07:00 / 06.08.2018
4 003

Serquyosh O‘zbekistonga xush kelibsiz, Kuper!

Serquyosh O‘zbekistonga xush kelibsiz, Kuper!
Nihoyat, O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqaradigan yangi bosh murabbiy nomi ham ma’lum bo‘ldi. Ektor Kuper! Bu nom futbol muxlislari uchun yaxshi tanish, har xolda quloqlarimizga ko‘p bor chalingan, shunday emasmi? Bungacha milliy terma jamoani kim boshqarishi, qaysi xorijlik mutaxassis kelishi haqida ko‘p bor bahs-munozaralar ham bo‘lgani rost. Lekin oxirgi paytlarda nomzodlar orasida Kuper ham paydo bo‘lganini OAV ilg‘ab olgandi va so‘nggi paytlarda u haqida yozayotgandik. Bu xabarlar esa yakunda o‘z tasdig‘ini topdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ham oxirgi paytlarda bosh murabbiy nomi tez orada e’lon qilinishi haqida aytayotgandi. Yangi tayinlanuv borasida Ahmadjonov fikr bildirar ekan, yangi murabbiy nomini sabr bilan kuta olgan xalqimizga minnatdorchilik bildirib o‘tdi. Chindan ham xalqimiz milliy terma jamoani qaysi mutaxassisga ishonib topshirishimiz borasida uzoq kutdilar. Aslida bu holat qishdayoq hal bo‘lishi kutilgandi, ammo ma’lum sabablarga ko‘ra murabbiy tayinlash masalasi cho‘zilib ketaverdi. Lekin bir tomondan qaraganda, xorijlik murabbiy bilan til topishish ham oson emas, qolaversa, ularning narxi ham “osmon”.

Shuningdek, biznikilar murabbiy tanlashda nomzodlarni ko‘paytirishdi va eng muhimi, jahon chempionatida ishlagan murabbiy olib kelinishi haqida Ahmadjonov ko‘p bor ta’kidlagandi. Uning ushbu so‘zlari ham yangi murabbiy topishda albatta so‘nggi mundial qatnashchisi bo‘lishi shartligini belgilab qo‘ygandi. Shu bois bosh murabbiy roli kimga topshirilishi borasida bizda ham taxminlar yo‘q emasdi. Karlos Keyrush, Bert van Marveyk, Zlatko Dalich singari mutaxassislarning nomlari tilga olinayotgandi. Lekin masalaning nozik tomoni shunda ediki, muzokaralarda ikki tarafning fikrlari bir joydan chiqishi lozim bo‘lardi.

Masalan, Dalich Xorvatiya bilan jahon chempionati finaliga chiqqanidan keyin o‘zini dunyodagi ikkinchi raqamli murabbiy deb hisoblab qayerga borsa ham yillik maoshi besh million yevro bo‘lishi kerakligini ochiq oydin aytdi. Bunday narxga murabbiy olib kelish ancha muncha terma jamoalar uchun og‘irlik qilishi shubhasiz. Keyrushning narxi ham anchagina salmoqli edi. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda ularning narxi ancha qimmatlik qilgan. Bizningcha, Ektor Kuper varianti yuqoridagilar bilan muzokaralar “o‘xshamagani”dan keyin paydo bo‘lgan. Nima bo‘lganda ham Umid Mahammadjonovich gapining ustidan chiqib aynan Rossiyadagi jahon chempionatida ishlagan, taniqli bo‘lgan murabbiy olib kelindi. Ektor Kuper ham o‘ziga yarasha obro‘ga ega bo‘lgan, jahon futbolida hurmatga sazovor bo‘lgan mutaxassislardan biri ekanligiga zarracha shubha yo‘q.

Ayniqsa, uning Misrni 28 yil deganda mundialga olib chiqa olgani katta natijaga aylandi. To‘g‘ri, mundialda Kuper boshchiligidagi misrliklar guruhdagi barcha o‘yinlarda yutqazishdi, ammo bunisi endi boshqa masala. Asosiysi, Kuper va biznikilarning fikri bir joydan chiqdi. Tabiiyki, uning narxi ham vakillarimizni qoniqtirdi. To‘g‘ri, Kuper ham aslida arzon murabbiy emas. Masalan, uning Misrdagi yillik maoshi jahon chempionati paytida 1,5 mln yevro ekanligi keltirib o‘tilgan. Bu ham aslida katta raqamlar. Umuman olganda, Kuperning endi O‘zbekistondagi maoshi qancha ekanligi sizlarni qiziqtirishi tabiiy. Lekin bu summa oshkor etiladimi-yo‘qmi, hozircha bir narsa deyish qiyin. Odatda bizda bunday ma’lumotlar sir saqlanadi.

