15:23 / 01.08.2018
2 681

Endi terma jamoalarimizda yangicha ish tizimi bo‘ladi

Endi terma jamoalarimizda yangicha ish tizimi bo‘ladi
Endilikda turli yoshdagi terma jamoalarimizga yangi murabbiylar tayinlangan holda ishlash tizimi butunlay o‘zgartirilmoqda. Xabaringiz bor, bungacha Usmon Toshev va Azamat Abduraimov O‘zbekiston U-16 va U-15 terma jamoalariga bosh murabbiy etib tayinlanishgan holda o‘z ishlarini boshlab yuborishgandi. Kuni kecha O‘FA matbuot xizmatining tarqatgan xabariga qaraganda, O‘zbekiston U-17 terma jamoasiga ham mas’ul tayinlandi. Uzoq yillardan davomida bolalar futbolida faoliyat ko‘rsatib kelgan Otabek G‘ulomxo‘jayev ushbu terma jamoani boshqaradigan bo‘ldi.

Aytish kerakki, futbolimiz rahbariyatiga 35 yoshli mutaxassisning rivojlanish dasturi yoqib qolgan va shu asosida unga U-17 terma jamoasini ishonib topshirishdi. Ayni paytda G‘ulomxo‘jayev jiddiy ravishda ishga kirishgan. U esa rahbariyatga aynan qanday dastur havola qilganini, bundan keyin qay yo‘sinda ish olib borilishi va yana boshqa masalalar xususida SPORTS.uz muxbiriga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Uch yillik dastur haqida

- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga o‘zimning uch yillik dasturimni taqdim etgandim, - deya gap boshladi Otabek G‘ulomxo‘jayev. - Osiyo chempionati saralashi, Osiyo chempionati, jahon chempionati va olimpiada musobaqasigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan rejalarimni tuzib chiqqandim. Bilasiz, bungacha bizning tizimda shunday ediki, yoshlarimiz Osiyo va jahon chempionatlariga chiqib natija ko‘rsatishardi-yu, ammo keyin o‘sha futbolchilar yo‘qolib qolishardi. Men esa yangi dastur ishlab chiqqanimda uning barcha ikir-chikirlarini rahbariyatga tushuntirdim.

Ya’ni, o‘smirlar yoki yoshlar terma jamoalarimizdan oddiy musobaqalar uchun ham natija talab qilinardi. Agar hozir ham oldingidek natija talab qilinaversa, u holda men murabbiy sifatida sizlarni aldagan bo‘laman deya vaziyatni atroflicha tushuntirdim. Bizga turnirlar tashkil etib beriladi, ammo o‘sha o‘yinlarda yutqazsak ham xatolarimiz ko‘zga ko‘ringach, biz ana shu kamchiliklarimiz ustida ishlaymiz. Ya’ni, eng asosiy musobaqagacha o‘yinchilarni tayyor holatga olib chiqmoqchimiz. Osiyo chempionatidan so‘ng jahon birinchiligiga chiqishganida ham yigitlarimiz to‘xtab qolmasliklari kerak.

Demoqchimanki, ularni tarbiyalayotgan chog‘imizda milliy terma jamoaga munosib nomzodlarni yetkazib berish jarayonida zina uzilib qolmasligi lozim. Ya’ni, o‘sha zinani yo‘qotib qo‘ymaslik uchun ham men rahbariyatga o‘z dasturimni topshirdim. Menimcha, ular ikki-uch marotaba rejamni ko‘rib chiqishdi.

Futbolchilarga endi bosimsiz, erkinlik yaratiladi

- Xabaringiz bo‘lsa, men 10-15 yildan beri bolalar futboli ichida ishlab kelyapman. Turli yoshdagi futbolchilar bilan mehnat qildim. Hozirgi paytda yurtimizda yosh kadrlarga e’tibor ortib boryapti. O‘ylashimcha, O‘FA vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ham shu tamoyilga e’tibor qilgan holda darhol menga ishonishini aytib, bizga yosh kadrlar kerak deya aytib o‘tdi. Qo‘shimchasiga dasturim ularga ma’qul keldi va hozircha hech qanaqa natija ustivor vazifaga aylanmasligini ham ma’qullashdi. Men o‘z vaqtida o‘smirlar terma jamoasida ishlagan Temur Olimxo‘jayevga yordamchilik ham qilganman.

