni nazorat qilishga o‘tdi. 25 daqiqa davomida raqibni to‘psiz qoldirdik va bundan urugvayliklar asabiylasha boshlashdi. Ikkinchi bo‘limda esa baribir charchoqlar bilindi. Natijada xatolar boshlandi. Xatolar esa charchoqdan keyin yuz beradi. Agar raqibga to‘pni topshirib qo‘yganimizda bizni “ezib” tashlashardi. Lekin Urugvay bizni to‘liq himoyaga “mixlab” qo‘ygani yo‘q. Gollarga keladigan bo‘lsak, birinchisida Javohir Sidiqovga maydonning noqulayligi ham halaqit qildi. Markazda Suares uni itarib yuborib to‘pni olib qo‘ydi. Bu vaziyatda hakam o‘yinni to‘xtatishi ham mumkin edi. Keyin himoyachimiz Rustam Ashurmatov ham ulgurmay qoldi. Bunday kuchli jamoalar kichkina imkoniyatni ham golga aylantira olishadi. O‘sha gol yigitlarimizning kayfiyatiga ta’sir qildi. Chunki ularga gol urish uchun o‘zimiz imkon yaratib berdik. Umuman aytganda, qolgan ikkita golni standartdan o‘tkazdik. Ikkinchisi penaltidan kiritilgan bo‘lsa, uchinchisi burchak to‘pidan keyin ro‘y berdi. O‘sha vaziyatda men darvozabonimiz Eldor Suyunovga to‘pga ertaroq chiqishi kerakligini aytdim. O‘zi ham shunday qilmoqchiligini, ammo yoritgichlarning nuriga ko‘ziga tushib qolgani bois to‘pga vaqtida chiqishga ulgurmay qolganini aytdi. Urugvayda yana bir-ikkita vaziyat bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo butun o‘yin davomida ularning darvozamiz oldida imkoniyatlari ko‘p bo‘ldi deb ayta olmayman. Agar biz golli imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarganimizda balki yutqazmasligimiz mumkin edi. Umuman, bunday yuqori saviyadagi jamoaga qarshi o‘ynash oson emas. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilarimiz ham yomon taassurot qoldirishmadi. Hattoki, o‘yin oxirlarida 10 kishi bo‘lib qolganimizda ham hujumlar uyushtirishga harakat qildik. To‘g‘ri, raqib safida yulduz futbolchilar bor. Ammo maydonda nom emas, faqat jamoa o‘ynashini futbolchilarimizga tushuntirishga harakat qildim. Yaxshi o‘ynadik, yomon emas. Ammo kamchiliklarimiz hali ko‘p. Men jamoani noldan qurishga harakat qilyapman. Biror nimaga birdaniga erishib bo‘lmaydi. Urugvay bilan o‘yinda hujum uyushtirishda qiynaldik. Himoyadan yaxshi chiqib ketyapmiz va bunday paytda hujumga maksimal darajada kuch qo‘shish kerak. Ammo bizda mana shu jihat bo‘yicha uzilishlar bo‘ldi. Lekin jamoamiz kuchli raqibga qarshi qo‘rqmasdan pressing qilishni ham epladi. To‘g‘risi, bu futbolchilarimizning ota-onalariga rahmat. Ularning hammasi tarbiyali yigitlar. Shu bilan birga ularni futbolga o‘rgatgan murabbiylariga ham minnatdorchilik bildiraman.

“Yigitlarga milliy terma jamoa nima ekanligini tushuntirib boryapman”

- Jamoamizni yana boshqa kuchaytiradigan o‘yinchilarimiz ham bor. Lekin o‘zimizning mahalliy futbolchilar uchun bu darajadagi kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlar juda foydali bo‘lyapti. Agar legionerlarimiz ham ushbu uchrashuvda ishtirok etishganida balki boshqa yigitlarimizning bunday kuchli raqibga qarshi qanday o‘ynay olishini bila olmasdik. Bilasizmi, agarda Urugvayga qarshi boshqa joyda, xuddi ikkala jamoa bitta imkoniyat darajasida bo‘lganida biz bundan ham yaxshiroq o‘ynagan bo‘lardik. Shunga qaramay, Urugvayning maydonida o‘ynagan bo‘lsak-da, yigitlarimizda qo‘rquv yoki havotir yo‘q edi. Futbolchilarimiz ko‘rishdiki, Urugvay bilan ham o‘ynasa bo‘ladi. Ularning o‘yinchilari osmondan tushishmagan. Bu o‘yin shuni ko‘rsatyaptiki, futbolchilarimizda o‘sish bor. Biz o‘z o‘yinimiz bilan uyalmaymiz. Har doim o‘yinchilarimizga birinchi navbatda milliy terma jamoa nima ekanligini tushuntirib boryapman. Agar milliy terma jamoa yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib, natijalar ijobiy bo‘lib boraversa bu butun o‘zbek futboliga berilayotgan baho bo‘ladi. Agar terma jamoamiz yomon o‘ynasa o‘zbek futboliga yaxshi qarashmaydi. Hech qachon birovning futbolimizni yerga urishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Shu bois milliy terma jamoaga kelganda har bir o‘yinchi jon-jahdi bilan o‘ynashi kerak va buni yigitlarga uqtiryapman.

