09:58 / 22.07.2018
2 169

Kontening “Chelsi”dan ketishiga sabab bo‘lgan 5 ta xatosi

Kontening “Chelsi”dan ketishiga sabab bo‘lgan 5 ta xatosi
“Chelsi”da uzoq kutilgan iste’fo nihoyat o‘tgan haftada sodir bo‘ldi. Klub rahbariyati bilan o‘zaro ziddiyatda bo‘lgan Antonio Konte Mauritsio Sarri bilan almashtirildi.

O‘tgan mavsumda klubni Angliya Kubogi chempioni qilganiga qaramay italiyalik murabbiy o‘zining klubdagi ikkinchi mavsumini juda kuchsiz o‘tkazdi. Bunga uning yo‘l qo‘ygan bir qator xatolari sabab bo‘ldi. Quyida Kontening jiddiy xatolarini tahlil qilamiz.

Uning “Stemford Bridj”dagi dastlabki mavsumi juda muvaffaqiyatli chiqdi. U klubni rekord ko‘rsatkich 30 g‘alaba va 13 o‘yinlik g‘alabali seriyadan iborat natijalar bilan Angliya chempioniga aylantirdi.

Shunga qaramay, Konte Mourino kabi ikkinchi mavsumni o‘ta omadsiz o‘tkazdi. Top-6 raqiblaridan qolib ketgan “aristokratlar” nafaqat chempionlikni munosib himoya qilolmadi, kamiga Chempionlar Ligasidan ham quruq qoldi. Biroq Konte qayerda xatoga yo‘l qo‘ydi? Bu ko‘pchilik futbol muxlislarini o‘ylantirgan savol bo‘lib qolmoqda.

Diyego Kosta mashmashasi
Konte o‘zining “Chelsi”dagi so‘nggi mavsumida jamoaning yetakchi hujumchisi Diyego Kosta bilan nizoga bordi. 2016-yilda italiyalik murabbiy kelgach “Atletiko”ning Braziliyada tug‘ilgan hujumchisiga katta ishonch bildirdi. Kosta esa unga bildirilgan ishonchni to‘liq oqladi. U barcha musobaqalarda jami 22 gol urishga erishdi. Shundan 20 tasi Premer Liga o‘yinlariga to‘g‘ri keladi.

Biroq 2017-yil iyunida Konte telefoni orqali Kostaga jamoani tark etishi mumkinligi, boisi hujumchi uning rejalariga kirmasligi haqidagi SMS-xabarni yubordi.

Bu tariqa boshlangan nizo mashg‘ulotlar maydonchasida ham davom ettirildi. Kosta esa “Atletiko”ga qaytishga rozi bo‘ldi, biroq “matroslar”ga qo‘yilgan ta’qiq tufayli u qishgacha Londonda qoladigan bo‘ldi. Konte esa hujum chizig‘idagi sifatni yo‘qotib qo‘ydi.

Mavsum debyutidagi kuchsiz start
Undan oldin Mourino duch kelganidek, Konte chempionlikni egallagan yilida bajarganidek asosiy tarkib futbolchilariga uzoq vaqt dam olish imkonini berdi. 2014-15-yilgi mavsumda ham Mourino mavsumoldi tayyorgarlik uchun 4 ta o‘yin o‘tkazdi. Premer Liganing dastlabki besh turida esa birorta g‘alabani qo‘lga kirita olmagan edi.

Konte esa Mourinoning natijalarini yaxshiladi. U to‘rtta o‘yinning ikkitasida g‘alaba qozondi. Boz ustiga ular o‘rtoqlik o‘yinlarini ham yetarlicha tashkil qila olishmadi. Bu esa o‘zining aks ta’sirini dastlabki turdayoq namoyish qildi. “Ko‘klar” “Byornli”dan 3-2 hisobidagi mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.

Dahshatli yanvar
Mavsum startini kuchsiz o‘tkazgani yetmagandek, “nafaqaxo‘rlar” ikkinchi davraning debyutini ham juda omadsiz o‘tkazdi. Yangi yilning ilk kunlarida omad “Chelsi”dan butunlay yuz o‘girdi.

Yanvar oyida ular barcha musobaqalarda to‘qqiz o‘yin o‘tkazdi. Ular dastlab “Arsenal” bilan durangga imzo chekdi. Keyin qatorasiga uch o‘yinda 0-0 hisobidan nursiz duranglar seriyasi sodir bo‘ldi. “Norvich”ga qarshi to‘rtinchi durang ham sodir bo‘ldi. Biroq hisob 1-1 ko‘rinishida yakun topdi.

Yagona g‘alaba 20-yanvar kuni “Nyukasl” ustidan qozonildi. “Ko‘klar” “qarg‘alar”ni yirik 3-0 hisobida taslim etdi. Qishki transfer oynasining so‘nggi kunini “Chelsi” o‘rtamiyona “Bornmut”dan uchralgan mag‘lubiyat bilan yakunladi. Londonliklar o‘z safini Ross Barkli, Olive Jiru va Emersonlar bilan kuchaytirib oldi. Klubni esa Mishi Batshuayi ijara asosida tark etdi.

“Tottenxem”dan uchralgan mag‘lubiyat
Kontening omadsiz ishtiroki ko‘pchilikning hayolida klubni tark etishi muqarrar bo‘lib ulgurdi. So‘nggi umidlarni esa 1-aprel kuni “Tottenxem”dan qabul qilib olingan mag‘lubiyat sabab bo‘ldi.

Bu mag‘lubiyat “ko‘klar”ning kuchli to‘rtlikdan chiqib ketishiga sababchi bo‘ldi. Kamiga “taqachilar” rekordni yangilashdi. 28 yildan beri “Tottenxem” “Stemford Bridj”da g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda. So‘nggi marta ular 1990-yilda 2-1 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritishgan ekan.

Futbolchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi
“Chelsi” va Konte mavsumni yuqori notada – Angliya Kubogi finalida “Manchester Yunayted”ni 1-0 bilan mag‘lub etib yakunladi.

Biroq g‘alaba nashidasi Villianning Instagram ijtimoiy tarmog‘iga qo‘ygan xabaridan keyin o‘z nihoyasiga yetdi.

G‘alaba onlarini bo‘lishish futbolchilar uchun odatiy hol hisoblanadi. Villian esa xabarda “Chelsi”ning butun tarkibi jamlangan fotoni ulashgan edi. Unda Villian Konteni uchta sovrin emodjisi bilan berkitib qo‘ygan edi. Bu ham qisman uning klubdan ketishiga sha’ma edi.

Yuqorida tilga olinganlar albatta “aysberg”ning bir uchi, xolos. Futbol jamoatchiligiga ma’lum bo‘lgan sabablar ham bisyorki, yakunda Konte klubni uncha yaxshi bo‘lmagan vaziyatda tark etdi.
Erkinjon G‘aybullayev tayyorladi.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kontening “Chelsi”dan ketishiga sabab bo‘lgan 5 ta xatosi