Yosh kadrlarni sinchkovlik bilan saralashda albatta hududlarga alohida e’tibor qaratish zarur. Masalan, kuni kecha vodiyga bordim. Chindan ham u yerda 2000 va 2001 yillarda tug‘ilganlar orasida iqtidorlilari juda ham ko‘p. Lekin ularni bir vaqtning o‘zida yig‘inga chaqiramiz desak, 70 ta bolani nazorat qilish qiyin. Yig‘inga ko‘pi bilan 23 yoki 25 nafar futbolchi jalb etiladi. Shuning uchun biz ularni saralab olishda hududlarga ajratib chiqqanmiz. Toshkent va Toshkent viloyati, vodiy, voha singari yosh iqtidorlarni joylarga borib o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib saralab chiqyapmiz. Agarda mana shunday kuzatuv ostida ishlaydigan bo‘lsak, yilning oxiriga borib ikkita bir xil tarkibga ega bo‘lishimiz ham mumkin.

Hattoki, uchinchi zaxira tarkibi ham tashkil topadi. Bungacha futbolchilar saralab olinganida ko‘pchiligi joyni band qilib turishardi. Masalan, zaxirada o‘tiradiganlar o‘yinni kuchaytirib bera oladigan darajada bo‘lmasdi. Endi esa yoshlarni chinakamiga o‘z iste’dodiga qarab aniqlab borilyapti. Bu borada yaxshigina tozalash ishlari olib borilyapti. Endi biz yangicha yondashuv asosida ishga kirishdik. Futbolchilarni tanlab, ularni saralab olayotgan paytimizdayoq ulardan natija talab qilinmasligini tushuntirib boryapmiz. Aks holda biz boshidanoq natijani so‘rasak, bu futbolchilarga katta bosimni yuklab qo‘yadi.

Buning oqibatida biz kerakli bolani tarbiyalab bera olmaymiz. Aksincha, qo‘l ostimizdagi yigitlar ortiqcha bosimsiz o‘ynashsa, o‘zlari vaqti kelib kerakli natijaga olib boradi. Shunday yo‘l tutsak, futbolchilarimiz hamma to‘siqlardan erkinlik bilan o‘ta oladilar. Rahbariyat menga ishonch bildirgani uchun minnatdorman va endi ularning ishonchini oqlashga harakat qilaman. Eng muhimi, mening o‘zimda ortiqcha bosim yo‘q.

G‘ulomxo‘jayevdan umid katta

- To‘g‘risi, O‘zbekiston U-17 terma jamoasida ishlashim haqida bilmagandim. Buni hamma qatori internet saytlari orqali o‘qib bildim. Albatta, rahbariyat bilan gaplashganimdan keyin ular menga ishonch bildirishlari haqida aytishganida, qandaydir ko‘nglim sezib turgandi. Vatanimiz terma jamoasida ishlash va ishonchni oqlash biz uchun juda katta sharaf. Terma jamoada bosh murabbiy sifatida ish boshlaganimdan so‘ng albatta murabbiylar shtabiga o‘zim istagan mutaxassislarni jalb qilaman. Birinchi navbatda biz o‘zaro hamfikr bo‘lishimiz kerak.

Mening tuzadigan jamoam shunday bo‘lishi kerakki, har bir mutaxassis o‘z ishining ustasi va albatta yosh, shijoatli bo‘lishi lozim. Men ish boshlaganimdan so‘ng yuqorida aytganimdek, darhol seleksiyaga qo‘l urdim. Vodiydan so‘ng Toshkentdagi bolalarni ko‘raman va keyin voha tomon yo‘lga chiqaman. Aslida mening ro‘yxatimda 150 nafar o‘yinchi bor va ularni bilaman. Shunga qaramay, yana bir bor barchasini va yana qo‘shimcha yangi nomzodlarni o‘rganib chiqyapman. Garchi rahbariyat tomonidan biz uchun bosim bo‘lmagani bilan baribir xalq qarab turibdi. Ularning bizdan umidi katta. Chunki terma jamoalarimizga butun xalqimiz muxlislik qiladi. Hech qachon futbolni va muxlislarni aldab bo‘lmaydi.
Shuhratbek Jo‘rayev suhbatlashdi.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Endi terma jamoalarimizda yangicha ish tizimi bo‘ladi