19:43 / 23.06.2018
2 874

Ro‘ziqul Berdiyev «Nasaf»da qoladi

Ro‘ziqul Berdiyev «Nasaf»da qoladi
Bugungi kunda “Nasaf”da yuz berayotgan moliyaviy inqiroz jamoani anchayin holdan toldirdi. Mavsum boshidan buyon davom etib kelayotgan ushbu muammo hali ham o‘z yechimini topgani yo‘q. Bu ketishda chempionatimizning sovrindor va kuchli klublaridan biri bo‘lgan “Nasaf”ning “sinib” qolishi hech gap emas. Aslida-ku, vaziyat shunga qarab ketmoqda. Mavsumning dastlabki qismidan keyin Ro‘ziqul Berdiyev jamoasinining hattoki kuchli oltilikka ham kira olmaganiga nima deysiz? Har doim moliyaviy muammoni bartaraf etishga harakat qilinyapti deb aytishyapti-yu, biroq sira buning samarasi ko‘zga tashlanmayapti. Futbolchilar anchadan beri oylik maosh va mukofot pullarini olishgani yo‘q. Ko‘rinishidan ushbu yozgi yig‘inda “Nasaf” o‘z yetakchilarini yo‘qotadiganga o‘xshayapti.

Xabaringiz bo‘lsa, jamoa ustozi Ro‘ziqul Berdiyev bir necha matbuot anjumanlarida jamoa yetakchilarini imkon qadar saqlab qolishga harakat qilishlari haqida ta’kidlab o‘tgandi. Ayni paytdagi ustuvor vazifa ham shu bo‘lib qoldi. Ammo bu ular uchun juda qiyin bo‘ladiganga o‘xshab turibdi. Hozirdanoq aytishimiz mumkinki, “Nasaf” o‘z legionerlaridan ayrildi. Xorijlik futbolchilar sira tekinga futbol o‘ynashmaydi. Shu bois Dragan Cheran, Slavko Lukich va Igor Golban “Nasaf” bilan xayrlashdilar. Bu xabarni Ro‘ziqul Berdiyev ham tasdiqladi. Shuni aytish kerakki, qarshiliklarning ushbu triosi ancha foydali bo‘lib, jamoaning asosiy o‘yinchilari edi. Ya’ni, legionerlar “Nasaf”ning katta ustunlari bo‘lib kelishayotgandi. Biroq jamoadagi pulsizlik oxir-oqibat ushbu legionerlarning boshqa klublarga ketishlariga yo‘l ochib bermoqda.

Bu vaziyatda Berdiyev ularni ushlab qolishning hech qanday chorasini topa olmayapti. Tabiiyki, ularning ketishi qarshiliklarning o‘yiniga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Ma’lumotlarga qaraganda, Cheran mavsumning keyingi qismini “Paxtakor” jamoasida boshlashga yaqin turibdi. Bu haqida “Paxtakor” klubining sport direktori Ja’far Irismetov ham tasdiqlab, Cheranga qiziqish borligini aytgandi. Hozirda muzokaralar davom etyapti. Lukich masalasiga kelsak, albatta uni ham o‘z klubida ko‘rishni xohlayotgan jamoalarimiz bor. Tez orada uning taqdiriga ham oydinlik kiritiladi. Golbanga esa Rossiya tomonlardan takliflar kelib tushmoqda. Ungacha esa Sanjar Rashidov bilan Jasur Hasanov ham “Nasaf”dan ketishga ulgurgandi.

Bu hali hammasi emasga o‘xshaydi. “Nasaf”da shuningdek, Aziz G‘aniyev, Odil Hamrobekov, Maqsud Karimov, Sanjar Quvvatov kabi xaridorgir o‘yinchilari ham bor. Sir emaski, ushbu futbolchilarga ham takliflar yetarlicha. Agarda ular ham ketishsa “Nasaf” qanday ahvolga tushishini tasavvur qilyapsizmi? Eng qizig‘i, bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiyevga ham boshqa klublardan takliflar borligi haqiqat. Chunki klubdagi moliyaviy muammolar tufayli boshqa jamoadagilar “nasaf”chilarni o‘z tomonlariga og‘dirib olish harakatiga tushib qolishgan. Kuni kecha Ro‘ziqul Sa’dullayevich bilan klubdagi mavjud vaziyat xususida o‘zaro gaplashganimizda hali ham hech nima o‘zgarmayotgani haqida aytdi.

Lekin uning o‘ziga ham boshqa chorlovlar bo‘layotganini tasdiqladi. Ammo hozirgi qiyin sharoitda “Nasaf”ni yarim yo‘lda tashlab ketish niyatida emasligini aytib, nima bo‘lganda ham ishini oxirigacha davom ettirib qo‘yishini ma’lum qildi. Shu bilan birga Aziz G‘aniyev, Odil Hamrobekov kabi yetakchilarini ham imkon qadar o‘zida olib qolmoqchiligini ham yashirmadi. Bungacha legionerlarning ketishining o‘ziyoq “Nasaf”ga bir muncha ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Agar yana boshqa yetakchilari ham ketadiga bo‘lsa, ilgari murabbiyning o‘zi aytganidek, bu holatlarga tayyor bo‘la olmasa kerak.

Shu bois qolgan futbolchilarni saqlab qolishga harakat qilishyapti. Bunday vaziyatda tarkibga boshqa biror-bir yangi o‘yinchilarni jalb qilish haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas. Axir puli yo‘q jamoa qaysi pulga o‘yinchi olishi mumkin? Bunday vaziyatda o‘z tarkibini saqlab qolishi ham katta gap. O‘zi shundoq ham legionerlari ketib bo‘lishdi. Negadir “Nasaf”dagi moliyaviy muammolarning o‘z yechimini topmayotgani kishini o‘ylantirmasdan qolmaydi.

Ayni paytda “ajdarlar” o‘z qarorgohida yozgi yig‘inni boshlashdi. Tarkib esa to‘liq holatda emas. Chunki “Nasaf”ning bir qator futbolchilari hozirda Ravshan Haydarov boshchiligida Turkiyadagi yig‘inda ishtirok etishmoqda. Ko‘rinishidan Ro‘ziqul Berdiyev klub akademiyasidan yana bir qator o‘yinchilarni asosiy tarkibga jalb etadiganga o‘xshaydi. Chunki har qanday holatda ham tarkibni to‘ldirish kerak-ku. Achinarlisi, ko‘z o‘ngimizda chempionatimizning kuchli klublaridan biri zaiflashib bormoqda. Albatta, bu juda yoqimsiz holat.

Sovrinli o‘rinlar uchun kurashishda doim faol bo‘lgan “Nasaf” jamoasining osmonidagi qora bulutlar hali beri tarqamaydigandek. Shu bois qarshiliklar qanday qilib bo‘lmasin ushbu chempionatni bir amallab bo‘lsa ham tugatib qo‘yishmoqchi. Bu yerda gap biror o‘rin yoki sovrin uchun kurashish haqida ketmayapti. Ilgari “Nasaf”ning bunday ahvolga tushib qolganini ko‘rganmisiz? Albatta yo‘q. Afsuski, qarshiliklarning bunday qiyinchilikni yengib o‘tishi juda qiyin kechyapti. Klubda rahbariyat ham o‘zgarganidan xabaringiz bor. Biroq hozircha samara ko‘zga tashlanayotgani yo‘q.
Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev «Nasaf»da qoladi