Kuperning O‘zbekistonda ish boshlashini dunyo matbuoti ham alohida e’tirof etayotgani e’tiborga molik. Ko‘pchilik Misr terma jamoasi 28 yil deganda Kuper tufayli mundialga chiqqanini eslatib, endi bu ishni O‘zbekistonda amalga oshirish uchun kelganini yozishmoqda. Aslida ham shunday. Bizning asosiy maqsadimiz 2022 yili Qatarda bo‘ladigan mundialda ishtirok etish. Bu maqsadimiz argentinalik murabbiy bilan muzokaralar jarayonida ham qulog‘iga yaxshilab quyilgan bo‘lsa ajab emas. O‘z navbatida Ektor Kuper ham biz o‘zbeklarning asl maqsadimiz va orzumizni yaxshi anglab turganiga ishonchimiz komil.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, jahon saviyasidagi murabbiyning milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi etib tayinlanganiga xorij matbuoti ham e’tibor qaratmoqda. Qolaversa, terma jamoamizni hali top-saviyadagi murabbiy boshqarmagandi. Aynan shunisi bilan ham argentinalikning O‘zbekistonda ish boshlashi e’tiborli bo‘lib ko‘rinmoqda. Uning oldida turgan dastlabki vazifa esa 2019 yili BAAda bo‘lib o‘tadigan Osiyo Kubogida muvaffaqiyatli qatnashishdan iborat bo‘ladi. U avvalo jamoamizni ushbu musobaqa uchun tayyorlaydi. Darvoqe, Kuper o‘z vaqtida Ispaniyaning “Valensiya”si va yana boshqa klublarni boshqargan paytda uning jamoalariga ko‘rsatgan o‘yinlariga qarab “romantik futbol” deb ta’rif berishgandi. Buning ustiga Misr terma jamoasida ham mutaxassis ancha samarali ishladi.

Har xolda u Misr futboli tarixidan joy oldi. Endi navbat O‘zbekistonga! Kuperning o‘zi ham yangi muvaffaqiyatlarga tashna ekanligiga ishonamiz. Qolaversa, bizning istak va maqsadlarimiz ham ushbu mutaxassisni qiziqtirib qo‘ygan. Yo‘qsa, bu loyihaga rozi bo‘larmidi? Shuningdek, xorijlik futbol sohasida ishlaydigan tanishlarimiz ham mazkur murabbiy haqida iliq fikrlarni bildirishayotgani ham bor gap. Kuper yangi iqtidorlarni kashf qilishni yoqtiradi. Ularni izlab topishdan sira erinmaydi. Ektor O‘zbekistondan taklif olganidan keyin bizning mamlakat va futbolimiz haqida yetarli ma’lumotlarga to‘plagan bo‘lishi ham tabiiy.

Demoqchimizki, Misrdagi ancha mashaqqatli va shu bilan birga samarali ish faoliyatidan keyin endi O‘zbekistonda ham yana “qaynoq” mehnat rejimiga kirib ketadi. U esa bu tarzda ishlashni yoqtiradi. Hozircha bu murabbiyga ortiqcha ta’rif bermay turamiz. Qachonki, terma jamoamiz bilan muvaffaqiyatlarga erishganidan keyingina unga aniq baho berish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Hozircha esa undan umid qilib turamiz. Albatta, Kuper sehrgar emas. Biroq uni bu yerga taklif qilishdan maqsad terma jamoamiz bilan muvaffaqiyatga erishish va jahon chempionatiga olib chiqish.

Bu esa ko‘p ham mo‘’jiza ko‘rsatish talab qilmaydi. Har xolda bungacha o‘zimizning mutaxassislar boshqaruvida ham bir oyog‘imiz bilan jahon chempionatiga yaqin kelayotgandik. Ektor esa o‘z tajribasi va bilimi bilan O‘zbekistonni mundialga olib chiqishga qodir deb hisoblaymiz. Umid qilamizki, ushbu murabbiyning yurtimizga qadam bosishi qutlug‘ keladi. Endi murabbiy masalasi yopildi va bor e’tiborimizni Kuperga qaratamiz. Shunday ekan, serquyosh O‘zbekistonga xush kelibsan, Ektor!
Shuhratbek Jo‘rayev.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Serquyosh O‘zbekistonga xush kelibsiz, Kuper!