“Eronga ham, Urugvayga ham o‘z xatolarini ko‘rsatib bera oldik”

- U yerga asosiy tarkib bilan bormaganimiz urugvayliklarda e’tiroz uyg‘otmadi. Menimcha, ular bizning asosiy tarkib bilan kelmaganimizni bilishmadi ham. O‘ylashimcha, Urugvay terma jamoamizni yaxshi bilmaydi. Eronliklar esa bizni juda yaxshi biladi. Termamizda kimning qanday kuchga egaligini bilishardi. Shu bois Eronda biroz e’tirozlar bo‘lgandi. Lekin biz Urugvay uchun munosib raqib bo‘la oldik. Kerak paytda ularning kamchiliklarini ham ko‘rsatib berdik. O‘yindan keyin Urugvay murabbiyi bizga xatolarimizni ko‘rsatib bera olgan jamoa sifatida ta’rif berdi. Eronga qarshi uchrashuvda ham biz raqibning katta xatolarini ko‘rsatib bergandik. Natijada o‘yindan keyin Keyrush ancha vaqt zaxira o‘rindig‘ida o‘ychan holatda o‘tirib qolgandi.

“O‘yindan keyin raqib bizga nisbatan hurmat ko‘rsatmadi”

- O‘yindan keyin Urugvay bosh murabbiyi Oskar Tabares bilan ko‘rishmadim. Qolaversa, zaxira o‘rindiqlari bir-biridan uzoqda edi. Bundan tashqari, uning oyog‘i og‘riyotgani uchun oqsoqlanib yurgandi. Uchrashuvdan keyin yutqazganimiz uchun mening ham kayfiyatim tushib ketgandi. Buning ustiga urugvayliklarning uchrashuvdan so‘ng o‘zini tutishlari bizga yoqmadi. Bizning o‘yinchilarimiz ular bilan futbolka almashishni taklif qilishdi, ammo ular buni xohlashmadi. Ularning bunday sovuq munosabatidan jaxlim chiqdi. Xuddi bizni mensishmagandek bo‘lishdi. Luis Suaresni “Barselona”da ko‘p bor muttahamligini ko‘rgandik. Lekin terma jamoada ham shunaqa ekan. Sal narsaga hakam bilan tortishib, bizning futbolchilarga qizil kartochka ko‘rsatishini talab qilaverdi. Uni zaxiraga olishayotganida maydondan chiqib ketayotgandi. Rustam Ashurmatov esa Suaresga hurmat yuzasidan qo‘lini cho‘zsa ham u ko‘rishishni istamadi va norozi oxangda chiqib ketdi. Vaqti kelib yana Urugvay bilan to‘qnash kelishimizni Xudodan so‘rayman va o‘shanda ularga o‘z kuchimizni ko‘rsatishimizni juda xohlayman. Bizga nisbatan turli qiliqlar qilishib, hurmat ko‘rsatishmadi. Futbolchilarimizga esa ularning bunday hatti-harakatlaridan xafa bo‘lmasliklarini, yana qachondir ularga qarshi o‘ynaganimizda o‘zimizni ko‘rsata olishimizni aytdim. Biz shuning uchun ham yanada ko‘proq ishlashimiz kerak.

“Mundialda Rossiyaga muxlislik qilaman, ammo Germaniya favorit”

- Hozircha keyingi rejalar haqida bilmayman. Hammaning e’tibori jahon chempionatiga qaratilgani bois terma jamoamizning galdagi o‘yinlari yo‘q. Albatta, imkoniyatim bo‘lganida Rossiyaga borib mundial o‘yinlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchi edim. Baribir bunday o‘yinlarni jonli ko‘rgan boshqa-da. Jahon chempionati favoriti kim? Baribir qo‘shnimiz – Rossiyaga muxlislik qilamiz. Shuningdek, men oldindan Germaniyaga ham ishqibozlik qilaman.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Timur Kapadzening Urugvayga qarshi o‘yindan keyingi fikrlari (eksklyuziv)