14:54 / 09.08.2018
2 521

Ravshan Haydarov: "Osiyo o‘yinlarida hujum va himoyadagi balansni saqlashga harakat qilamiz" (video)

Равшан Ҳайдаров: "Осиё ўйинларида ҳужум ва ҳимоядаги балансни сақлашга ҳаракат қиламиз" (видео)
Bugun Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga jo‘nab ketadi. Ushbu safar oldidan terma jamoa bosh murabbiyi ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Matbuot anjumanida Ravshan Haydarov bilan birga Jaloliddin Masharipov hamda Odil Hamrobekovlar ham ishtirok etishdi.

- Reglamentga ko‘ra Osiyo o‘yinlariga 20 nafar futbolchi olib borish mumkin. Siz e’lon qilgan tarkibda ikki nafargina darvozabon bor. Ikkisidan biri qizil kartochka olsa, ikkinchisi esa jarohatlansa, bu holatda qanday yo‘l tutasiz?
- Tashkilotchilar tomonidan belgilangan reglamentga bo‘ysunishga majburmiz. Aksariyat jamoalar ikkitadan darvozabon bilan musobaqaga yo‘l olishmoqda. Avvalambor, fors-major holatlar bo‘lmasligiga umid qilamiz, shu bilan birga bunday holat ham ko‘zda tutilgan. Qanday yo‘l tutishimiz esa hozircha sir.

- Aziz G‘aniyevning jarohati rejangizga ta’sir qildimi?
- G‘aniyev terma jamoamizda o‘z o‘rniga ega. Uning jarohati biz uchun yo‘qotish albatta. Lekin jamoamiz bitta futbolchiga bog‘lanib qolmagan va uning o‘rnini bosadigan futbolchilarga egamiz. Aziz G‘aniyevga butun jamoamiz nomidan sog‘liq tilaymiz. U Yaponiyada operatsiya qilinadi, keyin yurtimizga qaytib tiklanish jarayonini davom ettiradi.

- Ma’lumki, Osiyo o‘yinlarida yoshi 23 dan katta bo‘lgan uch nafar futbolchini tarkibga qo‘shish mumkin. Sizda Masharipov, Turg‘unboyev va Aliboyevdan boshqa variantlar ham bormidi?
- Albatta variantlar mavjud edi. Milliy terma jamoadan ham futbolchi olish masalasini o‘ylab ko‘rdik. Ammo keyinchalik yoshlar terma jamoasiga yoshi tarkibdagilardan 7-8 yosh katta futbolchilarni qo‘shish noto‘g‘ri, degan qarorga keldik. Yosh futbolchilar yoshi kattalarga ishonib, bor mas’uliyatni ularga yuklab qo‘yishi mumkin. Shularni inobatga olib, tarkibga Masharipov, Aliboyev va Turg‘unboyevlarni olishga qaror qildik.

- Jamoa sardori kim bo‘lishi xaqida ma’lumot bera olasizmi?
- Biz murabbiylar kengashi bilan maslahatlashib, bu masalani hal qilamiz. Bizda uch nafar sardor bor edi - Zabihillo O‘rinboyev, Odiljon Hamrobekov, Doston Tursunov. Endi Jaloliddin Masharipov ham bu tarkibga qo‘shildi. Bu borada jamoa mas’ullari bilan maslahatlashib bir qarorga kelamiz.

- Hujumdagi Sidorov, O‘rinboyev va Abduholiqovdan iborat uchlikni boshqa hujumchi yo‘qligi uchun majburan tarkibga jalb qildingizmi?
- Biz yig‘inlar davomida boshqa hujumchilarni ham sinab ko‘rdik. Ammo hozirda tarkibga chaqirilgan hujumchilarning tajribasi katta. Ular xalqaro o‘yinlarda ko‘p ishtirok etishgan. Ular o‘z o‘yinlarini ko‘rsata olishlariga ishonamiz.

- Xitoydagi Osiyo chempionatida bo‘lgani kabi hujumkor o‘yin ko‘rsatishga va’da bera olasizmi?
- Faqat hujumda yoki faqat qarshi hujumda o‘ynaymiz, deb ayta olmayman, qarorni har bir o‘yindan oldin jamoamizning holati va raqibga qarab tanlaymiz. Hujum va himoyadagi balansni saqlashga harakat qilamiz.

- Savol Odil Hamrobekovga. Qishgi Osiyo chempionati, OChL o‘yinlari, Superliga va nihoyat Osiyo o‘yinlarida tanaffussiz to‘p surish sizlarga salbiy ta’sir qilmayaptimi?
- Har bir professional o‘yinchi tanaffussiz o‘ynashga tayyor bo‘lishi shart. Chunki bu bizning kasbimiz. Tanaffussiz klubda va terma jamoada to‘p surayotgan bo‘lsak-da, yetarli darajada tiklanishga ulgurmoqdamiz. Shu sabab Osiyo o‘yinlariga jismonan va ruhan tayyor holatda yo‘l olyapmiz.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Haydarov: "Osiyo o‘yinlarida hujum va himoyadagi balansni saqlashga harakat qilamiz" (video)