08:02 / 28.06.2018
2 344

Roberto Karlos: “JCH-2018 finalida Rossiya va Braziliya o‘ynasa zo‘r bo‘lardi”

Roberto Karlos: “JCH-2018 finalida Rossiya va Braziliya o‘ynasa zo‘r bo‘lardi”
FIFA hamkori Hyundai kompaniyasi Moskvada JCH-2018 sharofati bilan ochilgan va mundial yakuniga qadar faoliyat yuritadigan jahon futboli muzeyi ko‘rgazmasiga braziliyalik mashhur Roberto Karlosni faxriy mehmon sifatida taklif qildi.

Ochilish marosimi yakuniga yetgach esa, futbol afsonasi rossiyalik kasbdoshlarimiz qurshovida qoldi.

Roberto Karlosga bog‘liq e’tiborli bitta fakt shuki, u Rossiya elit ligasida to‘p surgan yakkayu-yagona jahon chempionidir - 2002 yili tojdor bo‘lgan himoyachi 2011||2012 yillar mavsumida “Anji” safida 28 marta maydonga tushib, 5ta gol urgandi.

“HЕCh QAYOQQA KЕTMAGANDЕKMAN”

- Rossiyaga qayta kelganingizdan g‘oyat mamnun ko‘rinasiz...
- Albatta! Ayniqsa, ma’lum muddat yonma-yon to‘p surishgan yigitlar bilan ko‘rishganimdan baxtiyorman. Moskvada o‘zimni xuddi uydagidek sezyapman. Mana, vaqtida menga qo‘nimgoh bo‘lgan tanish mehmonxonaga joylashdim. Qisqasi, hech qayoqqa ketmagandekman!

- “Anji” bilan xayrlashgan paytingiz Rossiyada JCHga tayyorgarlik taraddudi boshlangan edi. Hozir hammasi shay holatga keldi. Xo‘sh, o‘zgarishlar sezilyaptimi?
- Samolyotdan tushganim zahoti mundial havosini tuydim. Qayerga qarama, bitta mavzu - futbol. O‘z xalqiga shunday ajoyib musobaqani tortiq etgan mamlakat prezidentini tabriklashni istardim. JCH - birinchi navbatda, xalq uchun ulkan bayram!

- 4 yil muqaddam braziliyalik muxlislar ulkan omadsizlikdan azob chekishgandi...
- Ha, Braziliyada juda kam uchraydigan natija qayd etilgandi - tushunarsiz voqea. Lekin xavotir olmang, Rossiya terma jamoasi bunday ayanchli holatga tushmaydi.

- Shundayku-ya, ammo Braziliya termasi JCH-2014dagi alamli mag‘lubiyat (1:7)ni unutolmaydi, baribir. Aytingchi, futbol bayrami mohiyati nima, sizningcha?
- Rossiya stadionlari va ular atrofidagi manzaraga qarang: hamma yerda tabassum! Albatta, baxt bekam bo‘lmaganidek, ideal musobaqaning o‘zi yo‘q - kimdir yutadi, boshqasi yutqazadi. Hozircha Rossiya tomoni tashkilotchi sifatida barcha ishlarni a’lo darajada bajarganini aytishim mumkin.

“ISTAGIM - BRAZILIYA TЕRMASI FINALDA RUSLARNI YENGSIN...”

- “Anji”da siz bilan birga to‘p surishgan ayrim futbolchilar hozir Rossiya termasi tarkibidan joy olishgan. Umuman, mezbon jamoa imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Rossiya termasi tarkibida ajoyib futbolchilar bor, albatta. Yoshlik va tajriba uyg‘unlashgandek. Yana nima derdim, ruslarga finalga chiqishlarini tilayman. To‘g‘ri, buning uchun futbolchilar butun vujudlarini butsalarga joylab, o‘z o‘yinlarini namoyish etishlari lozim.

- Moskva ko‘chalarida o‘tkazilgan so‘rovda ko‘plab ishtirokchilar Rossiya termasi tarkibidan loaqal 4-5 nafar futbolchi familiyasini ham ayta olishmadi. Sizchi, ularni bilasizmi?
- Avvalo, Ignashevich, keyin Akinfeyevni tilga olishim mumkin. Smolov - “Anji”dagi sobiq jamoadoshim. Shuningdek, Jirkov bilan ham yonma-yon to‘p surganman. Xo‘sh, necha kishini aytdim?

- 4 nafar...
- Ha, yana “Zenit”da o‘ynayotgan mallasoch yigitni ham bilaman, familiyasi nima edi-ya...

- Smolnikov.
- Ha-ha, u ajoyib o‘yinchi. Shuningdek, Gabulov bilan tanishman. Qisqasi, jamoa chakki emas.

- G‘oliblikka bosh da’vogar sifatida qaysi jamoani e’tirof etasiz?
- Rossiya termasini finalda ko‘rishni istashimni aytdim. Raqib esa Braziliya termasi bo‘la qolsin. Tabiiyki, hamyurtlarimning chempionlik taxtiga ko‘tarilishlaridan umidvorman. Ha, Ispaniya, Germaniya va Argentina jamoalarini ham unutmaslik kerak.

“FЕRNANDЕS - POLIVALЕNT O‘YINCHI!”

- Terma jamoamizda mahalliylashtirilgan braziliyalik Mario Fernandes bor. Uni taniysizmi?
- Fernandes bilan yaqindan tanish emasman, bafurja gaplashmaganmiz. Lekin uning o‘yinlaridan xabardorman. Shunday polivalent (universal) ijrochi xizmatidan foydalanish Rossiya termasi foydasiga ishlashi aniq.

- Endi o‘z haqingizda - hozir qanday yumushlar bilan mashg‘ulsiz?
- Hamon “Real” elchisi rolini bajaryapman. Ya’ni Florentino Peresning yaqin hamkoriman.

Shuningdek, vaqtida Zayniddin Zidan boshqargan yoshlar jamoasini shug‘ullantiryapman. Klub boshqaruv tizimida esa direktor lavozimi menga tegishli. Shu bois, bo‘yinbog‘ taqib yurishga majburman.

- FIFA muzeyida 1970 yilga qadar jahon chempionlariga taqdim etilgan, keyin abadiy saqlash uchun Braziliya terma jamoasiga topshirilgan Jyul Rime sovrini - “Oltin ma’buda”ni namoyish etasiz...
- Qiziq, uni ushlab ko‘rishga izn berisharmikan? Hozirgi kubokni g‘olib jamoa a’zolari bemalol qo‘lga olishlari mumkin, jumladan, men ham. Biroq “Oltin ma’buda” boshqa-da...
------------------------------------------
P.S.: 1966 yili Londondan o‘g‘irlab ketilgan, keyinchalik Piklz laqabli kuchuk yordamida tasodifan topilgan tarixiy kubok - “Oltin ma’buda” (“Nika”) hozirda o‘q tesholmaydigan oynavand qutichada 2 nafar qo‘riqchi nazoratida saqlanadi.

Qizig‘i, nozirlar hattoki, Roberto Karlosdek afsonaga ham boshida shubha bilan qarashdi.
Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Roberto Karlos: “JCH-2018 finalida Rossiya va Braziliya o‘ynasa zo‘r bo‘lardi”